Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 14:56 Chop etish versiyasi

Oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Unda malakali mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida keng tushuncha berildi. Xorijiy davlatlarning yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari va boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Seminarda yoshlar yetakchilari guruhlarga bo‘lingan holda talaba-yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini aniqlash bo‘yicha takliflar bildirdi. Respublika yetakchilar kengashi tarkibiga saylovlar o‘tkazilib, kengash raisi va uning a’zolari saylandi. Ularga tashkilotning maqsad va vazifalari, yetakchilar zimmasidagi mas’uliyat atroflicha tushuntirildi. Toshkent moliya institutidagi yoshlar yetakchisi Kamol Mahmudov Respublika yetakchilar kengashi raisligiga saylanib, unga yangi o‘quv yilidagi faoliyati oldidan ishonch yorlig‘i topshirildi.

– Biz, yoshlar puxta bilim olishimiz, yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol ishtirok etishimiz lozim, – deydi Respublika yetakchilar kengashi raisi K.Mahmudov. – O‘zimga yuklatilgan mas’uliyatli vazifani bajarishda bor kuch-g‘ayratim, bilim va imkoniyatimni ishga solaman.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasidagi qo‘shma qaror asosida Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalarida 82 boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining 370 fakultet, 82 mehnat jamoasi va 75 talabalar turar joyida 20 ming 501 nafar yoshlar yetakchisi saylanib, ular 280 mingdan ortiq talabalarni birlashtirdi.

Seminarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda uchrayotgan muammolar bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi. Tadbir doirasida yoshlar o‘rtasida turli sport musobaqalari, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi, kinofilmlar namoyish etildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 192






Все о погоде - Pogoda.uz