O‘zA O`zbek

24.09.2020 Chop etish versiyasi

Oila faxri va yurt iftixori

Oila faxri va yurt iftixori

Muqaddamxon uchinchi qizini dunyoga keltirganida yuragi allanechuk gʻash tortdi. Oʻgʻil farzand koʻrmadim, deya dili oʻksidi. Turmush oʻrtogʻi Boburning: onasi hali koʻrasan, qizlarim oilam faxri, yurtim iftixori boʻladi, deya niyat qilishi Muqaddamning dilidagi siyohlikni bir zumda tarqatdi.

Charos Ziyayeva 2003-yil Toshkent shahri, Shayhontohur tumanida dunyoga keldi. Boshlangʻich taʼlimni tumandagi 59-xitoy tiliga ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktabida oldi.

Oilaning toʻngʻich qizi Charos endigina 17 yoshga qadam qoʻydi. Xitoy tilini mukammal oʻrgangan Charos Xitoy Respublikasida tahsil olish uchun NSK 5 darajasida imtihon topshirib, muvaffaqiyatli oʻtdi. NSK 5 1+4, yaʼni Xitoy tilini ilk boshlash jarayoni emas, Xitoyda 4 yil oliy taʼlim olish imkonidir.

Har bir inson oʻz farzandini dunyodagi eng namunali, ilmli va maʼnaviyatli boʻlishini orzu qiladi. Shunga erishish yoʻllarini axtaradi. Bu yoʻlda toʻgʻanoq boʻlgan barcha toʻsiqlarni yengib oʻtishga intiladi. Charosning onasi qizida raqsga boʻlgan qiziqishni oʻz vaqida ilgʻay oldi. Uni besh yoshida qoʻlidan tutib “Navroʻz” raqs toʻgaragiga olib bordi.

– 15 yildirki, raqs olamida hamnafas yashayman deydi, – Charos. –Goʻyo oddiy harakatlarimda ham qoʻllarimni raqsga monand qimirlatadigan boʻlib qolganman. 2019-yili ustozim Zhang Lin bilan hamkorlikda “Xitoy madaniyat markazi” guruhini tashkil etdik. Markazda shogirdlarimga oʻzim uchun eng sevimli boʻlgan “Oy ostidagi goʻzal”, “Chiroyli pari”, buxorocha, xorazmcha oʻzbek hamda xitoy milliy raqslarini oʻrganishida yaqindan yordam berdim. Xitoy madaniy markazi raqs guruhi va Shanhay Hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda turli tadbirlarda ishtirok etib kelamiz. Ayniqsa, shogirdlarim bilan yurtimizning mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil qilingan tadbirlarda ishtirok etish men uchun faxr.

– Charos timsolida men haqiqiy oʻzbek qizining ibosini, hayosini koʻrganman deydi, – ustoz Zhang Lin. – Uning oilasini, ota-onasini koʻrib, Charos haqiqiy tarbiyani oiladan olganligiga ishonch hosil qilganman. Ota-onasi lutfi keng haqiqiy tanti insonlar.

– “Quvnoq Xitoyga sayohat” dasturida qatnashib, Xitoyga bepul sayohat qilish imkonini qoʻlga kiritish men uchun eng katta yutuqlardan biri edi, – deydi Charos. – Sayohatim davomida xitoy tilini mukammal egallashga va Xitoyda oʻqish qaroriga kelganman. Xitoy tilini puxta oʻrganishimni ilk mahsulini koʻrdim. Men “Xitoy Davlat granti”ni qoʻlga kiritdim. Xitoyda tahsil olish uchun 3 ta universitetni tanladim. Bir vaqtning oʻzida Zhong va JiNan universitetlariga qabul qilinganligim toʻgʻrisida xabar keldi. Men JiNan universitetini tanladim. Pandemiya tufayli darslar onlayn usulda oʻtilyapti.

– Mamlakatimiz yoshlariga yaratilayotgan imkoniyatlar juda katta. Shunday keng imkoniyatlar eshigi lang ochiq turganida oʻqimaslik, yuksak marralarni zabt etmaslikni oʻzim uchun uyat hisoblayman. Bir dugonam bu dunyoda ulkan natijaga erishish uchun yo zaring, yo zoʻring boʻlsin degan edi. Men bugun qaysiki muvaffaqiyatga erishgan boʻlsam, na zarim, na zoʻrim boʻlishiga hojat boʻlmadi. Oʻqidim, oʻrgandim, izladim, erishdim. Bir ruhshunos aytgan edi: Orzularingizdan sira voz kechmang, chunki ular duoga aylanadi. Duolar qachon qabul boʻladi deya tashvishlanmang, har narsaning xayrli bir vaqti bordir.

1 395
Muhayyo TOSHQORAYEVA, OʻzA