O‘zA O`zbek

08.08.2018 13:33 Chop etish versiyasi

Ojizaga qo‘l ko‘tarish – ojizlik belgisi

Ojizaga qo‘l ko‘tarish – ojizlik belgisi

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati

Bu oila bir qarashda havas qilgulik edi. Er-xotin sal kam yigirma yil birga yashab uy qildi, ro‘zg‘or butladi, uch nafar farzandli bo‘ldi...

Ammo turmush doim bir tekisda, silliq kechmasligi sir emas.

...Zayniddin va Mohira garchi bir-biriga ko‘ngil qo‘yib oila qurishgan bo‘lsa-da, ular orasida mayda-chuyda kelishmovchiliklar bo‘lib turardi. Oila boshlig‘i ishsiz qolganidan alamini kimdan olishni bilmadimi, xullas xotini bilan sal aytishib qolganidan g‘azabi alanga olib ketdi. Yuziga tushgan mushtdan Mohiraning labi yirtildi, tepkidan oyog‘i qattiq lat yedi.

Tanish manzara. Shunday emasmi? Ayoliga qo‘l ko‘taradigan bunday erkaklar yon-atrofimizda, mahallamizda yo‘q emas.

Yigitlarimizni biz mard va bahodir, deb bilamiz. Asl mard esa donishmandlar aytganidek, o‘zini yengga olgan kishidir. Ya’ni, jahl kelganda undan ustun kela olgan kishi kuchli hisoblanadi. 

Bunday tushunchani farzandlarimizga go‘dakligidan singdirsak, ojizaga qo‘l ko‘tarish ojizlik belgisi ekanini anglata olsak, aslida yuqoridagi kabi holatlar hayotimizda uchramasdi. Ming afsuski, tarbiyada ko‘pchilik bu jihatlarga hamisha ham e’tibor qaratmaydi.

Jahl ustida jufti haloliga qo‘l ko‘tarish bilan kimdir biror yaxshi natijaga erishgan bo‘lsa boshqa gap edi. Ammo bunday holatlarning barchasi afsus-nadomat bilan yakun topadi.

Sudning qora kursisida o‘tirgan Zayniddinning tavba-tazarru qilishiga qarab shunday fikrlar xayolimdan kechdi. Bu lahzalarda u nafaqat qonunda ko‘rsatilgan jazodan qutilib qolishi, balki darz ketgan oilani tiklashi, ayolini davolatishi kabi tashvishlar girdobida ham edi. Jahlini yengganida unga bu tashvishlar, albatta, begona bo‘lardi. 

– Qasddan badanga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar Jinoyat kodeksining 109-moddasida nazarda tutilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudining sudyasi Sarvar Oripov. – Sudlanuvchi mazkur moddaning 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan. Mazkur qism sanksiyasida eng kam ish haqining 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki ikki yil axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar nazarda tutilgan.

Sudgacha bo‘lgan jarayonda Zayniddin qilmishidan qattiq pushaymon bo‘lib, uning oqibatlarini allaqachon anglab yetgandi. Shu bois u turmush o‘rtog‘ini davolatib, u bilan yarashishga, sudda yarashuv ahdi tuzilishiga erishishga astoydil harakat qildi.

Sud majlisida sudlanuvchi va jabrlanuvchi ariza bilan murojaat qilib, jinoyat ishini yarashganliklari munosabati bilan tugatishni so‘radi.

Sud jarayonida, albatta, birinchi navbatda jabrlanuvchining xohish-istagiga alohida e’tibor qaratildi. Mohira yarashuv to‘g‘risidagi arizasini quvvatlab, sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, hozirda uy sharoitida davolanayotganini va unga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani, arizani o‘z xohishi bilan yozgani, unga biron-bir tazyiq bo‘lmagani, yarashuv sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarini tushungani haqida ko‘rsatma berib, jinoyat ishini tugatishni so‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 66-1-moddasiga binoan, Jinoyat kodeksining 109-moddasi, 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Sud jabrlanuvchi va sudlanuvchining yarashuv to‘g‘risidagi arizalarini jinoyat ishi hujjatlari bilan o‘rganib, sudlanuvchining aybiga iqrorligi va yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganligi, yarashuv jabrlanuvchining o‘z xohishi bilan ixtiyoriy bo‘lganligi sababli jinoyat ishini taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatishni lozim topdi.

Shu tariqa bir oila jar yoqasidan qaytdi. Uch farzandning tirik yetim bo‘lishining oldi olindi. Aksincha bo‘lganida-chi? Unda bir musht bilan bir oila barbod bo‘lib ketgan bo‘lardi.

Bir oilaning yana qayta tiklangani quvonarli bo‘lgani bilan, Zayniddinning qilmishini aslo oqlab bo‘lmaydi. Eng yomoni, bu kabi erning zo‘ravonligidan jabr chekkan ayollar uchrab turadi. Ularning ko‘p hollarda o‘z huquqini himoya qilishga intilmagani, oila sha’nini o‘ylashi tufayli bunday holatlaraksariyat hollarda sirligicha qolib ketadi.

Oiladagi zo‘ravonliklarga barham berish maqsadida qonunshunoslarimiz aynan shu maqsadga qaratilgan qonun loyihasi tayyorlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyulda imzolangan “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Adliya vazirligi oldiga “Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

To‘g‘ri, Jinoyat kodeksida zo‘ravonlikka nisbatan, ya’ni qasddan badanga yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir shikast yetkazish, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, qiynash va jabrlanuvchiga doimiy ravishda ruhiy bosim o‘tkazib, uni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish uchun eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima, 240 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 1 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash va 1 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Ayni kunlarda Adliya vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan “Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka olib keladigan barcha sabablar hamda uning har qanday ko‘rinishlari qamrab olinmoqda.

Bosh qomusimizda kafolatlangan inson hayoti, sha’ni, qadr-qimmati oliy qadriyatligiga oid normalar yangi qonun bilan yanada mustahkamlanishi manfaatlarimizga, eng muhimi, yurtimizda, oilalarimizda barqaror tinchlik va farovonlik qaror topishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 192