O‘zA O`zbek

12.09.2018 20:28 Chop etish versiyasi

Oltinkoʻlda yoshlar festivali

Oltinkoʻlda yoshlar festivali Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanida “Mardona yashamoq, Vatanni asramoq – chin inson baxti” shiori ostida yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.

Viloyat va Oltinkoʻl tumani hokimliklari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festival doirasida qator tadbirlar oʻtkazildi.

– Tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholining huquqiy, tibbiy bilimini oshirish, ularning jamiyatimizda roʻy berayotgan jarayonlarga daxldorlik tuygʻusi va ijtimoiy faolligini oshirish, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Nodirbek Yusupov. – Qolaversa, yoshlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, turli illatlar taʼsiridan asrash, tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan.

Festival doirasida oʻtkazilgan “Salomatlik sayli”, “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi”, “Huquqiy axborot sayli”, osh tanlovi, harbiy texnika, jangovar qurollar namoyishi, milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda yoshlarning qoʻl mehnati buyumlari koʻrgazmalari, sportchilarning chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Sharqiy harbiy okrug, Milliy gvardiya askarlarining jangovar qurollardan foydalanish borasidagi namoyishini yoshlar katta qiziqish bilan kuzatdi.

Viloyat va tuman tibbiyot muassasalari shifokorlari tomonidan aholi, yoshlar vakillari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Koʻrik davomida 371 nafar fuqaroga ambulator va statsionar sharoitda davolanish uchun yoʻllanma berildi. Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga qaratilgan suhbat va muloqotlar oʻtkazildi.

Homiy tashkilotlar tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari, uy sharoitida taʼlim oluvchi oʻquvchilarga kompyuter, magnitli doska va maxsus partalar sovgʻa qilindi.

“Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish istagini bildirgan fuqarolarga biznes rejalar tuzish, kredit olish, soliq imtiyozlari xususida Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq tizimi mutaxassislari tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi, ishlab chiqaruvchilar, agrofirma va fermer xoʻjaliklari tomonidan baliqchilik uchun maxsus hovuz-idishlar, tikuv dastgohi va uskunalari, chorva hayvonlari taqdim etildi.

Shuningdek, davlat xizmatlari markazi, adliya, notarial, advokatlik idoralari mutaxassislari, FHDYO boʻlimi vakillari, fuqarolik, iqtisodiy hamda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar sudyalarining sayyor qabullari oʻtkazildi. 200 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy xizmatlar koʻrsatildi.

Tuman madaniyat boʻlimi qoshidagi badiiy jamoa sanʼatkorlari tomonidan noqonuniy nikohning salbiy oqibatlari, jinoyatchilikning oldini olish, aholini ogohlikka undovchi sahna koʻrinishlari, “Kichik bolaning katta dardi” nomli spektaklni tomoshabinlar katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Sanʼatkorlar, taniqli estrada xonandalari ijrosidagi Vatan, istiqlol, tinchlik, yoshlik va muhabbatni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar, raqslar ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat) OʻzA
1 333