Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 16:11 Chop etish versiyasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida: dolzarb vazifalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati hamda fraksiya oldida turgan dolzarb vazifalarni ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur farmon 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Xususan, unda davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 asosiy yo‘nalishi belgilab berilgani soha taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ma’muriy islohotlarning tizimli amalga oshirilishi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligi ortadi. Mamlakatimizda ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyilni hayotga to‘liq tatbiq etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Deputatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan parlament va deputat nazorati olib borilishi bo‘yicha fraksiyaning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi. Jumladan, xususiy tibbiyot muassasalarida tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy texnologik usullarini keng qo‘llash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda uzoq muddatli lizing xizmatlari, kredit ajratish va moliyaviy yordam ko‘rsatishga oid ishlarning talab darajasida emasligi, mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish borasida samarali parlament va deputatlik nazorati olib borishni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

***

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va uning asosida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi”dan kelib chiqadigan partiya va uning fraksiyasi a’zolari oldida turgan muhim vazifalar muhokama etildi.

Ijro etuvchi hokimiyat faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasidagi amaliyotni yangi bosqichga olib chiqish, ushbu jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish aholining axborot olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

– Mazkur farmonda belgilangan vazifalar mohiyatiga ko‘ra davlat va jamiyat qurilishidagi yangi sahifani ochib berdi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Nazir Sobirov. – Konsepsiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlar mahalliy sanoat ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish, mamlakatimiz hududlari, shahar va qishloqlarni o‘zaro uyg‘un rivojlantirish, idoralararo va idora majmualarining axborot tizimlarini birlashtiruvchi milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini takomillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash kabi ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.

Deputatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan parlament va deputatlar nazoratini olib borish bo‘yicha fraksiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ham fikr almashdi. Bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar tahlil etildi.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zMTDP fraksiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 959






Все о погоде - Pogoda.uz