O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Olim – millat tarbiyachisi

Olim – millat tarbiyachisi

Adabiyotshunos olim, fan arbobi Saydulla Mirzayevni Samarqandda hozir ham adabiyot muallimlari eslab turishadi. Darvoqe, domlaning eng oxirgi shogirdlari ham bu yil pensiya yoshiga yetdi. Demak, ilmdan tashqari ham nimadir bergandirki, hanuz yodga olishadi. U kishining mehnat daftarchasida bitta manzil – SamDU bor: 1946-yilda oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga kirdi, aspirant, doktorant, dekan oʻrinbosari, dekan boʻldi, kafedraga mudirlik qildi, umrining oxirigacha shu yerda faoliyat koʻrsatdi.

“Ota mulla Ziyodulla amir qochib ketgach, doʻsti mulla Eshmurod bilan Buxoro madrasasini soʻnggi bir yilini tugatolmay qaytib kelgan, deb yozadi domla oʻz tarjimayi holida. – Armoni ushalishi uchun uch oʻgʻil, uch qizga ham oliy maʼlumot olishimizga imkon berdi. Akam Qamariddin tuman «Uchqun” gazetasidan frontga ketib, qaytib kelmadi. Shu sababli men va ukam Muftillo adabiyotni tanladik».

S.Mirzayevning omadi shundaki u SamDUda Said Shermuhammedovdek iqtidorli, sadoqatli doʻsti bilan birga tahsil oldi. Ibrohim Moʻminov, Izzat Sulton, Vohid Abdullo kabi akademiklar nazariga tushdi. Ular rahbarligida avval nomzodlik, keyin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Hayotga, fanga, ijodga munosabati ham ana shu ulugʻ insonlar safida, tarbiyasida shakllandi.

S.Mirzayev oʻz davrining fidoyi, joʻshqin olimlaridan biri edi. Adabiyotdagi har bir yangi asar yuzasidan oʻz vaqtida va eʼtibor bilan munosabat bildirardi. Bundan tashqari, ustoz 25 dan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalar yozdi. Ulardan “Oʻzbek adabiyoti tarixi” (1978-y.), “Gʻoya va obraz” (1980-y.), “Oʻzbek romanchiligi” (1997-y.), “Mustaqillik davrida oʻzbek adabiyoti” (1999-y.), “Hayot va adabiyot” (2001-y.), “Mustaqillik va adabiyot haqida yangicha qarashlar” (2004-y.), “XX asr oʻzbek adabiyoti” (2006-y.) oʻz davrida mutaxassislar va jamoatchilik tomonidan eʼtirof etildi.

Darvoqe, shu oʻrinda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning domlaga 70 yilligi munosabati bilan yoʻllagan tabrik maktubida quyidagi parchani keltirishni lozim topdim: “Adabiyot va hayot” kitobingizni diqqat bilan oʻqib chiqdim. Bu kitob sahifalaridan Sizning butun borligʻingiz koʻrinib turibdi. Unda ijodi shiraga toʻlgan, kuzatishlari aniq va tiniq olimning suvrati namoyon boʻlyapti. Qaysi bir olim yoki yozuvchi toʻgʻrisida gap aytsangiz, xuddi kapalakni ushlagandek avaylab, ehtiyot qilasiz. Bu albatta adabiyotga, ijodga boʻlgan buyuk hurmatdan, deb bilaman. Ayniqsa, “Oʻzbek romanchiligi”, “Oʻzbek romanlarining tugʻilishi va taraqqiyot bosqichlari” boblari nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatish mevasi ekanini alohida taʼkidlab oʻtish zarur».

