O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

Olis ovulda internet aloqasi yaxshilandi

Olis ovulda internet aloqasi yaxshilandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi D.Utambetov va Nukus tuman Kengashi deputati A.Qartjanovlarning yordami bilan “Kerder” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Qizil uy” ovuliga “Uzmobile” antenna qurilmasi oʻrnatilib berildi.

Hudud aholisi anchadan buyon telefon va internet aloqasi pastligidan qiynalib kelayotgan edi. Ushbu muammoni ijobiy hal etish yuzasidan saylovchilar mazkur hududdan saylangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Duysenboy Utambetov va tuman Kengashi deputati Aynazar Qartjanovlarga murojaat etdi.

Xalq vakillari karantin qoidalariga amal qilgan holda vaziyatni joyida oʻrganib, saylovchilar bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Maʼlum boʻlishicha, hudud aholisi bu borada uch yildan buyon tegishli tashkilotlarga murojaat qilib kelgan edi. Ammo, haligacha ijobiy natija boʻlmadi.

Muammoni har tomonlama oʻrganib chiqqan deputatlar tegishli tashkilotlarga soʻrovnoma yubordi. Natijada ushbu hududga “Uzmobile” antenna qurilmasi oʻrnatilib, olis ovul aholisi yuqori sifatli mobil telefon va internet tarmogʻidan foydalanish imkoniga ega boʻldi.

1 771
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA