O‘zA O`zbek

09.08.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Olmaliq rivojlanish musobaqasida ortda qolmayapti(mi?)

Olmaliq rivojlanish musobaqasida ortda qolmayapti(mi?)

Noodatiy musobaqada Bekobod shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xususida ma’lum qilgandik. Xo‘sh, Olmaliq tomonlarda nima gaplar? Shahar ushbu bellashuvda munosib ishtirok etyaptimi? 

photo5431439424211757353.jpg

Olmaliq mamlakatimizda rangli metall ishlab chiqarish bo‘yicha yirik sanoatlashgan shahar hisoblanadi. 130 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi shaharda so‘nggi bir yilda ulkan bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, shahar investitsiya dasturiga muvofiq, 2017-2019 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qiymati 253 milliard 457 million so‘mlik 89 loyihani amalga oshirish va 985 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan edi. Ayni paytga qadar dastur doirasidagi 53 loyiha hayotga tatbiq etilgan va 607 yangi ish o‘rni yaratilgan.

Prezident tashrifidan so‘ng shaharda umumiy qiymati qariyb 92 milliard so‘mlik 25 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Bugungi kunga qadar 31 milliard 143 million so‘mlik 10 loyiha amalga oshirilib, 205 yangi ish o‘rni yaratildi. “HE-CHUANG TECHNOLOGY“ korxonasi ana shulardan biri. Xitoylik sarmoyadorlarning 1 million dollarlik mablag‘i evaziga foydalanishga topshirilgan mazkur korxonada qizilmiya o‘simligi tomiridan konsentrat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

“Chevar“ mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘tgan yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan. 1 million dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida 180 kishining doimiy bandligi ta’minlandi. Ayni paytda bu yerda 15 turdagi bolalar kiyimi tayyorlanib, mahsulotning asosiy qismi Rossiyaga eksport qilinayotir.

Olmaliq shahrining Ibn Sino ko‘chasida ham Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi“ qad rostlamoqda. Bu yerda har biri 42 xonadonga mo‘ljallangan 7 qavatli 10 ta uy foydalanishga topshirilish arafasida. Yangi massivda aholi farovonligini yuksaltirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida gipermarket, maktabgacha ta’lim muassasasi, madaniyat va istirohat bog‘i ham barpo etilayotir.

Shaharning Bo‘ston mahallasi hududida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ayni paytda “Olmaliq kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi“ davlat unitar korxonasi tomonidan 6 loyihani amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida shahardagi sobiq yotoqxona binosi qayta ta’mirlanib, nogironligi bo‘lgan 53 oila, jumladan, shahardagi 15 shunday oila uy-joy bilan ta’minlandi.

Shaharda bog‘cha yoshidagi bolalar 8 ming 200 nafardan ziyod. So‘nggi bir yilda hududda 125 o‘rinli 3 xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada bolalarni bog‘chaga qamrab olish darajasi 80 foizga yetdi.

Aholini toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni asfaltlash va ta’mirlash borasida ham qator ishlar bajarilgan. Jumladan, 5,6 kilometr uzunlikdagi suv quvuri mukammal, 33 kilometrlik qismi esa joriy ta’mirdan chiqarilgan. 2 yangi transformator o‘rnatilib, 18 tasi mukammal ta’mirlangan. 43 eski yog‘och ustunlar yangi temir-betonlisiga almashtirilgan. Aholiga tabiiy gaz yetkazib berishni yaxshilash maqsadida 3 ming 700 metr o‘rta bosimli gaz quvuri rekonstruksiya qilingan. 1 gaz taqsimlagich yangidan o‘rnatilib, 4 tasi mukammal ta’mirlangan. 45 ming 500 metr masofadagi ichki yo‘llar mukammal va joriy ta’mirdan chiqarilgan. Shaharning markaziy ko‘chasiga qariyb 600 dona energiya tejovchi zamonaviy yoritish moslamalari o‘rnatilgan.

Tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish maqsadida shahar bolalar shifoxonasi rekonstruksiya qilinib, binoning “A“ blokidan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika filiali, tez tibbiy yordam va qon quyish bo‘limi, “V“ blokidan 90 o‘rinli bolalar shifoxonasi o‘rin olgan.

Shaharga kiraverishdagi Hamza nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida 2 ming 400 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. 10 ko‘p qavatli uy oralig‘ida joylashgan qariyb 1 gektar maydon bundan bir yil avval tashlandiq holda edi. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng ushbu hudud obodonlashtirilib, bolalar uchun turli attraksionlar o‘rnatildi. Zamonaviy mini-futbol stadioni barpo etildi. Tadbirkor Abduvahob Qoraboyev tomonidan salqin ichimliklar va muzqaymoq do‘koni qurildi. Endilikda bu joy nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylangan.

Shahar hokimligidan ma’lum qilishlaricha, shaharda 20 zamonaviy mini-futbol stadioni qurilib, bolalar ixtiyoriga topshirilgan. E’tiborli jihati, ulardan foydalanish mutlaqo bepul.

Prezidentimiz shaharga tashriflari davomida Hamza nomidagi mahalla bilan shundoqqina yonma-yon joylashgan “Oydin dehqon bozori“ mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘lib, sotuvchi va xaridorlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish, zamonaviy infratuzilma barpo etish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi. Ayni paytda bu yerda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Barcha qulayliklarga ega ushbu zamonaviy bozor shu oy oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda.

A. Xudoyqulov, O‘zA
4 013