O‘zA O`zbek

28.08.2018 20:54 Chop etish versiyasi

Oliy taʻlim – jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi

Oliy taʻlim – jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi Milliy matbuot markazida Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda vazirlikning mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, oliy taʻlim tizimiga joriy etilgan yangiliklar va sohaga oid bir qator huquqiy-meʻyoriy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida batafsil maʻlumot berdi.

2018/2019 oʻquv yilida 60 ta oliy taʻlim muassasasi va ularning 19 ta filiallariga qabul boʻyicha test sinovlari oʻtkazildi. Respublika oliy taʻlim muassasalarida 620 mingdan ziyod abituriyent ilk marotaba 13 kun davomida zamonaviy axborot texnologiyalari asosida test sinovlarini topshirdi.

Test sinovlari natijalariga koʻra, respublika boʻyicha oʻrtacha oʻtish koʻrsatkichi davlat granti asosida 123,0 ballni, toʻlov-kontrakt asosida 101,9 ballni tashkil etdi. Cogʻliqni saqlash, pedagogika, qishloq xoʻjaligi va veterinariya taʻlim yoʻnalishlari boʻyicha hududlar kesimida tasdiqlangan maqsadli qabul kvotalari doirasida 2 ming 214 nafar abituriyent oʻqishga tavsiya etildi. Navoiy viloyatining olis Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlaridan 74 nafar abituriyent qoʻshimcha grant asosida oʻqishga tavsiya qilindi.

Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirining birinchi oʻrinbosari Odil Abdurahmonovning taʻkidlashicha, 2018/2019 oʻquv yilida oliy taʻlim muassasalarida oʻquv jarayoni yangidan takomillashtirilgan meʻyoriy hujjatlar asosida tashkil etiladi. Jumladan, yangi oʻquv yilidan boshlab talabalar oʻzlashtirishini baholash tizimi takomillashtirilgan koʻrinishda joriy etiladi. Bunda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullarini, shu jumladan, pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga alohida eʻtibor qaratiladi. “Ustoz – shogird” tizimini joriy etish maqsadida oʻquv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-oʻqituvchilar “vaqt meʻyorlari”ning yangi mexanizmlari tasdiqlanadi.

Oliy taʻlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish yangicha tartibda amalga oshiriladi. Oliy taʻlim muassasalari bitiruvchilari topshiradigan yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari optimallashtiriladi va asosiy eʻtibor bitiruv malakaviy ishlari yoki mutaxassislik fanlaridan davlat imtihoniga qaratiladi.

2018/2019 oʻquv yilidan joriy etiladigan oʻquv rejalari kadrlar buyurtmachi tashkilotlari va idoralari bilan hamkorlikda tayyorlanadi. Bunda, fanlar soni optimallashtirilib, amaliyot darslari koʻpaytiriladi.

Hozirda vazirlik tomonidan xorijiy oliy taʻlim muassasalari bilan hamkorlikda 8 ta filial, 22 ta qoʻshma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qoʻshma dasturlarni amalga oshirish orqali kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Oliy taʻlim muassasalari oʻz faoliyati darajasida taʻlimni eksport qilish siyosatini amalga oshirish uchun “Xorijiy talabalarni jalb qilish va oliy taʻlim muassasasi imidjini shakllantirish boʻyicha” chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab xorijiy fuqarolarni oliy taʻlim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi joriy etildi. Natijada, joriy oʻquv yilida 1 ming 924 nafar xorijiy fuqarolar oʻqishga qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi taʻlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi majlisining 5-son bayoni bilan test sinovlarida kirish uchun yetarli ball toʻplay olmagan, biroq eng maksimal ballning 30 foizini (56,7 ball) toʻplagan abituriyentlarga oliy taʻlim olish imkonini berish maqsadida 276 ta yoʻnalishda jami 11 xil miqdorda oshirilgan toʻlov-kontrakt miqdori tasdiqlandi.

2018 yil 5 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʻlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy taʻlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining va ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari tegishli ravishda tabaqalashtirilgan holda oʻrtacha 25 foizga oshirildi.

Yangi oʻquv yilidan oʻqish muddati uch yil boʻlgan “Maktabgacha taʻlim” hamda pedagogika sohasi boʻyicha “maxsus sirtqi boʻlim”, shuningdek, tegishli sohalar boʻyicha oʻqish muddati besh yil boʻlgan “sirtqi boʻlim” bakalavriat taʻlim yoʻnalishlari tashkil etildi.

Oliy taʻlim tizimida yangi taʻlim ixtisoslik yoʻnalishlari va mutaxassisliklarning, shuningdek, iqtisodiyot sohalari va hududlarni kompleks rivojlantirishning joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va bakalavriat, magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy koʻrsatkichlarini 2021 yilgacha bosqichma-bosqich 18 foizgacha oshirish koʻzda tutilmoqda.

Nurillo Nasriyev, Oqil Gʻulomov (surat) OʻzA
3 024