Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 13:02 Chop etish versiyasi

Olis qishloqlarda istiqlol shukuhi

Surxondaryo viloyatida mustaqilligimizning 26 yillik bayrami oldidan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar olis tog‘li qishloqlarda ham yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 27-iyundagi "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda taniqli shoir-yozuvchilar, olimlar, san’atkor va sportchilardan iborat targ‘ibot guruhlari mustaqillik yillarida xalqimiz erishayotgan ulkan yutuq va marralarni atroflicha tahlil qilib, buning zamirida, avvalo, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik mujassam ekanini hayotiy misollar orqali sodda tilda tushuntirib bermoqda.

Boysun tumanidagi Machay qishlog‘ida tashkil etilgan shunday tadbirda istiqlol yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz obodligi, xalqimizning tinch-farovon turmushini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida barpo etilgan Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘li viloyatning yerosti va yerusti boyliklarini o‘zlashtirish, zamonaviy sanoatni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, hudud aholisining bandligini ta’minlash va shu orqali turmush darajasini yanada yuksaltirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Temir yo‘l o‘tishi munosabati bilan yangi zamonaviy uy-joylar, infratuzilma inshootlari barpo etildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati hudud taraqqiyotini, aholi farovonligini ta’minlaydigan yetakchi kuchga aylandi. Sobiq tuzum davrida barmoq bilan sanarli ishlab chiqarish korxonasi bo‘lgan viloyatda bugun 1000 dan ortiq zamonaviy sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 60 ga yaqini xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan korxonalardir. Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilayotgan paxta va ipak tolasidan tayyorlanayotgan raqobatbardosh ip-kalava, qurilish materiallari, oziq-ovqat va boshqa tayyor mahsulotlar, xizmatlar xorijga eksport qilinmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62,9, xizmatlar ulushi 61,6 foizni tashkil etdi. Fan, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy sohalar izchil rivojlanmoqda. Milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, ulug‘ ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolar obodonlashtirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Viloyatning olis qishloqlarida ham odamlar, ayniqsa, yoshlar mustaqillikning buyuk qudratini o‘z hayoti misolida ko‘rib-bilib, chuqur anglagan holda, eng ulug‘, eng aziz bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda, – deydi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyori Bozorbek Xolmo‘minov. – Osmono‘par tog‘lar bag‘rida joylashgan olis qishloqlarda bo‘lganimizda yoshu keksa chorak asrda xushmanzara bu go‘shada yuz bergan yangilanishlar haqida g‘urur-iftixor bilan so‘zlab berdi. Tadbirkorlik, fermerlik harakatining samaralari, yo‘l va ko‘priklar qurilgani, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat va sport inshootlari, turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qad rostlagani tog‘liklarning ham turmush tarzini, dunyoqarashini o‘zgartirib yuborgani to‘g‘risida o‘zi va farzandlari hayoti misolida faxr bilan hikoya qilishlari bizni ham to‘lqinlantirib yubordi. Olis tog‘ qo‘ynida hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda kamol topayotgan yigit-qizlarning orzu-intilishlari, el-yurt ravnaqi yo‘lidagi maqsad-muddaolari tog‘ cho‘qqilaridek buyuk ekani, rosti, bizni ham hayratga soldi. Yoshlari mana shunday g‘ayrat-shijoatli yurtning kelajagi ham albatta buyuk bo‘ladi.

Bunday tadbirlar viloyatning qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh Termiz tumanidagi Gulbahor, Sherobod tumanidagi Zarabog‘, Uzun tumanidagi Xonjiza kabi tog‘li qishloqlarida ham bo‘lib o‘tdi. Taniqli san’atkorlar va yoshlar ishtirokidagi konsert dasturlari tadbirlarning bayramona kayfiyatda o‘tishiga xizmat qildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 941






Все о погоде - Pogoda.uz