O‘zA O`zbek

28.08.2018 10:10 Chop etish versiyasi

Oilasidan xotirjamlik sururi

Oilasidan xotirjamlik sururi

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Mustaqillik yillarida yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib ulgʻaytirish, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini taʻminlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlib kelmoqda.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bogʻliq bir qator muhim vazifalar belgilangan.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni tubdan yangi bosqichga koʻtardi.

Bugun ushbu hujjatlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va oʻzgarishlar samarasini yoshlarimiz oʻz hayoti misolida his etmoqda. Ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, bandligini taʻminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi tizimli ishlar navqiron avlodni yangi gʻoya va tashabbuslar sari ruhlantirmoqda.

Yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash jarayoni yangi bosqichda

2.JPG

Soʻnggi yillarda ijtimoiy faol yosh oilalarni imtiyozli asosda uy-joy bilan taʻminlash tartibi ham takomillashtirildi. Nomzodlarni saralash, munosib deb topilganlar navbatini adolatli tashkil etish va shaffoflikka alohida eʻtibor qaratilmoqda. Masalan, ijtimoiy hayotda faol yosh oilalarni uy-joy bilan taʻminlash maqsadida 2015-2017-yillarda yurtimizning turli hududlarida 4 ming 600 dan ortiq xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi.

– Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmonida yoshlarning turmush sharoitini yaxshilash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilgan, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi boʻlim mudiri Furqat Nurmatov. – Ushbu hujjat ijrosi doirasida ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018-2021-yillarga moʻljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturi ishlab chiqildi. Dasturda yoshlarning uy-joyga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib namunaviy loyihalar asosida barcha yirik shaharlarda koʻp qavatli, qishloq tumanlarida 1-2 qavatli arzon uylar qurilishi nazarda tutilgan. Shunga muvofiq, 2018-yilning oʻzida mamlakatimizda jami 2 ming 149 xonadan qurilib, foydalanishga topshiriladi. Bunday uy-joylar qurilishi kelgusi yillarda ham belgilangan tartibda davom ettiriladi. Yoshlarning bu boradagi har bir murojaati eʻtiborga olinadi, jiddiy oʻrganib chiqiladi. Nomzodlar orasida ayniqsa fan-taʻlim, madaniyat, sport yoʻnalishlarida yuqori natijalarga erishgan yoshlar koʻp.

Joriy yildan boshlab Respublika komissiyasi tomonidan hisobga qoʻyilgan yosh oilalar navbatini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Buning uchun www.yoshlaruyi.uz veb-sayti va telegram messenjerida shu nom ostida maxsus kanal ishga tushirildi.

– Yoshlar uyidan olish uchun tegishli tartibda hujjat taqdim qilganimdan soʻng arizam belgilangan muddatda qanoatlantirilgani haqida javob hamda faqat oʻzimga tegishli boʻlgan “ID” raqamini oldim, – deydi nomzodlardan biri, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy targʻibot va maʻrifat boshqarmasi katta maslahatchisi Akmal Jumamurodov. – Oʻsha raqam yordamida maxsus veb-resursga kirib, hududlar kesimida hisobga qoʻyilgan yosh oilalar navbatini onlayn kuzatib boryapman. Bu ancha qulay va ishonchli tizim. Aytaylik, 150-oʻrinda turgan nomzod 10-oʻringa oʻtib qolsa, buni darrov payqaysiz. Yaʻni, adolat taʻminlanadi, hammasi shaffof, koʻrinib turibdi. Nasib etsa, shu yil oxiriga qadar oʻz uyimga ega boʻlaman.

Suhbatdoshim shodligini yashirolmaydi, behad xursandchiligi shundoq yuz-koʻzida aks etadi. Bu ajib tuygʻu kaminaga ham begona emas. Joriy yil boshida men ham oʻz navbatimni onlayn jadvaldan kuzatar ekanman, Jizzax shahrida qurilayotgan yangi uyga qachon koʻchib oʻtishimni oʻzimcha taxmin qilardim. Hayotimdagi baxtiyorlik kuni, oʻsha sana 30-iyun – Yoshlar kuni boʻlishini, rosti, sira oʻylamaganman.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi maʻlumotlariga koʻra, 2018-2021-yillarda viloyat shahar va tumanlarida 448 xonadon ijtimoiy faol yosh oilalarga beriladi. Ularning 112 tasini shu yil oʻz egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Men uchun unutilmas kun

5.JPG

...Hovlida yangrayotgan karnay-surnay sadolari uyda telefonda gaplashayotgan otamning ovozini bosib ketaman deydi. Otam ham yon bermaydi – ovozini bir parda koʻtaradi:

...“Soʻgʻdiyona” stadionini bilasan... Ha-ha, sayilgoh ham bor. Unga yonma-yon koʻp qavatli yangi uylar keladi. Oʻshalar bilan bir qatorda”.

Otam gapini tugatib, telefonni deraza tokchasiga qoʻyar ekan, dasturxonning kam-koʻstiga qarayotgan onamga hazil qiladi.

– Shu togʻalarigayam qoyilmasman, – deydi orada menga koʻz qisib, – Jizzaxning markazi haqida gapiryapman, ular boʻlsa nima, qayerda, deydi qayta-qayta. Boshqalarning yetib kelganiga yarim soat boʻldi-ku!

Oʻsha kunni eslasam, hozir ham yayrab ketaman. Xayol xayollarga ulanadi.

...2018-yil 24-iyun, yakshanba. Otam bilan shaxmat oʻynayotgan edik. Yoshlar ittifoqidan qoʻngʻiroq boʻldi. Masʻul xodim 30-iyun kuni yangi uyni tantanali topshirish marosimi boʻlishini, erta-indin koʻchib oʻtishimiz lozimligini aytdi.

