O‘zA O`zbek

19.09.2018 Chop etish versiyasi

Oliy sud raisi Qoʻshrabotda sayyor qabul oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov 19-sentyabr kuni Qoʻshrabot tumani aholisi bilan muloqot va sayyor qabul oʻtkazdi.

K.Komilov Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlatimiz rahbarining sohaga oid farmon va qarorlari mazmun-mohiyati xususida tushuncha berdi.

Sud organlari faoliyatining takomillashtirilgani, sudyalarni tayinlashda keng jamoatchilik fikri inobatga olinayotgani, sudlanuvchilarga jazo qoʻllashda xalq bilan bamaslahat ish tutilayotgani, davlat va jamoat tashkilotlari kafilligi asosida ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanayotgani sohadagi islohotlarning asosini tashkil etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 13-iyulda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni esa sud organlarining faoliyatidan xalqimizni xabardor etish, aholi bilan yaqinligini taʼminlashga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 17-18 sentyabr kunlari Samarqand viloyati tuman va shaharlarida Oliy sud raisi oʻrinbosarlari va sudyalarining sayyor qabullari tashkil etildi. Ushbu qabul va aholi bilan muloqotlar chogʻida joylarda yechimini kutayotgan koʻplab masalalar ijobiy hal etildi. Aholiga zarur huquqiy yordam va maslahatlar berildi.

Bu chora-tadbirlarsud hokimiyatining mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Sayyor qabul davomida Oliy sud raisi va sudyalar qoʻshrabotliklarning 60 ga yaqin murojaatini eshitdi.

1 275
Gʻ.Hasanov, OʻzA