Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.06.2018 18:05 Chop etish versiyasi

Odamlarda ertangi kunga ishonch ortmoqda

Andijonda mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining Baliqchi tumanidagi o‘rganishlari yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari U.Ismoilov, R.Komilov hamda qator vazirlik va idoralar, viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda o‘rganish natijalari atroflicha tahlil qilindi.

Baliqchi tumanida 194 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ularning 64 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Tumanda 56 umumta’lim maktabi, 32 maktabgacha ta’lim muassasasi, 8 qishloq vrachlik punkti, 6 qishloq oilaviy poliklinikasi, 2 ko‘p tarmoqli poliklinika mavjud.

Ishchi guruh tomonidan tumandagi 66 mahalla fuqarolar yig‘inidagi qariyb 30 ming xonadonning hayoti, turmush tarzi va muammolari o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar jarayonida fuqarolarni asosan tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti, toza ichimlik suvi tanqisligi, ishsizlik, elektr energiyasi ta’minoti, maktabgacha ta’lim, uy-joy, moddiy yordam masalalaridagi muammolar qiynayotgani aniqlandi. Umuman, ishchi guruh tomonidan joylarda 6 mingdan ziyod muammo aniqlanib, ularning 67 foizi bartaraf etildi. Eng muhimi, ayrim rahbarlarning e’tiborsiz va mas’uliyatsizligi oqibatida yillar davomida hal etilmay kelayotgan ko‘plab muammolar o‘z yechimini topdi.

Ishchi guruh turli xastalik va jismoniy yetishmovchiliklardan aziyat chekayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratdi. Tumandagi 1095 nafar nogiron, 1450 nafar faxriy malakali shifokorlar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng 560 dan ziyod fuqaroga tuman, viloyat va respublika tibbiyot muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, aholining kam ta’minlangan, ehtiyojmand qatlami vakillariga, xususan, uy-joyga muhtoj 10 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi, 274 fuqaro ishga joylashtirildi.

Respublika Ishchi guruhining aholi bilan yuzma-yuz muloqoti, mamlakatimizda odamlarning yashash sharoiti va turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yurtdoshlarimizda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘rganishlar davomida ijtimoiy soha obyektlari – maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, shifoxonalar faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan zarur amaliy yordam ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”lariga barcha murojaatlar ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar kiritildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 641