O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Olmaliqlik bogʻcha tarbiyalanuvchilari viloyatda tengsiz

Olmaliqlik bogʻcha tarbiyalanuvchilari viloyatda tengsiz

Nurafshon shahrida “Birgalikda oʻsib, ulgʻayamiz” shiori ostida “Gimnastrada” festivalining Toshkent viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilib, yoshlarning puxta bilim olishi, yuksak maʼnaviyatli va jismonan sogʻlom boʻlib ulgʻayishi uchun barcha zarur sharoit yaratilmoqda.

Nurafshon shahar Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida boʻlib oʻtgan “Gimnastrada” festivalida tanlovning tuman va shahar bosqichida gʻolib boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasalari ishtirok etdi.

Jajji gimnastikachilarning chiqishlari gimnastika federatsiyasi viloyat boʻlimining murabbiylari tomonidan baholab borildi.

Olmaliq shahridagi 3-maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilari “Eng jozibali guruh”, deya eʼtirof etilib, festival gʻolibligini qoʻlga kiritdi.

Chirchiq shahridagi “Skazochnыy mir” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi “Eng maftunkor harakatlar”i bilan 2-oʻringa, Ohangaron shahridagi 16-maktabgacha taʼlim muassasasi esa “Eng ilhomlantiruvchi guruh”, deya eʼtirof etilib, 3-oʻringa sazovor boʻldi.

Gʻolib guruhlar viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

1 342
Avazbek XUDOYQULOV, OʻzA