Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 20:17 Chop etish versiyasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi qonun loyihalari muhokamasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologik harakatning yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Yig‘ilishlarda ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

"Jamoatchilik nazorati kim tomonidan amalga oshiriladi?" degan savolga qonun loyihasida to‘rt subyekt sanab o‘tilgan. Bular O‘zbekiston fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalaridir. Shuningdek, jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va qonun hujjatlarida belgilangan hollarda jamoatchilik nazoratini o‘tkazishning boshqa tashkiliy shakllari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Partiya fraksiyalari a’zolarining ta’kidlashicha, ushbu qonunning kuchga kirishi mamlakatimiz fuqarolarining davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Jamoatchilik nazorati fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, qonun hujjatlari talablariga davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari og‘ishmay rioya etishini, ular oldida turgan vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Ushbu qonunda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 211-moddasi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilayotgani ta’kidlandi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi birinchidan, xususiy mulk kafolatlarini ta’minlash hamda uni himoya qilishni kuchaytirish, ikkinchidan, jinoyat ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning jinoyat sodir etishda foydalanilgan mol-mulkini musodara qilishning oldini olish, uchinchidan, fuqarolarning mulk huquqini to‘laqonli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yig‘ilishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-fevraldagi “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Unga muvofiq 2017-yil 1-iyuldan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali, ya’ni dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura, dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi joriy qilingan.

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy etilishi hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutining tugatilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritish zarurati paydo bo‘ldi. Shunga ko‘ra taklif etilayotgan qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga o‘zgartishlar kiritishi nazarda tutilgan.

Fraksiyalar yig‘ilishlarida «O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston Respublikasining qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda ma’qullandi. Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan fraksiyalar va Ekologik harakat a’zolarining tegishli pozitsiyasi shakllantirilib, qarorlar qabul qilindi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 946






Все о погоде - Pogoda.uz