09.10.2012 22:48 Jamiyat

OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI VA YOSHLAR MA’NAVIYATI

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan “Turkiston” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari tahririyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbati ana shu mavzuga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda deputatlar, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jurnalistika fakultetlarining o‘qituvchi hamda talabalari ishtirok etdi.

Yoshlar – jamiyatimiz kelajagi bo‘lib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, axborot taraqqiyotining istiqboli ularning mustaqil hayotga qanday boy bilim, ko‘nikma va qobiliyat, ma’naviy yetuklik bilan kirib kelishiga bog‘liq. Shu bois yosh avlod tarbiyasida ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Ular o‘sib kelayotgan avlod ongini shakllantirish, ularni milliy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy prinsiplar ruhida tarbiyalash jarayoniga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, hozirgi axborot makonining globallashuv sharoitida hattoki kichkinagina axborot ham yigit-qizlarimizning ma’naviy axloqiy tarbiyasiga hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkin. Aynan mana shuning uchun ham mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni milliy an’analarimiz va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yigit-qizlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularni mafkuraviy va axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan himoya qilishda faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda mamlakatimizda bu borada to‘plangan tajribaga alohida e’tibor qaratildi, erishilgan yutuqlar va jurnalistlar oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sh.G‘ulomov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar hozirgi globallashuv sharoitida turli tahdidlarning oldini olish, yoshlar ongi va tafakkurini "ommaviy madaniyat"ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidladilar.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng ko‘lamda rivojlanayotgani munosabati bilan ushbu jarayonga mamlakatimiz veb-saytlari ham faol jalb etilmoqda. Ular yoshlarimizga o‘z bilimi va dunyoqarashini kengaytirish, “ommaviy madaniyat” xavfi va oqimining salbiy ta’sirini muhokama qilishda keng ishtirok etish imkonini bermoqda.

Davra suhbati ishtirokchilarining ta’kidlashicha, yoshlarga oid mavzularni yoritayotgan jurnalistlarimiz o‘z zimmasiga yuklatilgan ulkan mas’uliyatni yanada chuqur his etishi, kasbiy bilim va malakasi, tajriba hamda mahoratini oshirish borasida tinimsiz ishlashi lozim.

Davra suhbati davomida yoshlarni turli axborot xurujlari va salbiy ta’sirlardan himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.


O‘zA, Sardor Tojiyev






Все о погоде - Pogoda.uz