– Shu gap chinmi ishqilib? – onam javobimni kutmay davom etadi. – Bolamga davlat uy berdi, deb qoʻni-qoʻshniga maqtanib qoʻyganman-a?! Birin-ketin uyli-joyli boʻlayotgan tengqurlaring safiga qoʻshilganing rost boʻlsin ilohim...

Hovlida oʻynayverib terga botgan oʻgʻlimning “Ena, choy-choy” deyishi onamning gapini boʻlib qoʻydi.

– Oʻttiz shanba boʻladi, – deydi otam “fil“ni bir katak surib, “shoh“ berar ekan. – Onang aytganiday uy haqida unga-bunga gap ochib qoʻyganmiz. “Qulluq boʻlsin”ga qishloqdan ham 20-25 besh chogʻli odam boradi. Yana bola-chaqa deganday. Shunga yarasha tayyorgarlik koʻrish kerak.

Qoʻshaloq bayram tantanasi

7.JPG

Kutilganidek 30-iyun kuni qoʻshaloq bayram boʻldi. Jizzax shahridagi Kimyogar mahallasida 32 xonadondan iborat toʻrt qavatli “Yoshlar uyi” foydalanishga topshirildi. Barcha xonadonlar mehmonga, mehmonlar sabab fayzga toʻldi.

Qutlovchilar orasida maktabda ona tili va adabiyotidan dars bergan, hozir keksalik gashtini surayotgan oʻqituvchim Meliboy Beknazarov ham bor. Ustozga razm solaman, nazarimda u mendan ham koʻproq xursand edi. Hech kimga gap bermaydi.

– Shu xonadonlarga Baxmaldan uch kishi munosib koʻrilibdi, – deydi ustoz toʻlib-toshib. – Ana shu uchtaning biri bizning shogird boʻladi. Men bir narsaga qoyil qoldim. Choydan quy... “Hovli olma, qoʻshni ol”, degan maqol bor. Bunda hikmat koʻp. Toʻgʻridagi xonadon egasi dzyudo boʻyicha jahon chempioni ekan, bu yon tomondagisi esa shoira. Ana endi shu muhitda oʻsgan nevaralarimiz qanday insonlar boʻlishini tasavvur qilavering. Zoʻr-a? Bunaqasini biz orzu ham qilolmaganmiz.

...Uy qurgan bir-ikki sinfdoshning hasharida qatnashganman. Imorat qilish yaxshi. Oʻziga yarasha xarajati, shirin tashvishi bor. Bunday tashvishlarga doim havas qilganman. Havas murodga eltadi, deb shuni aytsalar kerak-da. Ishdan horib kelganingda uy oʻzingniki ekanini his qilish charchoqlaringni aritadi. Koʻngling xotirjam, orzu-rejalaring bir olam. Yana oʻz uyingga mehmon chaqirishning ham gashti boʻlakcha. Oʻzimda his qilganman buni. Ijara uyning shiftiga qarab emin-erkin xayol surish, orzu qilish, reja tuzish oson emas. Oʻsha kayfiyat baʻzan farzandingga miriqib ertak aytishinga ham halal beradi.

Bir safar shu gaplarni Germaniyada magistratura bosqichida taʻlim olayotgan oʻrtogʻimga aytganimda, u jilmayib qoʻygandi.

– Yevropaning koʻp davlatlarida boʻlganman, – degandi u oʻshanda. – Uy masalasi u tomonlarda boshqacha. Koʻpchilikning oʻz boshpanasi yoʻq, umr boʻyi ijarada yashaydiganlar ham oz emas. Oʻylashimcha, jamiyatda faol, uy-joyga ehtiyoji bor yoshlarga yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga davlat tomonidan imtiyozli shartlar asosida uy berilishi dunyoda kamdan-kam hodisa, ehtimol, oʻxshashi yoʻq amaliyotdir.

Rost gap. Oʻzim ham kasbim taqozosi sabab yangi uylar topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan koʻp tadbirlarda ishtirok etganman.

6.JPG

Bekobod tumanida harbiy xizmatchilar oilalari uchun uy topshirish marosimida bir otaxon aytgan gaplar yodimda: “Borar manziling tayin, oilangdan koʻngling toʻq boʻlsa, ishingda unum boʻladi. Shuning uchun ota farza

ndiga uy-joy qilib bermaguncha tinchimaydi. Besh oʻgʻilni katta qildik, oʻqitdik. Qoʻldan kelguncha boshpanali qildik. Faqat kenjamizga qoʻlimiz sal kaltalik qilib turgandi. Mana, davlat uy berdi – tashvishim aridi. Endi xotirjamman. Menday ming-minlab keksa otalarga shunday xotirjamlik berayotgan, bolalarimizning ertasini bizdan koʻra koʻproq oʻylayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz. Endi sizlardan, bolalarim, shu gʻamxoʻrlikka munosib boʻlish, el-yurt tinchligi va farovonligi yoʻlida bor kuch-gʻayatni ayamaslik talab etiladi”.

...Noutbuk monitorini yopaman. Beixtiyor shiftga qarayman. Shift esa ijara uyda qilgan orzu-armonlarimni yodga soladi. Ovozimni baland qoʻyib “Yetkazganiga shukr!“, deyman. Bunday shukrona keltirayotgan yosh oilalar, otalar esa yurtimizda koʻp. Ushbu qoralamalarni oʻqiyotganlar orasida ham ular koʻpligiga ishonchim komil.

Yangi uy, oʻz xonadoningiz muborak, aziz tengdoshim!

Ikrom Avvalboyev, Jamshid Yorbekov (surat), OʻzA
2 406