Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.02.2018 11:11 Chop etish versiyasi

“OLTIN KITOB”– chekka bir qishloq maktabining fidoyi ustozlari tashabbusini qo‘llaydiganlar bormi?

“Oltin kitob“ statuetkasini joriy etish bo‘yicha Samarqand viloyatining Pastarg‘om tumani xalq ta’limi faollari tashabbus ko‘rsatishdi.

Hududlardagi izlanuvchan va ijodkor o‘qituvchilarga e’tibor qaratish, ustozlarning ishini tuman va viloyat miqyosida ommalashtirish, o‘z ish uslubini yaratgan uslubshunoslarni rag‘batlantirish hamda ilg‘or tashabbuslarini kengaytirish maqsadida “Oltin kitob“ statuetkasini joriy etishdi.

Pastarg‘omda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadidagi nominatsiyaga dastlab yakunlangan yilda tumandagi 5-son umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari munosib deb topilib “Ziyo-2017” “Oltin kitob” mukofoti bilan taqdirlandi.

— Izlanishlarimiz respublika miqyosida ommalashtirilishini xohlaymiz, – deydi tumandagi 62-maktab boshlang‘ich ta’limi o‘qituvchisi Zebiniso Musurmonova. – Ushbu mukofotga eng kitobxon murabbiy sazovor bo‘ladi. Kitobga oshno o‘qituvchi esa doimiy izlanadi. “Oltin kitob” statuetkasi ochiq kitob shaklida ishlangan bo‘lib, u mamlakatimiz umumta’lim maktablari murabbiylari orasida ommalashtirilsa yanada yaxshi bo‘lardi.

Darvoqe, “Oltin kitob” nomining o‘zi ham o‘quvchida qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Aslida ezgu maqsad yo‘lida qilingan har qanday hayrli tashabbus kim tomonidan yoki chekka bir hududdan chiqqan bo‘lsa ham uni respublika miqyosida ommalashtirish zaruriyati bor. Ayniqsa, ma’naviyatga e’tibor ortayotgan shu kunlarda kitob mutolaasiga ommaning qiziqishini oshirish borasida ehtiyoj yuqori. Bu borada mutasaddilar yana bir bor o‘ylab ko‘rishar.

Eslatib o‘tamiz kitob mutolaasi borasida yaqinda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi tashkilotlar rahbar-xodimlarining har oyda kamida bittadan badiiy asar o‘qishi lozimligi belgilab qo‘yilgani haqida ma’lumot bergan edik.


8 299