Saydulla Ziyodullayevich bir umr oʻzi tugʻilib oʻsgan Qarnabota qishlogʻi bilan qanchalik gʻururlanib yashagan boʻlsa, biz choʻl bagʻridagi kishvar maskanimizdan yetishib chiqqan birinchi professor bilan shu qadarlik faxrlanib yurganmiz. Negaki, domlada iqtidor egalariga, tarbiyali insonlarga alohida eʼtibor bor edi. Turli tadbirlarda oʻzini koʻrsatgan yoki asari gazetada chop etilgan yoshlarni topib, albatta oʻqishga daʼvat etar, davralarga chorlardi. Talabalarning ijodini kuzatib, ularni ruhlantirishdan erinmasdi. Oqiljon Husanov, Normurod Narzullayev, Barot Boyqobilov, Omon Matjon, Ahmad Aʼzam, Oʻtkir Rahmat, Olqor Damin, Surʼat Oripov ana shunday munosabatdan bahramand boʻlgan, desam xato boʻlmas. Shu sababli domlaga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi unvoni berildi. Mustaqillik yillarida esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Saydulla Mirzayev tom maʼnodagi olim va ziyoli edi. Oʻzining “Olim – millat tarbiyachisi”, “Olim va ziyoli – jamiyatning tayanchi”, “Oʻqitgan emas, uqitgan kishi ustozdir”, “Halol ziyoligina boshqalarga ibrat boʻla oladi” degan hayotiy aqidalarga rioya etib yashagani uchun ham hamkasblari, jamoatchilik va talabalar har bir davrada u kishining hurmatini joyiga qoʻyishardi. Ayniqsa, domla rahbarligida nomzodlik yoki doktorlik ilmiy tadqiqotlarini olib borishni istaganlar koʻpchilik edi. Ustoz oʻz shogirdlariga talabchan boʻlish barobarida ularga nihoyatda mehribonlik koʻrsatardi.

Aslida ustoz tabiatan shunday inson edi. Hech kim u kishining yasama harakat qilganini, yolgʻon gapirganini eshitmagan. Aytishlaricha, 60 yil birga yashab, turmush oʻrtogʻi Matlab ayaning koʻziga tik qarab gapirmagan. Umuman, oilada doimo maʼrifat ustun boʻlgan. Shu sababli uyda otasining taniqli adiblar bilan ilm-fan toʻgʻrisidagi suhbatlarini koʻrib ulgʻaygan farzandlar ota izidan borishdi.

Bahriddin tibbiyot, Rustam siyosat fanlari doktori boʻldi.

– Men Saydulla akadan besh yil tahsil oldim, – deydi Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Normurodov. – Har bir darsini yangi badiiy asar haqidagi maʼlumot bilan boshlardi. Gazetalarda domlaning har oyda bitta yangi maqolasini oʻqirdik. Keyinchalik birga ishlash jarayonida u kishining mahorat yoʻlida tinimsiz ishlashiga, vaqtining qadriga yetishiga, hamkasblar, shogirdlar yutugʻidan chin dildan quvonishiga koʻp bor guvoh boʻlganman. Adabiy davralardagi dadil chiqishlarini eshitganman. Bunday iliq, samimiy soʻzlarni viloyatdagi koʻplab ziyolilardan eshitish mumkin.

Saydulla Ziyodullayevich 15 yil davomida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimiga jamoatchilik asosida raislik qildi. Koʻngil taskini shulkim, ustozdan bugungi avlodga, hamkasblariga davr ruhini muhrlagan tadqiqotlar, kitoblar, yaxshi fazilatlaridan hosil boʻlgan ezguliklari, aniqrogʻi, ibratli hayot maktabi qoldi.

S.Mirzayev agar hayot boʻlganida 90 yoshga toʻlardi. Madaniyat, adab, sanʼat haftaliklari darajasida Samarqandga kelgan taniqli adiblar, sanʼatkorlar bilan qishloqlarda ijodiy uchrashuvlar uyushtirdi. 2015-yilda “XX asr oʻzbek adabiyoti” kitobini Moskvada rus tilida nashr ettirib, adabiyotimiz targʻibotiga munosib hissa qoʻshdi.

Farmon TOSHEV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

2 406
OʻzA