O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Oilaviy ajrimlarning oldi olinmoqda

Oilaviy ajrimlarning oldi olinmoqda

Guliston shahrida notinch oilalardagi muammo va nizolarini o‘rganish hamda bartaraf etish, ajrashish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mutasaddi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, mahalla faollari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda oilani mustahkamlash, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Ushbu ochiq muloqotda 50 dan ziyod oila vakillari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilariga dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi buyurtmasiga ko‘ra tayyorlangan “Farzand omonat” nomli qisqa metrajli videofilm namoyish etildi.

Tadbirda mutaxassislarning notinch oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, qarindoshlar o‘rtasida o‘zaro mulk talashish, er-xotin, qaynona-kelin va boshqa oilaviy munosabatlarda o‘zaro nizolashganlarni yarashtirish, oila mustahkamligini saqlashda er-xotinning roli yuzasidan misollar asosidagi ma’ruzalari tinglandi.

– Oilalar manfaatini himoya qilish, oilalarni qiynayotgan muammo va nizolarni bartaraf etish, ayniqsa, ajrimlarning oldini olish masalasiga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani bejizga emas, – deydi Sirdaryo viloyati “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari O.Turdieva. – Mazkur ochiq muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, begunoh, norasida go‘daklarni tirik yetim qilmaslik, guldek oilalarni parokanda bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir.

Tadbir davomida tashrif buyurgan oila vakillari o‘zining mavjud muammolari bo‘yicha sudyalar, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, imom-xatiblar, psixologlar, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlari bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazib o‘zaro fikrlashdi. O‘rganish davomida oilalarda yuzaga kelgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolarning ko‘pchiligi shu joyning o‘zida bartaraf etildi.

Hamkorlikda o‘tkazilgan ochiq muloqotda ajrim yoqasida turgan 30 dan ortiq nizoli oila buzilib ketishining oldi olindi.

1 087
A.QAYuMOV, O‘zA