O‘zA O`zbek

12.10.2018 13:40 Chop etish versiyasi

Ohangarondan noyob arxeologik yodgorliklar topildi

Ohangarondan noyob arxeologik yodgorliklar topildi

Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan milodiy dastlabki asrga oid noyob arxeologik yodgorliklar – tegirmon toshi, katta xum va bir necha koʻza topildi.

photo5330173728983722344.jpg

Maʼlumotlarga koʻra, tumanning Qoraxitoy qishlogʻida namunali turar joylar barpo etish boʻyicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari jarayonida quruvchilar tomonidan koʻplab ana shunday tarixiy buyumlar topilgan. Bu haqda xabar topgan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasining moddiy-madaniy meros obyektlarini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhi qishloqqa keldi.

photo5330173728983722350.jpg

Partiya viloyat kengashidan maʼlum qilishicha, ishchi guruhda boʻlgan arxeolog Server Ashirov boshchiligida barcha guruh aʼzolari zudlik bilan qazish ishlariga kirishgan. Natijada boʻyi 120, diametri 232 santimetr boʻlgan katta xumdon, bir nechta kichik koʻza va tegirmon toshi topilgan.

photo5330173728983722337.jpg

– Tegirmon toshlari milodiy birinchi asrda ixtiro qilinib, xoʻjalikda qoʻllanila boshlagan, – deydi arxeolog S.Ashirov. – Sopol xum va koʻzalarning qora angor (sirlash) qilinishi ham shu davrga borib taqaladi. Shundan kelib chiqib taxmin qilish mumkinki, ushbu tegirmon toshi, xum va koʻzalar qariyb ikki ming yillik tarixga ega. 

Qadimda donni turli kemiruvchilardan asrash maqsadida foydalanilgan katta xum, don yanchishda qoʻllanilgan tegirmon toshi va boshqa topilma buyumlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yahyo Gʻulomov nomidagi arxeologik tadqiqotlar institutiga topshiriladi.

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA
765