O‘zA O`zbek

15.08.2018 18:16 Chop etish versiyasi

Oila mustahkamligini ta’minlashda keksa avlod tajribasiga suyanish juda muhim

Oila mustahkamligini ta’minlashda keksa avlod tajribasiga suyanish juda muhim Xorazm viloyati Urganch shahrida oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Oila – muqaddas. Uning osoyishtaligi, mustahkamligini ta’minlash, turli noxush holatlarning oldini olish kabi masalalarda keksa avlod tajribasiga suyanish, yoshlar tarbiyasida mahalla faollarining ta’sirini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Farzandning odobli, oqibatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun oilada milliy qadriyatlarimizga tayanilgan tarbiya muhiti bo‘lishi kerak. Shu bois ota-bobolarimiz o‘g‘il uylab, qiz chiqarayotganda bo‘lg‘usi oilaning tinchligi, mustahkamligini saqlashga astoydil harakat qilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ana shular haqida so‘z yuritildi. Oilaviy ajrimlar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari tahlil etildi.

– Bugun ayrim hollarda yoshlar orasida hayotni yengil-yelpi tasavvur qilish, oila muqaddas ekanini tushunib yetmaslik holatlari ham uchrab turibdi, – deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Jamila Matjonova. – Yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajralishlar ko‘paymoqda. Oqibatda begunoh bolalar yetim bo‘lib, ota-ona tarbiyasidan chetda qolmoqda. Buning sabablari tahlil qilinganda, oiladagi nosog‘lom munosabat, qaynona-kelin, er-xotin o‘rtasidagi janjallar ana shunday ajrimlarga olib kelayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish, ularga qarshi kurashishda ma’naviyat va ma’rifat, milliy qadriyatlarimizning o‘rni beqiyos. Bunda ibratli oilalar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar ko‘magidan foydalanmoqdamiz.

Tadbirda oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, oilaviy nizolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, oila mustahkamligini ta’minlash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

A.Shokirov, O‘zA
2 885