O‘zA O`zbek

08.09.2018 12:59 Chop etish versiyasi

Olmazorda keyingi 3 yilda 400 million dollarlik investitsiyalar jalb etiladi

Olmazorda keyingi 3 yilda 400 million dollarlik investitsiyalar jalb etiladi

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari U.Muhammadiyev, Olmazor tumani hokimi B.Rahmonov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishda poytaxt hududlari, shu jumladan, Olmazor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dolzarb masalalar barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari oldida turgan asosiy vazifalardan ekanligi aytildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbarining Olmazor tumaniga tashrifi chogʻida belgilab berilgan vazifalar, shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar 4 sektor kesimida koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi 3 yilda tumanda jami 400 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Bu borada tuman hokimiyatida tadbirkorlar bilan muzokaralar oʻtkazilib, joriy yilda jami 97 million dollar investitsiyalar jalb qilish boʻyicha tashabbuskorlar bilan investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tumandagi 55 mahallada mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, boʻsh turgan obyektlar, faoliyati toʻxtagan korxonalar, toʻliq foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlari xatlovdan oʻtkazildi. 447 ana shunday obyekt aniqlanib, ulardan samarali foydalanish choralari koʻrildi. Majlisda aholi muammolarini oʻrganish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining axboroti tinglandi. Tuman hokimining aytishicha, joriy yilning 3-iyunidan 10-avgustigacha toʻrt sektor rahbari oʻz hududida yillar davomida yechimini kutayotgan muammolarni aniqlab, bartaraf etish choralarini koʻrgan. Oʻrganishlar davomida tumanda 1 ming 256 fuqaroning muammolari aniqlandi. Ularning aksariyatini uy-joy masalasi tashkil qiladi.

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda sanoat sohasi muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Olmazor kichik sanoat zonasi faoliyatini yanada yaxshilash, tadbirkorlarga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, taʼmirlash, hududni tartibga keltirish va mavjud boʻsh turgan bino va ishlab chiqarish maydonlarini tadbirkorlarga biriktirish choralari koʻrilmoqda.

Xalq farovonligini oshirishning bosh omili sifatida tuman aholisining bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yilda 15 mingta yangi ish oʻrni yaratish boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. Yangi ish oʻrinlari asosan sanoat, xizmat koʻrsatish sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, koʻp qavatli turar joylar va yoʻl-muhandislik infratuzilmasini qurish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliqdir.

Tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Ibrohim ota mahallasida “Obod mahalla” dasturiga muvofiq 24 koʻp qavatli turar joyning fasadlari, tom qismi, kirish yoʻlaklari, muhandislik tarmoqlari va yertoʻlalari toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Shuningdek, mahalla hududida 11 ming kvadrat metrdan ortiq ichki yoʻllar taʼmirlandi.

Shuningdek, majlisda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar tartibli oʻtkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, mahallalarda namuna tariqasida ixcham toʻylarni oʻtkazish uchun mahalliy byudjet va mahalla jamgʻarmasi hisobidan 1 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, bugungi kunga qadar 15 mahallada ixcham toʻylar tashkil etilib, ommaviy axborot vositalarida yoritildi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining qoʻshma qarori qabul qilindi.

N.Nasriyev, OʻzA
1 355