O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

Olis qishloq aholisi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi

Olis qishloq aholisi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Tibbiyot boʻlimi tajribali xodimlaridan iborat bir guruh shifokorlar Qoraoʻzak tumani Yesimoʻzak qishloq fuqarolar yigʻini aholisini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining uchinchi sektor rahbari, Ichki ishlar vaziri, polkovnik Aytbay Temirxonov tomonidan joriy yil 5-sentyabr kuni oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabulda shu yerda yashovchi aholi tomonidan qishloqdagi tibbiyot muassasida kerakli mutaxassislar va asbob-anjomlar yetishmasligi, natijada tibbiy xizmat koʻrsatishda muammolar borligi qayd etilgan edi.

Tadbir davomida tibbiyot boʻlimining tajribali jarroh, terapevt, lor, teri tanosil, asab, koʻz, kardiolog, stomatolog, ruhiy kasalliklar boʻyicha yetakchi mutaxasislari tomonidan jami 113 nafar, jumladan 84 nafar katta yoshdagi fuqaro, 27 nafar yosh oʻsmir hamda 2 nafar uy sharoitida davolayotgan bemor tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi. Shuningdek, bemorlarga ultratovush (UZI) va EKG apparatlarida aniq tashxislar qoʻyilib, kerakli dori vositalari bepul tarqatildi.

–Bugun tajribali tibbiyot xodimlari mening sogʻligimni EKG apparatida tekshirib, aniq tashxis qoʻyishdi va zarur dori-darmonlarni bepul berishdi, – deydi ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Ayniyaz Niyazbayev. –Bunday koʻchma tibbiy koʻrikni tashkil etgan sektor rahbariga va tibbiyot xodimlariga ovul fuqarolar yigʻini aholisi nomidan oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ichki ishlar vazirligining Tibbiyot boʻlimi shifokorlari tumandagi “Qoybaq” qishloq fuqarolar yigʻini aholisini ham tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.

2 107
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA