O‘zA O`zbek

29.07.2020 Chop etish versiyasi

OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi boʻlib oʻtdi

OIIB Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi bugun ilk bor videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi. Tadbirda Bankka aʼzo 82 mamlakatdan OIIB Boshqaruvchilari va ularning oʻrinbosarlari, Bank rahbariyati, xalqaro ekspertlar va boshqa yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi.

Yigʻilishni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochib, Bank aksiyadorlarini taraqqiyotning yangi, koʻp tomonlama moliyaviy instituti muvaffaqiyatli shakllanishi bilan tabrikladi.

Kun tartibidagi asosiy masala OIIB prezidentini saylash boʻldi. Ovoz berish natijasida amaldagi prezident Szin Lisyun Boshqaruvchilar kengashi aʼzolarining yakdil qaroriga koʻra, 2021-2025-yillar davriga Bank rahbari etib saylandi.

photo5265215861914972118.jpg

Tadbir doirasida tashkil etilgan davra suhbatida global va mintaqaviy iqtisodiyotda roʻy berayotgan tendensiyalar, xalqaro iqtisodiy munosabatlarga COVID-19 taʼsiri, pandemiya keltirib chiqargan muammolarni yengishda Bankga aʼzo davlatlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, korporativ strategiyani tayyorlash holati muhokama qilindi.

Muloqot davomida OIIB faoliyatining qisqa va uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlari belgilandi, loyihalarni amalga oshirishda Bank tomonidan multiplikativ samaraga erishish imkonini beradigan tizimli yondashuv qoʻllanishi zarurligi, shuningdek, OIIBga aʼzo davlatlarda iqtisodiyotni tiklash boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda fikr almashib turish lozimligi taʼkidlandi.

Rahbariyat tomonidan Bankning 2019-yil yakunlari boʻyicha, shuningdek, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish yoʻlidagi faoliyatiga doir hisobotlar taqdim etildi.

photo5265215861914972117.jpg

Yigʻilish ishtirokchilariga 10 milliard dollar miqdoridagi OIIB “COVID-19 inqirozidan keyin tiklanish” maxsus dasturi amalga oshirilishi toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Bugungi kunga qadar dastur doirasida 12 mamlakatga moliyaviy yordam koʻrsatish uchun 6 milliard dollardan ortiq mablagʻ ajratilgani qayd etildi.

Ushbu dastur doirasida Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash va tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb 300 million dollar mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan. Umuman, istiqbolli loyihalar toʻplami 10 ta mamlakatni qamrab olib, hozirgi vaqtda tayyorlanish va maʼqullanish bosqichida.

2019-yilda OIIB tomonidan erishilgan asosiy yutuqlar haqida gap ketganda, toʻqqizta yangi aksiyador-mamlakat aʼzolikka qabul qilingani, mahalliy valyutada moliyalashtirish, kreditni qisman kafolatlash, oʻzgaruvchan spredli va mustahkam valyutada kredit ajratilishini qamrab oladigan moliyaviy mahsulot turlari kengayishi, oʻtgan yilga nisbatan investitsiya hajmi 12 foiz oʻsgani, qiymati 2,5 milliard dollarga teng besh yillik obligatsiyalar chiqarilganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Obligatsiyalar chiqarilishi 27 mamlakatdagi 90 dan ziyod investorning 4,4 milliard dollar mablagʻini jalb etishga imkon yaratdi.

photo5265215861914972123.jpg

Oʻzbekiston Respublikasidan OIIB Boshqaruvchisi, Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov oʻz nutqida jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan vaziyat hukumatlar va taraqqiyot hamkorlaridan milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda qatʼiy hamda samarali chora-tadbirlar amalga oshirishni talab qilayotganini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan, hozirgi vaqtda OIIBga aʼzo mamlakatlar va Bank tomonidan qoʻyidagi ustuvor sohalar va yoʻnalishlarda hamkorlikni mustahkamlash muhim ekani qayd etildi: OIIBga aʼzo mamlakatlarda kasallik orttirgan odamlar uchun oʻz vaqtida tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha aholi ehtiyojini qondirish, shuningdek, infeksiya tarqalishini kamaytirish uchun yetarli darajada zaxira yaratish maqsadida sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash; soliq toʻlovlari muddatini uzaytirish, aylanma mablagʻlarni moliyalashtirish va tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish orqali tadbirkorlik subyektlari va infratuzilmaning barqaror ishlashini qoʻllab-quvvatlash; tashqi savdo va investitsiya oqimlarida paydo boʻlayotgan yangi toʻsiqlarning salbiy taʼsirini kamaytirish, qolaversa, ijobiy iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlab qolish uchun uzilgan taʼminot zanjirini tiklash; rivojlanayotgan mamlakatlarning inqirozdan keyingi davrdagi ehtimoliy muammo va imkoni
yatlarini har tomonlama baholash.

photo5265215861914972116.jpg

Yigʻilish davomida Boshqaruvchilar kengashi Liberiya Respublikasining OIIB aksiyadorlari safiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi arizasini maʼqulladi. 2021-yil 27-28-oktyabr kunlariga rejalashtirilgan OIIB Boshqaruvchilar kengashi navbatdagi yillik yigʻilishi BAA Dubay shahrida oʻtkazilishi belgilandi.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Osiyo - Tinch okeani mintaqasida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2014-yil 24-oktyabrda tashkil etilgan. Oʻzbekiston 2016-yil 29-noyabrdan OIIB aʼzosi hisoblanadi.

Ayni payt Bank bilan birgalikda suv taʼminoti, kanalizatsiya, avtomobil yoʻllarini qurish va qayta taʼmirlash, temir yoʻllarni elektrlashtirish, hududlarda bazaviy infratuzilmani har tomonlama rivojlantirish boʻyicha qiymati 2,0 milliard dollardan ziyod qator keng koʻlamli infratuzilma loyihalari ustida ish olib borilmoqda.


5 748
OʻzA