Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2018 10:10 Chop etish versiyasi

Oilaviy poliklinikalarda markazlashgan ma’lumotlar bazasi, elektron ambulator kartalar tizimi yo‘lga qo‘yildi

Oilaviy poliklinikalarda markazlashgan ma’lumotlar bazasi, elektron ambulator kartalar tizimi yo‘lga qo‘yildi
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zMedInfo” elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish respublika markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish, tizimda interaktiv xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida “Sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari majmuasini yaratish va sog‘liqni saqlash milliy integratsiyalashtirilgan axborot tizimi (SSMIAT “Sog‘liqni saqlash” ATM)ni rivojlantirishga qaratilgan ishlar shular jumlasidandir.

"ЎзМедИнфо" маркази томонидан вазирлик тизимида фуқаролар мурожаатларини қабул қилувчи 1003 қисқа рақамли "ишонч телефони" ҳамда www.ssv.uz ва www.pm.minzdrav.uz виртуал қабулхонаси фаолияти йўлга қўйилди. Бундан кўзланган мақсад аҳоли саломатлигини муҳофаза қилиш бўйича инсон ҳуқуқларини ҳимоялаш, аҳоли саломатлиги сифатли ҳимоя қилиниши даражасини назорат қилиб бориш, тиббий ёрдам сифатини янада юксалтириш, тиббиёт тизими ходимларининг ноқонуний хатти-ҳаракат содир этишининг олдини олишдир.

2.JPG

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017-yil 17-avgustdagi “Yagona elektron ro‘yxatga olish va Internet tarmog‘i orqali shifokor qabuliga yozilish “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (AAT)ni ishga tushirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq, poytaxtimizdagi aksariyat oilaviy poliklinikalarda markazlashgan ma’lumotlar bazasi, elektron ambulator kartalar va kasallik tarixi kabilarga ega tizim faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy web sayti orqali (httr: reg.minzdrav.uz va ssv.uz) fuqarolar shifokor qabuliga yozilishi, shifokor va muassasa haqida ma’lumot olishi mumkin. Ayni paytda aholida tibbiy xizmat olingandan so‘ng tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini baholash imkoniyati ham mavjud.

3.JPG

Tizim oilaviy poliklinikalarda avtomatlashtirilgan holda ro‘yxatga olish, yagona elektron ambulator tibbiy kartani yuritish, aholiga esa onlayn usulda, ya’ni uydan chiqmasdan yashash joyi bo‘yicha oilaviy poliklinika shifokori qabuliga yozilish, fuqaroga qulay vaqtda tekin tibbiy xizmat olish imkonini berishi bilan afzaldir.

– Joriy yilda elektron ambulator tibbiy kartaga bosqichma-bosqich o‘tish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahbari Furqat Sanayev. – Bu yangi innovatsion tizim shifokorning ambulator tibbiy karta yozishga ketadigan vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi. Bundan tashqari, “Kadrlar resurslarini boshqarish”, “Muassasalarning pasport hisobi yagona tizimi” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, shuningdek, donorlar va donorlikdan chetlatilgan shaxslar haqida, donorlik qonining hisoboti va taqsimlanishi kabi bir qator ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish bo‘yicha axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida yuqumli kasalliklar epidemiologik monitoringi, psixonevrologik va narkologik dispanserlardan “Ma’lumotnoma olish uchun elektron ariza berish” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

4.JPG

Umuman, 2020-yilga qadar “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimi yo‘lga qo‘yilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Yagona darcha” orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning interaktiv usullariga o‘tish yo‘li bilan yurtimizda tibbiy xizmat sifati zamonaviy talablar darajasiga olib chiqiladi.

Poytaxtimizda bugungi kunda 61 ta oilaviy poliklinika va 11 ta ko‘p tarmoqli poliklinika mavjud bo‘lib, oilaviy poliklinikalarning 56 tasida, ko‘p tarmoqli poliklinikalarning esa 7 tasida mazkur tizim yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Namangan, Buxoro, Qarshi va Nukus shaharlaridagi oilaviy poliklinikalar ham ana shunday zamonaviy tizimda faoliyat ko‘rsatayotgani e’tiborga molik.

– Avvallari bunday jarayonni faqat xususiy klinikalardagina kuzatish mumkin edi, – deydi Yakkasaroy tumanidagi 59-oilaviy poliklinika bosh shifokori Ra’no Nosirova. – Bizning shifo maskanimizda ham “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan. Bunda shifokor elektron ambulator kartasidagi avvalgi yozuviga o‘zgartirish kiritishi ilojsiz ekanini ta’kidlash joiz. Muassasamizning bunday zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada samarali va tezkor tashkil etish imkonini berayotir. Tez tibbiy yordamning tuman oilaviy poliklinikalariga biriktirilgani faoliyatimiz sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Endilikda xonadonga borgan tez tibbiy yordam shifokori bemorning holati to‘g‘risida yozma chaqiruv qog‘ozi orqali tuman oilaviy poliklinikasiga ma’lumot beradi va uchastka shifokori bemor holatini jiddiy nazoratga oladi.

6.JPG

– Yagona elektron ro‘yxatga olish va internet tarmog‘i orqali shifokor qabuliga yozilish “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimi viloyatlarda ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda, –deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazi rahbari Dilshod Usmonov. – Ayni paytda viloyatlarda 119 ta oilaviy poliklinika bo‘lib, ularning 63 tasi “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulangan. 184 ta markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarning esa 23 tasida shunday tizim yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida joylardagi tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni malakali mutaxassis-kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunonchi, shifo maskanlari bosqichma-bosqich zamonaviy reanimobillar bilan ta’minlanib, mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini bitirgan yoshlar o‘zlarining doimiy yashash joyiga yo‘llanma asosida ishga yuborilayotgani yurtimizning barcha hududlarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirish, eng muhimi, xalqimiz salomatligini ishonchli himoyalashga xizmat qilmoqda.

Umida Qurbonova, O‘zA
8 030