Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 10:43 Chop etish versiyasi

Odamlarning kayfiyati ko‘tarilib, ertasiga ishonchi ortdi

Odamlarning kayfiyati ko‘tarilib, ertasiga ishonchi ortdi Bugun mamlakatimiz hayotida kechayotgan o‘zgarishlarga o‘zini daxldor sezmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalarni izchil rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar odamlarning kayfiyatini ko‘tarib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Davlatimiz rahbarining 10-11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida vohada olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, aholining farovon yashashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishuvi, xalq bilan uchrashib, samimiy suhbatlashgani barchamizni ruhlantirib yubordi.

Prezidentimiz tumanimizda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilgan “G‘urjak-1” massivida ham bo‘lib, foydalanishga topshirilgan uylar, ularda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xonadonlarga tashrif buyurib, uy egalarining ezgu maqsad-rejalari bilan qiziqdi, ularning quvonchiga sherik bo‘ldi.

Men tarbiyachiman. Bir o‘g‘il va bir qizni voyaga yetkazdik. Qizimni turmushga uzatganman. O‘g‘lim Shahruzjon o‘tgan yili Sherobod iqtisodiyot kollejini bitirib, bugun o‘zi mustaqil mehnat qilmoqda.

Odamlarning kayfiyati ko‘tarilib, ertasiga ishonchi ortdi

O‘g‘limning ham orzu-havasini ko‘rsam, yangi uy olib kelin tushirsam, degan niyatim bor edi. Xudoga shukr, Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq joylarda yangilangan loyihalar asosida uylar qurilishi boshlangach, orzuimga yetishdim. Tuman hokimligi, mahalla faollari uy olishimizga ko‘maklashdi. Yangi yil kunlari “G‘urjak-1” massivida barpo etilgan 16 xonadondan iborat ikki qavatli turar joydan ikki xonali uy olib, ko‘chib o‘tdik. Bundan juda xursandmiz.

Yangi uyimizda uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish uchun hamma sharoit bor: jo‘mrakni burasangiz issiq suv, sovuq suv keladi. Xonadonimiz “Ariston” isitish qozoni orqali isitiladi. Xonalar yashash va foydalanish uchun har tomonlama qulay qilib loyihalashtirilgan, keng va yorug‘, shinam.

Uyimiz uzoq muddatli kredit asosida berilgani, to‘lov foizlarining kamligi bizga yanada yengillik tug‘dirmoqda.

Prezidentimiz tashrifi davomida bizning xonadonimizda ham bo‘lib, yashash sharoitimiz bilan qiziqdi.

Ilgari ijara uylarda yashab, qanday qiyinchiliklarni ko‘rganim ortda qolganini, endi bemalol yangi uyga kelin olishim mumkinligini aytib, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdim.

Davlatimiz rahbari yangi massivda aholi uchun qulayliklarni yanada oshirish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi. Mahalla profilaktika noziriga ham yangi uydan xonadon berilgani hududda osoyishtalikni ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Qishloq aholisi turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ulkan ishlarni bir paytlar tasavvur ham qilolmaganmiz. Prezidentimizning qarori asosida qisqa vaqtda qad rostlagan arzon, ixcham, qulay uylar ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hech kimdan kam bo‘lmay hayot kechirishida muhim ahamiyat kasb etayotir. Davlatimiz rahbarining islohotlar xalqimiz hayotida qanday aks etayotgani bilan shaxsan tanishayotgani bizni yurtimizning gullab-yashnashi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga undaydi.

Barno Chorshanbiyeva,

Sherobod tumanidagi 3-maktabgacha
ta’lim muassasasi tarbiyachisi.

Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
1 203






Все о погоде - Pogoda.uz