O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Olma-Ota hukumati; shahar markazidagi miting noqonuniy uyushtirilgan

Olma-Ota hukumati; shahar markazidagi miting noqonuniy uyushtirilgan

Bugun ertalabdan Olma-Ota markazida boshlangan norozilik namoyishlari bu haqda xabardor etilmaganligi sababli, noqonuniy hisoblanadi, deya maʼlum qilingan shahar maʼmuriyatidan.

Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton va yana bir yirik Olma-Ota shaharlarida norozilik aksiyalari davom etmoqda. Qozogʻistonda ekstremistik sifatida tan olingan “Qozogʻistonning demokratik tanlovi” (QDT) harakati yetakchisi, ayni payt Fransiyada istiqomat qilayotgan Muxtor Ablyazov ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz tarafdorlarini koʻchalarga chiqishga undab murojaat qilgan. Shuningdek, Demokratik partiya tuzish boʻyicha tashabbuskor guruh rahbari Janbolat Mamay ham oʻz tarafdorlarini mamlakatning bir necha shaharlarida tinch namoyish oʻtkazishga chaqirgan. Ablyazov va Mamay Olma-Otada namoyish oʻtkazish uchun bir joyni - Abay Qoʻnonboyevga yodgorlik oʻrnatilgan maydonni tanlashgan.

“Olma-Ota Ijtimoiy rivojlanish boshqarmasi masʼullari hozirgacha akimat (meriya)ga tinch namoyish yoki yigʻin oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan murojaat qilinmagan. Shu sababli, faqat ijtimoiy tarmoqlar orqali daʼvat etilayotgan miting qonuniy hisoblanmaydi”, - deyilgan tarqatilgan xabarda.

Maʼmuriyatdan aytishlaricha, shanba kuni kuchga kirgan tinch yigʻinlarni tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonun bunday tadbirlarni oʻtkazish uchun kamida 5 kun oldin shahar akimat (meriya)i xabardor qilinishi shartligini taqozo etadi. “Qonunchilikka muvofiq, xabardor qilish toʻgʻrisida Olma-Ota akimat (meriya)iga murojaat etilmagan. Qonun talablariga koʻra, tinch namoyishlarni oʻtkazishga faqat maxsus joylardagina ruxsat beriladi. Shu munosabat bilan eslatib oʻtamiz, bunday mitinglarni uyushtirish va ularda qatnashish uchun qonunchilikka muvofiq, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik koʻzda tutilgan”, - deyiladi maʼmuriyat bayonotida.

Juma kuni Olma-Ota shahri Bosh sanitar shifokori Jandarbek Bekshin koronavirus tufayli ommaviy tadbirlar va mitinglarga daʼvat etishga yoʻl qoʻyilmasligi kerakligini bildirgandi. Uning taʼkidlashicha, “davom etayotgan epidemiya sharoitida shaharda kishilar hayoti va salomatligini xavf ostida qoldirish oʻta masʼuliyatsizlik”dir. Bekshin “agarda bunday yigʻinlar kasallik tarqalishiga olib keladigan boʻlsa, miting tashkilotchilariga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan jazo choralari qoʻllanishi mumkin”ligi haqida ogohlantirdi.

Xuddi shunday ogohlantiruvchi chiqish bilan kecha Nur-Sulton shahri Bosh sanitar shifokori Janna Praliyeva ham poytaxt aholisiga murojaat qildi. U “pandemiya, karantin davrida turli miting va yigʻinlar oʻtkazish juda xavfli ekani, chunki bunday holatlarda zararlanish ehtimoli oʻn baravar ortib ketishi”ni qayd etgan. Praliyevaning fikricha, “mitingga chiqqanlarni deb butun shahar virus yuqtirishi mumkin, chunki namoyish ishtirokchilari shaharning turli tumanlarida yashaydilar va ular infeksiyani barcha hududlar boʻylab tarqatib yuborishlari hech gap emas”.

Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, Qozogʻistonda koronavirus infeksiyasiga uchragani aniqlangan fuqarolar soni 12,5 mingdan oshib ketdi. Hozirgacha 6,9 mingdan ziyod bemor tuzalgan boʻlsa, 52 kishi hayotdan koʻz yumgan.

1 807
OʻzA