O‘zA O`zbek

17.09.2019 Chop etish versiyasi

OFK delegatsiyasi bilan uchrashuv

OFK delegatsiyasi bilan uchrashuv

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida 16-sentyabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Nufuzli mehmon dastlab OʻFA oldidagi maydonda oʻzbekistonlik yosh futbolchilar bilan uchrashib, ularga futbol toʻplari sovgʻa qildi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti A.Azizov Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifaga Osiyo futbolini rivojlantirish yoʻlidagi muvaffaqiyatli faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi.

Hozirgi kunda OFK dunyodagi eng salmoqli sport tashkilotlaridan biriga aylangan. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi OFKning futbolni rivojlantirishga doir loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Yurtimiz Osiyo futbolidagi yirik musobaqalarni qabul qilish uchun harakatlarni boshlab yuborgan. Jumladan, 2020-yilgi yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati va 2022-yilgi ayollar oʻrtasidagi Osiyo kubogi mezbonligiga oʻz nomzodini qoʻygan.

OFK prezidenti Oʻzbekistonni tashkilotning eng ishonchli hamkorlaridan biri deb bilishini taʼkidladi. Yoshlar oʻrtasida qitʼa birinchiligi va ayollar oʻrtasida Osiyo kubogi boʻyicha tez fursat ichida OFK delegatsiyasi yuborilishini, shuningdek, tashkilotda Oʻzbekistonning kadrlar salohiyatidan foydalanish niyati borligini qayd etdi.

OʻFA terma jamoalar uchun baza boʻlishi moʻljallanayotgan futbol markazi loyihasini rejalashtirmoqda. Uchrashuvda OFK rahbariga ushbu loyiha namoyish etildi. Shayx Salmon loyihaga yuqori baho berib, FIFAning futbolni rivojlantirish qoʻmitasi masʼullaridan biri sifatida dunyo futbolidagi bosh tashkilotni loyihani qoʻllab-quvvatlashga chaqirishini aytib oʻtdi.

Muloqot chogʻida tomonlar oʻzaro hamkorlikka doir koʻplab dolzarb masalalarni muhokama qildi. Yurtimiz va qitʼa futboli istiqboliga qaratilgan kelishuvlarga erishildi.

2 232
Otabek ESHMAMATOV, OʻzA