O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Oligarxning iqrori

Oligarxning iqrori
Qoʻchqor Norqobil



Barcha shifokor va hamshiralarga

Changalimda qaynardi shoʻrva,
Goho tushlik xorijda edi...
Bir oyogʻim Londonda tursa
Bitta qoʻlim Parijda edi.

Bir gap bilan olardim uzib,
Dunyoni tik etgan banklarni.
Goh hovlimga qoʻyardim tizib
Samolyotu hatto tanklarni.

Qoʻlim yetib yulduzgacha to
Yerda yoʻqni yoʻndirar edim.
Togʻ gʻov tursa yoʻlimda hatto
Qoq belidan sindirar edim.

Biroq davron ekanku bir pul
Olloh olis ketsa oʻyingdan...
Bir-biridan qoʻrqar ikki qoʻl,
Chiqolmayman bugun uyimdan.

Teletasvir oʻrtaydi vahm
Butun dunyo termular ojiz.
Shifoxona yoʻlagida jim,
Holdan toyib yiqilar bir qiz...

Ilk bor qoʻrqdim qalbim ohidan
Turgin, olam tortmoqda xira.
Yerning barcha Oligarxidan
Qudratlisan, oʻzing hamshira!

Dunyo xasta... Farishta doʻxtir
Ijro etar Olloh amrini.
Och ajalning changalidan u
Tortib olar Inson umrini!

Bir zarb bilan uygʻotdi taqdir,
Sizga taʼzim! Ilk bor toʻkildim —
Hamshira qiz, Farishta doʻxtir
Qarshingizda yetti bukildim!

948
OʻzA