O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

03.09.2018 15:57 Chop etish versiyasi

“Oila” markazlariga avtomashinalar topshirildi

“Oila” markazlariga avtomashinalar topshirildi

Fargʻona viloyatidagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining shahar va tuman boʻlinmalariga “Spark” avtomashinalari topshirildi.

IMG_20180903_154146_111.jpg

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevralidagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi mamlakatimiz xotin-qizlarining jamiyat hayotida faol ishtirokini taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.

Oʻtgan davr mobaynida “Oila” markazining Fargʻona viloyat boshqarmasi va hududiy boʻlinmalari tomonidan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrishlarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Sogʻlom oila qurish, sogʻlom farzandni dunyoga keltirish, sogʻlom turmush tarzini yuritish asoslarini xotin-qizlar orasida manzilli targʻib etish maqsadida yakka tartibda tushuntirish ishlari, ochiq muloqot, sayyor qabul va davra suhbatlari oʻtkazilmoqda.

– Oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida aniq tadbirlarni belgilab olganmiz, – deydi “Oila” markazining Quvasoy shahar boʻlinmasi rahbari Magʻfiratxon Hasanova. – Oilalar bilan alohida suhbatlar olib borilyapti, sayyor qabullar uyushtirilmoqda va tushuntirish va targʻibot ishlari natijasida oʻtgan 7 oyda ajrimlar soni 2017 yilga nisbatan 60 taga kamaydi, 8 oy davomida 97 ta oila yarashtirildi. Hatto sud qarori bilan ajrim masalasi hal boʻlgan Abdurahimovlar oilasi qayta nikohdan oʻtish uchun ariza topshirishdi. Xotin-qizlar oʻrtasidagi jinoyatchilik teng yarmiga kamaydi.

Haqiqatan ham bugungi kunda oilaviy tarbiyada umuminsoniy qadriyatlarning oʻrnini yuksaltirish va uning oilada uygʻunlashuvini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish lozim. Shu bois ham yangidan tashkil etilgan “Oila” markazlari oldida juda masʼuliyatli va dolzarb masalalar koʻndalang turibdi.

“Oila” markazlari shahar va tuman boʻlinmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida “Spark” avtomashinalari topshirildi.

Tantanali marosimda Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev soʻzga chiqdi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA