O‘zA O`zbek

08.09.2018 16:54 Chop etish versiyasi

Olimlar maqom sanʼati va uning jahon tamaddunida tutgan oʻrni haqida

Olimlar maqom sanʼati va uning jahon tamaddunida tutgan oʻrni haqida Shahrisabz shahrida maqom sanʼatiga bagʻishlangan ilk xalqaro anjuman davom etmoqda. Ushbu anjuman oʻzining koʻlami, qamrab olingan mavzulari, ishtirokchilarning koʻpligi bilan ham ahamiyatlidir. Unda 73 davlatdan sanʼatkorlar qatnashayotir.

Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʼati qadimiy tarixi, teran falsafasi, betakror badiiy uslub va boy ijodiy anʼanalari bilan maʼnaviy hayotimizda muhim oʻrin egallaydi. Asrlar davomida shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofizu sozandalarning mashaqqatli mehnati va ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob sanʼat nafaqat Sharq mamlakatlarida, balki butun dunyo miqyosida katta shuhrat qozongan.

Sharq xalqlarining betakror sanʼati boʻlgan maqomlarni oʻrganish, azaliy anʼanalarni tiklash, zamon ruhi bilan sugʻorilgan ijrolarni shakllantirish va jahonda keng targʻib etish, xalqlar oʻrtasida ijodiy hamkorlik va madaniy muloqotni mustahkamlash xalqaro maqom sanʼati anjumanining asosiy maqsadidir.

Anjuman doirasida oʻtkazilayotgan “Maqom sanʼati va uning jahon tamaddunida tutgan oʻrni” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiyada maqomot sanʼati boʻyicha tadqiqot olib borayotgan dunyoning taniqli olimlari oʻzlarining ilmiy maʼruzalari bilan qatnashmoqda.

Uzoq oʻtmishdan to hozirgi kungacha Sharqda madaniyat, taʼlim-tarbiya, sanʼat, adabiyot sohalarining yuksalishida ilmiy va ijrochilik (ustoz – shogird) maktablarining roli katta boʻlgan. Musiqa sohasida ham turli xalqlarga xos anʼanalar shakllanishi va rivojlanishi turli sanʼat namunalarida namoyon boʻladi. Hozirgi globallashuv jarayonida maqom sanʼatining yuksalishi undagi qadimiy anʼanalarni zamon bilan uygʻun davom ettirishga bogʻliq.

– Temuriylar davrida maqom, musiqa ilmi boʻyicha yirik risolalar bitilgan, – deydi Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi bosh direktori Soyibjon Begmatov. – Zaynillobiddin Husayniyning “Qonuniy ilmiy-amaliy musiqiy” kitobi, Najmiddin Kavkabiy, Abdurahmon Jomiy, Abdulqodir Maroviyning musiqiy risolalari shular jumlasidan. Ilmiy-amaliy konferensiyada ana shu asarlarning maqomot dunyosidagi ahamiyati, qaysi tillarga tarjima etilgani, maqom rivoji uchun ular qay darajada xizmat qilishi kabi masalalar ham muhokama etilmoqda. Maqom musiqiy janrlarning gultoji hisoblanadi. Shuning uchun uni oʻrganish ham, ijro etish ham maxsus bilim talab etadi. Bilimi yoʻq odam uni ijro eta olmaydi. Ilmiy anjumanda olimlar maqomni oʻrganish, oʻzlashtirish va uni rivojlantirish xususidagi oʻz fikrlarini bayon etmoqda. Oʻylaymanki, ilmiy konferensiyada maqom rivoji boʻyicha oldimizga qoʻyadigan vazifalar belgilab olinadi.

Muhokamalarda Oʻzbekiston, AQSH, Fransiya, Italiya, Germaniya, Vengriya, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Hindiston, Pokiston, Tojikiston, Misr, Iroq, Tunis, Afgʻoniston, Bangladesh kabi 19 davlatdan yetakchi musiqashunos olimlar oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etmoqda.

– Maqom ozarbayjon sanʼatining eng sara namunasi hisoblanadi, – deydi ozarboyjonlik olima Lala Xuseynova. – Toʻylar, konsertlar, festival va konkurslar, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar, ozarbayjon bastakorlarining turli asarlari va operalaridagi ishtiroki – bularning barchasi maqom ijrochiligining yangi shaklini vujudga keltirgan va ularning har biri alohida yondashuvni talab qiladi. Maqom ijrochiligining keyingi paytlarda keng tarqalgan va maqomchilar uni kompozitsiya, deb ataydigan “Shur kompozitsiyasi”, “Chahargoh kompozitsiyasi” kabi shakllari mavjud. Zamonaviy maqom dastgohlarining koʻplab tasniflari Alibobo Mamedov, Orif Boboyev kabi mashhur xonandalar muallifligida yaratilgan. Afsuski, sobiq tuzum davrida tasniflarni yaratgan maqomchilar oʻz ism-familiyalarini yashirishga majbur boʻlgan. Oqibatda koʻplab tasnif va qoʻshiqlar oʻz mualliflarini yoʻqotgan, ular xalq musiqasi yoki xalq qoʻshigʻi, degan nomda bizgacha yetib kelgan. Maqom ijrochiligining oʻz qoidalari mavjud. Ammo ular hozirgi maqom ijrochilari talabiga toʻliq javob berolmaydi. Chunki bugungi maqom ijrochiligi oʻz kompozitsiyalari bilan anʼanaviy maqom ijrochiligi chegarasidan chiqib ketgan. Hozir xalqaro festival va tanlovlarda turli maqom maktablari vakillarining fikrlari oʻrganilayapti. Anʼanaviy maqom maʼqulmi yoki zamonaviy uslubmi, degan savolga oldimizda koʻndalang turibdi. Shu kabi savollarga javob maʼruzamning asosiy mohiyatini tashkil etadi.

Ilmiy anjuman doirasida Otanazar Matyoquvning “Buxoro shashmaqomi”, “Xorazm dutor maqomlari va olti yarim maqomi”, Ravshan Yunusovning “Oʻzbek maqomlari” kitoblari taqdimoti va yurtimiz maqom sanʼati ustalarining “ustoz-shogird” anʼanalari asosidagi mahorat darslari ham oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Oʻlmas Barotov, OʻzA
1 525