O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 17:47 Chop etish versiyasi

Okean ifloslanishiga qarshi kurashishda yangi texnologiya

Okean ifloslanishiga qarshi kurashishda yangi texnologiya Sayyoramizning eng katta muammolaridan biri boʻlgan Tinch okeani ifloslanishiga qarshi kurashish maqsadida yangi uskuna – kollektor sinovi boshlandi, deb xabar bermoqda Sky News.

“Clean Up“ (yelim chiqindilardan tozalovchi uskuna) loyihasi gollandiyalik 24 yoshli ixtirochi tomonidan yaratilgan. Tozalovchi qurilma suv sathida sunʼiy qirgʻoq tarzida harakatlanib, yelim chiqindilardan tozalaydi.

Loyiha tashkilotchilarining fikricha, moslama 5 yil davomida okeandagi chiqindilarning yarmini tozalashi mumkin. Anʼanaviy usulda bu muddat ming yillarni tashkil etar edi, deyiladi xabarda.

Shunga qaramasdan, mutaxassislar qurilma okeanning ichki muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligidan xavotirda.

Ularning qayd etishicha, bu tizim okean hayotining bir qismiga aylanishi mumkin. Asl maqsad esa okeanni chiqindilardan tozalashda davom etish emas, aksincha yelim idishlar suvga oqizilishini kamaytirishdan iborat boʻlmogʻi kerak. Shu bois ham Kaliforniya sohilboʻyi komissiyasi aʼzolaridan ayrimlari uni “xomxayol” deb atamoqda.

Tizim San-Fransisko yonida ishga tushishi moʻljallanmoqda. Sinov dastlab okeanning 250 mil kengliklarigacha, muvaffaqiyatli oʻtgan taqdirda 1000 mil uzoqlikkacha boʻlgan masofaga choʻzilishi kutilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, Tinch okeanining Kaliforniya shtati hamda Gavayi orollari oraligʻidagi “girdob“ deb nomlanuvchi qismida taxminan 2 trillionga yaqin yelim chiqindi suzib yuradi. Ular egallagan maydon Fransiya hududidan 3 marta kattaroq.

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA