Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.11.2017 20:17 Chop etish versiyasi

Olis ovul va qishloqlar qishga tayyormi?

Olis ovul va qishloqlar qishga tayyormi? Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, aholiga sifatli kommunal xizmati ko‘rsatish, eng muhimi mavsumni betalafot o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, qishning izg‘irini-yu, yozning jaziramasiga bardosh berib yashayotgan olis hududlar, cho‘l va ovullar aholisi, chorvador cho‘ponlarga munosib sharoitlar yaratish yanada dolzarb ahamiyatga ega.

8.JPG

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu boradagi ishlar yanada takomillashdi. Xalqni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish aholining davlatdan rozi bo‘lib, kelajakka ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat respublika ishchi guruhi tomonidan Navoiy viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir, issiqlik, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan ta’minlash, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.

11.JPG

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga shu kunga qadar viloyat aholisidan mazkur yo‘nalishda 500 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ulardan 164 tasi to‘liq qanoatlantirilgan. Respublika ishchi guruhining qisqa muddatdagi samarali faoliyati natijasida 20 murojaat joyida o‘rganilib, muammolar hal qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda amalga oshirilgan ishlar, mavjud ahvol, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari sektorlar kesimida tahlil qilindi.

16.JPG

Viloyatda 950 mingdan ziyod aholi yashaydi. Qariyb 140 ming xonadon tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan, 64 mingdan ortiq xonadon suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. 140 mingdan ortiq xonadonga ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan.

Viloyatda aholi ehtiyoji uchun 93 mingga yaqin gaz ballonidan foydalanilayotir. Yana zaxirada 28 ming 685 ballon saqlanmoqda. Shuningdek, respublika ishchi guruhining sa’y-harakati bilan 20-noyabrda Xorazm viloyatidan qo‘shimcha 5 ming 263 gaz balloni keltirildi.

21.JPG

Xatirchi, Nurota, Konimex, Tomdi, Uchquduq, Qiziltepa tumanlari, Zarafshon shahridagi 17 ming 345 xonadonga 2 oylik zaxirasi bilan gaz balloni yetkazildi. Qisqa muddatli o‘rganishlar natijasida birgina Nurota tumanida 187 oila ilk bor zangori olov taftidan bahramand bo‘ldi.

Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari viloyatdagi 32 ta’lim muassasasi ko‘mir va briket bilan to‘liq ta’minlanmaganini ko‘rsatdi. Ikki kunlik faoliyat natijasida bu muammolarga barham berildi. Xususan, Nurota tumanidagi 5-umumta’lim maktabiga 10, 19-umumta’lim maktabiga 7,3 tonna briket, 2 maktabgacha ta’lim muassasasiga 17,3 tonna ko‘mir keltirilishi nazoratga olindi.

Ishchi guruh Nurota tumanining Dehibaland, G‘azg‘on, Temirqovuq, Sentob, Qizilcha, Payga, Qo‘shquduq qishloqlarida aholi turmush tarzi, ularning tashvishi, yashash sharoitini o‘rgandi. Turli ijtimoiy soha obyektlaridagi mavsumga tayyorgarlik holati tahlil etildi.

Dehibaland qishlog‘idagi 7-umumta’lim maktabida 255 o‘quvchi ta’lim oladi. Mavsum davomida maktabga 68 tonna briket yoqilg‘isi ajratish rejalashtirilgan. Ayni paytga qadar 10 tonna shunday yoqilg‘i keltirilgan. Muassasada 9 qozonxona mavjud bo‘lib, isitish suv quvurlari sinovdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi.

– Tumanimizda 55 umumta’lim maktabi, 13 maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Nurota tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri U.Oltinov. – Kuz-qish mavsumida 2 ming 833 tonna ko‘mir va briket yoqilg‘isini barcha ta’lim muassasalariga tarqatish rejalashtirilgan. Qish mavsumi boshlanishi arafasida 50 foiz yoqilg‘i keltirilgan bo‘lib, hali keltirilmagan 1 ming 109 tonna briket yoqilg‘isini belgilangan ta’lim maskanlariga to‘liq yetkazib berishni qat’iy nazoratga oldik.

Joriy yilda viloyatda 24 ming 600 tonna ko‘mirga ehtiyoj mavjud. Hozirga qadar 18 ming 300 tonna ko‘mir yetkazib berilgan. Ikki kunlik o‘rganishlarda Angrendan 2 ming 109 tonna ko‘mir olib kelindi. Yana 4 ming 500 tonna shunday yoqilg‘i keltirilishi belgilangan.

Tumandagi “Nurota qorako‘l naslchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni Norimxol Nurboyeva 10 yildan beri chorva ortidan yaylov kezadi. 568 bosh qo‘y-echki parvarishlayotgan opa chorvani ko‘klamga omon chiqarish uchun mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. 200 tonna dag‘al xashak, 6 tonna yem jamg‘ardi. Biroq chorvadorning boshpanasida holat qanday? Yashash sharoiti to‘kismi?

– Biyday cho‘lda gaz yoqib, choy qaynatish, ovqat pishirishni kim tasavvur qilibdi, deysiz, – deydi N.Nurboyeva. – Sovuq, yana yog‘ingarchilik bo‘lishiga qaramay o‘choq yoqib, tutunga o‘rganib qolganmiz, aslida. Bu biz uchun yangilik, yengillik, eng asosiysi, e’tibor bo‘ldi. Buning uchun Prezidentimizga ming rahmat. Respublika ishchi guruhi biz kabi oddiy cho‘ponning holidan xabar olib, turmush sharoitimizni yaxshilab berayotganidan minnatdorman. Chorva ortidan yurib kam bo‘lmadim. 5 qizimni turmushga uzatdim, yolg‘iz o‘g‘lim institutda o‘qimoqda. Mendan baxtli ona yo‘q. Bugun oilam farovon, dasturxonim to‘kin.

