O‘zA O`zbek

13.08.2018 11:03 Chop etish versiyasi

Olam senga qurbon, aziz bolajon!

Olam senga qurbon, aziz bolajon!

Biror bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, qo‘ldan kelgancha yordam berish haqiqiy fazilatdir. Agar bu ko‘ngil endigina dunyoni anglayotgan, murg‘ak qalb bo‘lsa-chi? Unda bolalarning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, bu dunyoda yashamoqning ma’nosini anglagandek bo‘ladi kishi.

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’til kunlarining maroqli o‘tishini tashkil etish maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining xorijiy hamkorlari ko‘magida “Sog‘ tanda sog‘lom aql” nomli bolalar kunduzgi sog‘lomlashtirish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tibbiy-ijtimoiy markaz hududida bolalar uchun futbol, voleybol, basketbol, tennis maydonlari, oshxona, yotoqxona, yuvinish hamda kiyim almashtirish xonalari xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘lari doirasida qurilib, foydalanishga topshirildi. Kunduzgi sog‘lomlashtirish markazi bir vaqtni o‘zida 40 nafar bolaga yuqori darajali xizmat ko‘rsatadi.

Mazkur sog‘lomlashtirish maskaniga hozirgi kunda Toshkent shahridan jami 36 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, “Mehribonlik” uylari va maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari jalb etilgan. Shu kuni bolalar uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” deb nomlagan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

M. Toshqorayeva, O‘zA
3 221