O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:27 Chop etish versiyasi

Olis qishloqlarda bayram shukuhi

Olis qishloqlarda bayram shukuhi Surxondaryo viloyatida ham Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramiga bag‘ishlangan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Ayni kunlarda poytaxtdan kelgan tarixchi olimlar, shoir-yozuvchilar, el suygan san’atkorlardan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari viloyatning chekka va tog‘li hududlari, qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh mahallalarida bo‘lib, “Aziz va yagonamsan jonajon, O‘zbekistonim!” shiori ostida uchrashuvlar tashkil etmoqda.

Viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlarda mustaqillikning mazmun-mohiyati va ahamiyati, istiqlol yillarida xalqimiz erishayotgan ulkan yutuq va marralar, ongu tafakkurimizda, hayotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarish va yangilanishlar haqida aniq misollar bilan atroflicha so‘z yuritilmoqda.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi qo‘shni davlat bilan chegaradosh Kamar mahallasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi I.Absalomov, Fanlar akademiyasi tarix instituti katta ilmiy xodimi, fan doktori B.Ubaydullayeva, shoira D.Ismoilova, O‘zbekiston xalq artisti A.Begmatova va boshqalar milliy istiqlolimiz va uning hayotimizda tutgan o‘rni, “Obod qishloq”, “Obod mahalla“, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz!” dasturlarining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

5.jpg

Qo‘shni davlat bilan chegaradosh Kamar mahallasi ham mustaqillik yillarida tobora chiroy ochib, obod va ko‘rkam go‘shaga aylanmoqda. Tadbirkorlik, fermerlik harakati yetakchi kuchga aylanayotir. Yangi uy-joylar, ijtimoiy soha inshootlari barpo etilmoqda. Ayni paytda hududda olti fermer, 12 tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 27 yillik to‘yi arafasida yangi maktab foydalanishga topshiriladi.

– Xalqimizning milliy mustaqillikka erishish tarixi va uning bugungi hayotimizdagi o‘rni, erishilayotgan yutuqlar, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy e’tiborning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati, ulkan bunyodkorlik ishlari va boshqa mavzulardagi ma’ruzalar barchada katta taassurot qoldirdi, – deydi “Kamar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi X.Qulmatov. – Bunday tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega.

Tog‘li Boysun tumanining Omonxona, Mehriobod qishloqlari, Sho‘rchi tumanidagi Yosh g‘ayrat, To‘la, Oltinsoy tumanidagi Mustaqillikning 10 yilligi mahallalarida tashkil etilgan tadbirlarda ham istiqlolning ulug‘ ne’mat bo‘lib, uni mustahkamlash va el-yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilish har bir fuqaroning farzandlik burchi ekani ta’kidlandi.

Targ‘ibot guruhi a’zolari qo‘shni davlat bilan chegaradosh Uzun va Sariosiyo tumanlarida ham shunday tadbirlar o‘tkazishdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA
2 442