Navoiy shahridan 530 kilometr uzoqlikda, qo‘shni davlat bilan chegaradosh hududda joylashgan Uchquduq tumanidagi “Ko‘kayaz” ovul fuqarolar yig‘inida yashayotgan chorvadorlarning ham holidan xabar olish respublika ishchi guruhining asosiy e’tiborida bo‘ldi. Ovuldagi ta’lim muassasalarining qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, zarur o‘quv anjomlari bilan ta’minlanganlik holati o‘rganildi. Shuningdek, tumanning Bozdun ovulidagi oilalarga zaxira gaz ballonlari, ko‘mir hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi. Ovuldagi ta’lim muassasalari joriy ta’mirdan chiqarilib, qishki mavsumda isitish tizimi to‘liq yangilandi.

Tumanning Juzquduq ovulidagi maktab, bog‘cha va qishloq vrachlik punktida mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Ovulda mobil aloqani yaxshilash uchun antenna o‘rnatildi. Bir vaqtlar Juzquduqqa kelgan odam dunyodan butkul uzilib qolgan bo‘lsa, endi bu yerda turib internetga ulanish imkoniyati yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 apreldagi Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlarida yashayotgan turli millatga mansub 80 mingdan ortiq aholi turmush darajasi yanada yuksalmoqda. Bir vaqtlar Qizilqum sahrosida bo‘shab qolgan ovullarda bugun yana hayot qaynamoqda.

Prezidentimizning alohida e’tibori bilan bugun viloyatning turli hududlaridan olis cho‘lga doimiy ishlash va yashash uchun kelayotgan mutaxassislar uy-joy bilan ta’minlanmoqda, ijtimoiy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotir. Masalan, Uchquduq tumani Ko‘kpatas qo‘rg‘onidagi qishloq vrachlik punktida ko‘p yillardan beri birorta oliy ma’lumotli shifokor yo‘q edi. Qiziltepalik Shohsanam Rahimovaning yetti oy avval oilasi bilan mazkur cho‘l hududiga ko‘chib kelishi bu muammoni bartaraf qildi. Uning turmush o‘rtog‘i yana bir olis hudud – Juzquduq ovulidagi maktabda direktor bo‘lib ishlamoqda.

Navoiy viloyatining olis cho‘l hududlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida mazkur hududlarda kamida uch yil yashagan yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda katta imtiyozlar berilgan. Bu yil Uchquduq, Tomdi, Konimex tumanlaridan 68 dan yuqori ball to‘plagan 131 yigit-qiz mazkur imtiyozdan foydalanib, Navoiy, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Respublika ishchi guruhi ularning ota-onalari holidan ham xabar oldi.

Viloyat markazidan 240 kilometr olisdagi Konimex tumanining Uchtepa ovuli aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ayni paytga qadar hudud aholisi suyultirilgan gazning o‘z vaqtida yetib kelmasligidan qiynalar edi. Ayrim xonadonlarda umuman gaz balloni bo‘lmagan. Respublika ishchi guruhi sa’y-harakati bilan bu muammo ham bartaraf etildi. Aholiga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bepul gaz plitalari va ballonlar, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Tomdi tumanida mahalliy hokimlik va homiy tashkilotlar tomonidan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 oila bandligini ta’minlash maqsadida har bir oilaga 10 boshdan qo‘y tarqatildi. Tomdi, Nurota va Uchquduq tumanlarida mingdan ziyod cho‘pon va ularning oila a’zolari uchun bayram tadbirlari tashkil etildi. Cho‘ponlarga gaz plitalari, gaz ballonlari, qishki kiyimlar va sovg‘alar berildi.

Joriy yilda viloyatda 117,1 kilometr yo‘l ta’mirlandi, shundan 64 kilometri asfalt qilindi, 32 kilometr avtomobil yo‘llaridagi suv o‘tkazish quvurlari tozalandi, qish mavsumi uchun ortig‘i bilan qum va 645 tonna tuz zaxirasi tayyorlandi. Respublika ishchi guruhining faoliyati davomida 12 noqonuniy chiqindixona aniqlandi. Ularni bartaraf etishga 15 maxsus texnika va 67 nafar xodim jalb etildi, pirovardida 17 tonna chiqindi tashib ketildi.

Viloyatda ko‘p qavatli 1 ming 500 ga yaqin uy-joyga Navoiy kon-metallurgiya kombinatining kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari 26 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatmoqda. Bu uylarning aksariyati markazlashgan ichimlik suvi, issiq suv va issiqlik energiyasi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlangan. Joriy yilda mazkur ko‘p qavatli uylarning 272 tasi joriy va mukammal ta’mirlandi. Respublika ishchi guruhi tomonidan mazkur uylarning qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Navoiy shahrida qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishga bag‘ishlangan maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va yuz berishi mumkin bo‘lgan texnogen va tabiiy ofatlarning tezkorlik bilan oldini olishga xizmat qiladi.

Ikki kun davomida 824 fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, kam ta’minlangan fuqarolarga davolanish uchun maxsus order va nogironlik aravachalari topshirildi.

Muxtasar aytganda, respublika ishchi guruhi Navoiy viloyatida qish mavsumiga tayyorgarlik holatini qisqa muddatda sektorlar tizimida eng olis va chekka hududlarga borib o‘rgangani hududdagi mavjud vaziyatni yana bir bor chuqur tahlil etish imkonini berdi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
1 395






Все о погоде - Pogoda.uz