O‘zA O`zbek

26.08.2018 13:07 Chop etish versiyasi

Ogʻuga makon boʻlgan xonadon

Ogʻuga makon boʻlgan xonadon

Hozirgi kunda yer yuzidagi narkobiznesda aylanayotgan pul mablagʻi dunyo aholisining oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, taʼlim tizimi va tibbiy xizmatga sarflayotgan xarajatlaridan ancha koʻpligi hech kimga sir emas.

Eng achinarlisi, giyohvandlik ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga sabab boʻlmoqda. Ushbu sabablar, illatlar toʻgʻrisida va jamiyatga yetkazadigan zarari toʻgʻrisida keng aholiga qanchalik bong urib yetkazilmasin afsuski oramizda, ushbu ofatni isteʼmol qiladigan hamda nafs balosiga uchragan “savdogar” shaxslar hali hamon uchrab turibdi.

Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro P.M.ning yashash xonadoni bojxona xizmat iti yordamida, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. 

Tekshiruv natijasida xonadonning kirish qismida joylashgan, tomorqadagi qurib bitkazilmagan uyning deraza tokchasiga ilingan “marixuana” giyohvandlik moddasi band shoxlari va xona devori tagida yerda bir dona uch litrli banka shisha idishga solingan “marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, xona chetida turgan qoplar ichidagi shisha idishlarda, hovlidagi qop ichidagi selofan paketda oʻtkir hidli och yashil rangli “marixuana” giyohvandlik moddasi borligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari mazkur fuqaro tomorqasida jami 11 tup boʻyi 1,5 metr boʻlgan, ”nasha” giyohvandlik oʻsimligini oʻstirayotgan ekan. Oʻtkazilgan tadbir davomida, jami 550 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi va 11 tup “nasha” giyohvandlik oʻsimligi ashyoviy dalil tariqasida olindi.

OʻzA
2 044