O‘zA O`zbek

03.07.2018 17:54 Chop etish versiyasi

Oila mustahkamligidan – mamlakat barqarorligi sari

Oila mustahkamligidan – mamlakat barqarorligi sari
Yurtimizda qadimdan oila muqaddas sanalgan. Shu bois xalqimiz oilaga juda katta e’tibor qaratadi. Bu yurtda asrlar davomida or-nomusli, oilaning sha’ni, obro‘sini saqlagan, ahil oilalar el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lib kelgan.

Konstitutsiyamizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi belgilangan. Mamlakatimizdagi barcha millat vakillaridan tarkib topgan fuqarolik jamiyati uchun oila mustahkamligi va farovonligi – mamlakatimiz barqarorligi demakdir.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf qilishga yo‘naltirilgan.

Konsepsiyada oila institutini takomillashtirish bo‘yicha kompleks yondashuv asosida chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu jarayonda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning yaqin hamkorligini hamda faolligini ta’minlash maqsadida qator yo‘nalishlar belgilangan.

Unda oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, Oila va ayollar komissiyasi ham bu jarayonda qonunchilik faoliyati doirasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda bajariladigan ishlarni rejalashtirmoqda.

Dilorom Fayziyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Oila va ayollar komissiyasi raisi

O‘zA
8 147