O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Oila a’zolarining bir dasturxon atrofida jam bo‘lishi xonadonga baraka keltiradi

Oila a’zolarining bir dasturxon atrofida jam bo‘lishi xonadonga baraka keltiradi

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda
jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddacidan).

Bu oila a’zolari fayzli dasturxon atrofida jamul-jam bo‘lishganida ellikdan ortiq chinni kosalarga ovqat solinadi. Oilaning piru badavlat sohiblari Rafiqjon Qurbonov va O‘lmasoy Kimsanovalarning hamisha e’tirof etishlaricha, bir dasturxon atrofida ovqatlanish xonadonga o‘zgacha fayz, baraka baxsh etadi.

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanining Qirqlar qishlog‘ida bir olam orzular bilan katta hayotga intilayotgan navqiron yigitcha ba’zan maktabdan kech qaytadigan o‘quvchi qizni velosipedida uylariga tashlab kelardi. Keyinchalik ikki oilaning kattalari maslahatni bir joyga qo‘yib, kamtarona to‘y o‘tkazishdi. To‘y oqshomida mag‘rur kuyovbola 25, iboli kelinchak 20 yoshda edi. Yaqinda qahramonlarimiz baxtli oila davrasida to‘ylarining 57 yilligini nishonlashdi.

Ayni paytda qariyb 60 yillik mehnat stajiga ega Rafiqjon Qurbonov oddiy agranomlikdan tuman yoshlari yetakchisi, jamoa xo‘jaligi direktori, tuman miqyosida eng nufuzli vazifalarda sidqidildan faoliyat ko‘rsatdi. 2000 yildan buyon esa O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining Dang‘ara tumani bo‘limi raisi. Oila bekasi esa bir umr hamshiralik kasbini ulug‘lab o‘tdi.

Oilaning to‘ng‘ich farzandi Rashidjon Qurbonov tuman kadastr idorasida ishlaydi, ikkinchi o‘g‘il Yorqinjon Qurbonov Qo‘qon shahridagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori. Bu oilada ulg‘aygan uch opa-singillarning ikkisi – Hamida va Fotima o‘qituvchi, Iqboloy hamshira va u ona kasbini ardoqladi. Hozirgi kunda Dang‘ara tumanining eng namunali oilalaridan biri sifatida e’tirof etiluvchi Rafiqjon Qurbonov xonadonida voyaga yetayotgan 18 nafar nevara hamda 23 nafar chevara hayotda o‘z o‘rnini topib bormoqda. Oilaning barkamol avlod vakillari – o‘qituvchi, harbiy, iqtisodchi, tadbirkor...

Qadrdon hovli oilaning 12 nafar qizlarini oppoq kelinlik libosida katta hayotga kuzatdi. Kelinchaklarning 9 nafari nevara qizlardir. Hozirgi kunda oila sohiblari uch nafar nevara qizlarni uzatish taraddudida. Ikkita nevara kelin xizmatda chaqqon bo‘lsa, shu kunlarda ikki nafar yigitlarni uylantirish maqsadida kelinlikka nomzodlarni saralashyapti.

Rafiqjon Qurbonovning mamnuniyat bilan ta’kidlashicha, shu paytgacha besh nafar farzandlari oilasida birorta jiddiy muammo bo‘lmagan. Nevaralarining ortidan ham qudalar kelib faqat rahmat aytib ketishadi. Bobo va buvilaridan eng yaxshi fazilatlarni o‘zlashtirgan nabiralar sulolaning an’anasi – egizak farzandlar bilan o‘z oilalariga olam-olam quvonch hadya etadilar.

Harakat – hayot demakdir! Rafiqjon ota aslo tinim bilmaydi. Shu kunlarda tuman hokimligi tashabbusi bilan nuroniylar uchun muhtasham bino qad rostlayapti. Har kuni erta tongda rais boshchiligidagi bir guruh oqsoqollar ustalarni yo‘qlashadi. Shundan so‘ng sektorlar hududlari – mahallalarda yuzma-yuz muloqotlar o‘tkaziladi.

