O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Oila mustahkamligi xushmuomalalik, o‘zaro izzat-hurmatga bog‘liq

Oila mustahkamligi xushmuomalalik, o‘zaro izzat-hurmatga bog‘liq

Jamiyatimizda odamlarning baxtli yashashi, oilalar mustahkamligini ta’minlash borasida juda katta va keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan asosiy masala jamiyatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, qonuniy huquq va manfaatlarini samarali himoyalash hamda onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar mustahkamligini ta’minlash orqali har bir insonning baxtli hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan.

Shu maqsadda aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlarda oilalar mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda. Biroq, afsuski, hech narsaga qaramay ajrashishni maqsad qilgan er va xotinlar yo‘q emas. Quyida ajrimlar, ularning sabablarini tahlil qilish jarayonida aniqlangan holatlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Ko‘p hollarda azaliy qadriyatlarni unutish, oilada er-xotin o‘rtasida munosabatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oilaviy ajrimlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, farzandlarini birga tarbiyalab, risoladagidek yashab kelayotgan er yoki xotindan birining o‘ylamay gapirgan bir og‘iz so‘zi va ikkinchi tomonning jahl ustida qaytargan javobi oxir-oqibat oilaning buzilishiga olib kelmoqda. Bu esa farzandlarning yo ota, yo ona mehridan, tarbiyasidan mosuvo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, xotini bilan o‘n besh yilga yaqin umrguzaronlik qilgan, uch nafar farzandning otasi xotinining telefonda gaplashgani yoqmay, unga nisbatan haqoratli so‘z aytgan. Ayolning ham bunga haqorat bilan javob qaytarishi oradagi munosabatga darz yetkazgan. Yoki ellik yoshdan oshgan, 4 farzandning onasi bo‘lgan, qizini uzatgan ayolning eri nogironligi sabab ishlamagani bois unga gap qaytarishi, farzandlari oldida hurmatsizlik qilishi er-xotinlar ajralishiga sabab bo‘lgan.

Vaholanki, har ikki holatda er-xotin jahlga erk bermasdan, bir-birini tushunib, biri ikkinchisiga ozgina yon berishi orqali o‘rtada kelib chiqqan tushunmovchilikning oldi olinishi va pirovardida masala qo‘ydi-chiqdigacha borib yetmasligi mumkin edi.

Zero, oila mustahkamligi er-xotinning o‘zaro munosabatiga bog‘liq. Afsuski, hayotda er-xotinning bir-biriga bee’tiborligi sabab oilalar barbod bo‘layotgan holatlar ham mavjud.

Aniqroq aytganda, ayrim erkaklar o‘zining kundalik ishi bilan mashg‘ul bo‘lib, xotiniga yetarli e’tibor qaratmay, turmush o‘rtog‘idan birgina shirin so‘zini ayagani ham ba’zan oilaning darz ketishiga sabab bo‘layotgani bor gap. Aholi bilan ochiq muloqotlar jarayonida ajrashib yashayotgan oila boshlig‘i – ikki farzandning otasidan turmush o‘rtog‘iga oxirgi marta qachon yaxshi gap aytgani yoki biron-bir munosabat bilan sovg‘a bergani haqida so‘raganimizda bu borada xotiniga umuman bee’tibor bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Xalqimizda “nima eksang, shuni o‘rasan” yoki “mehr ko‘rsatsang – mehr ko‘rasan” kabi maqollar bejiz aytilmagan. Agar oila boshlig‘i – er xotinining zimmasiga faqatgina uy yumushlari, bolalar tarbiyasini yuklab qo‘ymasdan, jufti haloliga mehr ko‘rsatsa, hech bo‘lmaganda, tayyorlagan ovqatini maqtab yesa, yaxshi munosabatda bo‘lsa, noxush holatlarga o‘rin qolmaydi.

Muqaddas Hadisda ham “Xotinlarning haqlariga rioya etingiz. Ular bilan mehr-shafqat ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz. Xotinlar sizlarga Parvardigorning omonatidir”, deyilgan.

Shuning uchun oila boshlig‘i – erkaklar oilasining chirog‘i, turmush o‘rtog‘i, farzandlarining onasiga mehr-shafqatli va e’tiborli bo‘lishi, hamisha hurmatini joyiga qo‘yishi oilada sog‘lom muhitni ta’minlashning muhim shartidir.

Yana shuni ham qayd etish joizki, oilada er-xotin o‘rtasida o‘zaro hurmat-e’zozga yo‘g‘rilgan munosabatni shakllantirish oilada yuksak ma’naviy muhit qaror topishini ta’minlaydi. Bu esa kelajagimiz bo‘lgan farzandlar tarbiyasida alohida ahamiyatga ega.

Oila mustahkamligini ta’minlashda yana bir holatga e’tibor qaratish zarur. Gohida er va xotin yarashib, oilani tiklashga rozi ekanlikl
arini, lekin ayni damda buning iloji yo‘qligini, er jahl ustida “taloq” deb aytganini, endi afsusda ekanligini bildirgan holatlar uchraydi. Bu esa domla-imomlarimiz yoshlarni nikohlash paytida ularga nikoh nima, er va xotinning bir-biri oldidagi majburiyatlari nimalardan iborat, taloq nima va uning oqibatlarini tushuntirishlari lozimligini ko‘rsatmoqda.

