O‘zA O`zbek

15.10.2019 Chop etish versiyasi

Olmaliqda yoʻl haqi asossiz oshirilgani rostmi?

Olmaliqda yoʻl haqi asossiz oshirilgani rostmi?

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida bugun – 15-oktyabrdan yoʻlovchi tashish transporti narxining oshirilishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab boʻldi.

Jumladan, viloyat hokimining yoʻlovchi tashish transportida yoʻl haqining oshirilishiga oid tegishli qarori talablari toʻla bajarilmagani, xususan qaror matni hokimlik veb-sayti va mahalliy nashrlarda eʼlon qilinmagani tanqid qilindi.

Mazkur holatga viloyat hokimligi tomonidan tezkor munosabat bildirildi. Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlumotida qaror matnining eʼlon qilinishi bilan bogʻliq holat texnik xatolik sabab yuzaga kelgani qayd etilgan.

Munosabatda qayd etilishicha, mazkur vaziyat zudlik bilan viloyat hokimining matbuot kotibi, viloyat hokimligi ijro apparati bosh mutaxassisi, mutaxassislari va mazkur qaror loyihasini tayyorlagan kotibiyat ishtirokida muhokama qilindi.

Maʼlum boʻldiki, qaror nusxasini oʻrnatilgan tartibda tarqatish roʻyxatiga viloyat hokimligi axborot xizmati texnik xato tufayli kiritilmay qolgan. Kelgusida bunday holat qaytarilmasligi yuzasidan tegishli masʼullar qatʼiy ogohlantirildi.

Taʼkidlaymizki, mazkur qaror loyihasi amaldagi qonunchilikka muvofiq, hukumat portaliga 30-avgust kuni muhokama uchun joylashtirilgan. Loyiha joylashtirilgan paytdan boshlab regulation.gov.uz saytida fuqarolar qarorning muhokamasi jarayonida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishi mumkin edi. Qaror bugun, ayni daqiqalarda viloyat hokimligining rasmiy veb saytiga joylashtirilmoqda.

Qarorning yangi tariflarni joriy etilishi va transport tashish bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ushbu narxda xizmat koʻrsatishiga doir qismi ijrosini taʼminlash viloyat transport boshqarmasi hamda shahar, tuman hokimliklari zimmasiga yuklatilgan. Shu bois, Olmaliq shahrida yoʻlovchilarga transport xizmati koʻrsatish narxining aynan 15-oktyabr kunidan boshlab oshirilgani shahar hokimiyatining ichki ishi, deb hisoblaymiz.

Mustaqil blogerlarga mazkur holatda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgani, voqelikka asosli munosabat bildirgani uchun minnatdorlik bildiramiz, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.

1 579
Avazbek XUDOYQULOV, OʻzA