Tegirmonboshi qishlog‘idagi Rafiqovlar xonadoni tomorqasida mevazor bog‘ barpo etilgan. Mo‘jazgina bog‘da deyarli barcha mevali daraxtlar bor. Daraxtlar orasiga tinib bilmaydigan chol-kampir kartoshka, turli ko‘katlar ekkan. Qoramol, qo‘y oilaning yana bir daromad manbai. Oila tasarrufidagi fermer xo‘jaligida ham barcha yelkama-yelka turib mehnat qiladi.

– Yurtimizda mehnat qilgan inson e’tibor va e’zozda, – deydi Rafiqjon Qurbonov. – Sidqidildan ishlaganni xalqimiz, davlatimiz aziz qilib boshida ko‘taradi. Mustaqillik yillarida bir necha marotaba hukumatimizning Faxriy yorliqlariga sazovor bo‘ldim. Bir qator ko‘krak nishonlari, “Shuhrat” medali faoliyatimga berilgan munosib baho.

Qariyb 20 yil xalq deputatlari Dang‘ara tuman kengashi deputati, bir chaqiriq viloyat kengashi deputati hamda 1995-2000 yillarda Oliy Majlis deputati sifatida yurt obodligi hamda xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ezgu tashabbuslarda baholiqudrat kamarbasta bo‘ldim. Yuzlab shogirdlarim mamlakatimiz ravnaq-rivoji yo‘lida samarali faoliyat olib borayotganidan behad mamnunman. Shogirdlar ham farzanddek gap, ularning kamolini ko‘rish naqadar baxt. Hayot saboqlarini bergan Alijon Payg‘amov, Abdupatto Hamroliev singari ustozlar mehri haqida nabiralarimga ibratli voqealar aytib berishdan hech ham charchamayman. Atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov bilan ko‘p bor suhbatlashganim hayotimdagi eng yoqimli taassurotlar sifatida xotiramda qolgan.

Ta’kidlash joizki, Rafiqjon Qurbonov kundalik davriy bosma nashrlarni doimiy ravishda mutolaa qilib boradi. Xonadonda kutubxona tashkil etilgan bo‘lib, o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari jamlangan. Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf she’rlarini maroq bilan yoddan o‘qiydi. O‘z navbatida rus adabiyotiga ham boshqacha mehr qo‘ygan. Rafiq ota ashaddiy kitobxon qizi Iqboloy ba’zan qadrdon kitoblarini yashirincha olib ketib qolishini maroq bilan so‘zlab beradi. Kitoblarini izlab qolganida kampiri mayin jilmayib:

– Iqboloy qizingiz olib ketgan! Nima deysiz, kitobsevarligi xuddi o‘zingizga tortgan-da! – deb qo‘yadi.

Rafiqjon Qurbonovning oromijon suhbati odamni o‘ziga maftun etadi. Farg‘onacha gapga chechanlik, askiya payrovlarining ustasi bo‘lgan otaxon bir gap boshlaganida bolalik do‘sti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Doniyor Ergashev ham qoyil qoladi.

Vatanning kichik, ammo mustahkam rishtasi bo‘lgan oila tom ma’noda milliy qadriyat va an’analarimizni tarbiyalovchi hayot universiteti. Dang‘aradagi katta bir oilaning baxti yurtimizdagi millionlab xonadonlar orzu-maqsadlari ro‘yobi, ertangi kun istiqboli yo‘lidagi ezgu intilishlarning yorqin namunasidir. Sharqona oila qadriyatlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashayotgan hamyurtlarimizning bir qarashda oddiy, lekin zalvori tog‘lar qadar yuksak baxti aslida shu emasmi?!

4 080
Ma’sudjon SULAYMONOV, O‘zA