Bobomiz Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” risolasida qayd etganlaridek: “Nafsini sabr ila rom qilgan kishi har ishda oshiqmay, ohista harakat qilur. Nafsini halokatdan, g‘ururdan saqlar. Sabr shunday bir kuchli narsadurki, shahvatni iffatga, g‘azabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozu’ga, yomonlikni yaxshilikka aylantirmokg‘a quvvati yetar”.

Oilaviy ajrimlar bilan bog‘liq yana bir holat shundan iboratki, arzimagan gap-so‘zlar, jumladan, kelin yo kuyov yoki ularning yaqinlari tomonidan o‘ylanmay aytilgan bir og‘iz gap ham gohida ayrim yoshlarning oilasi buzilishiga olib kelayotgani o‘ta achinarli holatdir.

“Yaxshi kelin uydagi gapni ko‘chaga chiqarmaydi”, deb bejizga aytilmaydi. Chunki har bir oilaning o‘ziga tegishli sir-asrorlari bo‘ladi. Bu sirlarni oila a’zolaridan kimdir oshkor qilishi, tabiiyki, oilaviy hamjihatlikka putur yetkazadi.

Yoshlarni oilaga tayyorlashda yigit-qizlar bilan alohida-alohida ishlash, ularga yaxshilikni yomonlikdan, savobni gunohdan, halolni haromdan farqlashni qadriyatlarimizdan kelib chiqib tushuntirish ham ko‘zlangan natijani beradi.

Oliy sudga kelayotgan shikoyatlar, shuningdek, joylardagi sayyor qabullarda shunday mazmunda yozg‘irishlar bo‘ladiki, go‘yoki sudya nikohni bekor qilish haqidagi arizani (tomonlarga muddat ustiga muddat berib) asossiz ravishda cho‘zmoqda, unga nisbatan chora ko‘rish kerak...

Qonunda ko‘rsatilgan me’yorlarni qo‘yib turaylik, mantiqan qaraganda, er-xotin arzimas sabablar bilan ajrashaman, desa-yu, sudya ularni yarashtirish, oilasini asrab qolish, farzandlari tirik yetim bo‘lishining oldini olishga harakat qilsa, buning nimasi g‘ayritabiiy?! Aslida arzimagan maishiy muammolarni ro‘kach qilib, sudga chopishning o‘zi g‘ayritabiiy holat emasmi?!

Sudda er yoki xotin tomonidan “birga yashash-yashamaslik mening shaxsiy ishim, o‘zim bilaman”, degan ibora bot-bot takrorlanadi. To‘g‘ri, er va ayolning bir oila bo‘lib yashashi – ikki tomonning xohishiga bog‘liq, lekin oila – shaxsiy masala emas. Chunki oilani jamiyat bilan yoki jamiyatni oila bilan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jamiyatdagi illatlar oilaga qanchalik ta’sir qilsa, oiladagi notinchlikning ham jamiyatga ta’siri shuncha!

Har bir oilaviy ajrim natijasida bolalar tarbiyasi, uy-joy masalasida yuzaga keladigan muammolar, xohlaymizmi-yo‘qmi, jamiyatning og‘riqli dardiga aylanadi. Arosatda qolgan tirik yetimlar, ro‘zg‘or tashvishida ming azobga duch kelayotgan yolg‘iz ayollar, oilasidan topolmagan halovatni boshqa joylardan topishga harakat qilib, turli balolarga giriftor bo‘layotgan erkaklar... Bularning har biri katta muammo.

Yoinki otasiz yoki onasiz ulg‘ayayotgan bolani olaylik. Tarbiyaga qanchalar e’tibor berilmasin, bolaning xatti-harakatlari yoki yurish-turishida yo onaning, yo otaning ishtiroki yo‘qligi bilinib turadi. Ota-onasi tirik bo‘laturib, ulardan mehr ko‘rmaganligi o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

Bugun oilaviy ajrimlar masalasi jamiyatning og‘riqli muammolaridan biridir. Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida fuqarolik sudlarida hal qiluv qarori qabul qilingan nikohdan ajratish bilan bog‘liq 27 ming 701 ta ishdan 16 ming 739 ta oilani saqlab qolishning iloji topilmay, er-xotinlar nikohdan ajratilganligi tashvishli holatdir.

Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi arizalar, sud jarayonida tomonlar ko‘rsatayotgan vajlar zamiriga qaralsa, ajrashishga arzigulik jiddiy sabablar yo‘qligi oydinlashmoqda. Shunga ko‘ra, sudlar tomonidan ajralish haqidagi da’vo talablari asossiz deb topilib, rad etilgan ishlar qariyb 11 mingtani tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev aytganidek: “Oilaga e’tibor – o‘zligimizga e’tibordir. Oilani saqlab qolmasak, biz o‘zligimizni yo‘qotamiz”.

Darhaqiqat, jamiyatimiz kelajagi oilalar barqarorligi va farzandlarning o‘z ota-onasi bag‘rida kamol topishiga bog‘liq. Shuning uchun ham oilalar mustahkamligini ta’minlash, ajralishlarning oldini olish masalasi barchamizga, ota-onalar, keng jamoatchilik v
a har bir ongli insonga tegishli masaladir. Bu borada barchamiz birday mas’ulmiz.

Xolmo‘min YoDGOROV,
Oliy sud raisining o‘rinbosari.


295
O‘zA