O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

“Odamlar, avaylang, bir-biringizni...”

“Odamlar, avaylang, bir-biringizni...”
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Jumaniyoz JABBOROV tavalludining 90 yilligiga

Adabiyotimiz tarixida ne-ne durustgina isteʼdodi bor ijodkorlar unvon, mavqe, amal talashib, boshqalarda boʻlmagan noyob iqtidorlarini shamolga sovurganini bilamiz. Hozir ham bunday salbiy toifaga mansub qalam sohiblari oz boʻlsa ham bor. Lekin ilikni mardlar qoqib, tayyorga ayyor nomardlar yegan zamonlar ortda qoldi.

Ota-bobolarimiz bahorda kurkurak koʻrmaguncha tokni ochmagan. Ustoz Jumaniyoz Jabborov har bir sheʼri, har bir asarini pishiq-puxta yaratgan soʻz zargari. Ayrim zamondoshlari minbarlarda uzzukun maʼruza oʻqigan yillarda u bosiq, vazmin holda oʻz ijodi bilan mashgʻul boʻldi, jahon adabiyotining buyuk asarlaridan biri “Shohnoma”dan oʻn besh ming misrasini mahorat bilan oʻgirdi, oʻnlab ajoyib dostonlar, dramalar yozdi. Oʻtgan asrning elliginchi yillaridayoq shoirning 4 ta sheʼriy toʻplami kitobxonga yetib borgan edi. Allomai zamon Ibrohim Gʻafurov yozganidek, “u yigitlik umrining shirin damlarini sheʼrga bagʻishladi, yuragining qoʻrini sheʼrga toʻkdi”. Yuzlab mukammal, quyma, tesha tegmagan sheʼrlar bitdi. Masalan, shoirning 1980-yili Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosilgan 470 betlik “Saylanma”sining birinchi jildiga uch yuzga yaqin sheʼri va 3 dostoni kiritilgan. Ikkinchi jildga sheʼrlar, dostonlardan tashqari pyesalaridan namunalar kiritildi.

Archa xush boʻy taratgani uchun mingga kirar ekan. Atoqli shoirning eng goʻzal sheʼrlari nafaqat mamlakatimizning muazzam marosimlari, balki xalqaro maqomga ega tantanalarda ham baralla yangradi. 2016-yilning 24-iyuni. SHHTning Toshkent sammiti nihoyasiga yetmoqda. Poytaxtimizdagi muhtasham anjumanlar saroyida SHHTga aʼzo davlatlar — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikistondan tashqari Turkmaniston, Belarus, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Moʻgʻuliston rahbarlari, Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokidagi bayram konserti namoyish etildi. Uni Oʻzbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov va Gulsanam Mamazoitovalar ustoz Jumaniyoz Jabborov soʻzi, Anor Nazarov musiqasi bilan “Jon Oʻzbekiston” qoʻshigʻini aytib yakunladi:

Nafosat yoʻgʻrilgan ey aziz diyor,

Mehrdan tugʻilgan ey aziz diyor,

Navqiron yoshingni qutlaymiz bu kun,

Saodat chamani, abadiy bahor.

Bu oydin kechalar, jon Oʻzbekiston,

Bu yorugʻ koʻchalar, jon Oʻzbekiston.

Bu bogʻu chamanim, jon Oʻzbekiston,

Bu goʻzal Vatanim, jon Oʻzbekiston...

Oʻsha oliy darajadagi anjuman konserti videotasvirini qayta koʻrar ekanman, aziz ogʻam, tugʻishgan birodarim, mohir tarjimon, “Alash” xalqaro va O.Sharafiddinov nomidagi adabiy mukofotlar sohibi Mehmonqul Islomqulovning ijobiy maʼnodagi armonu afsus bilan: “Yangiboy! Biz ikkimiz ustoz Nosir Fozilov bilan oʻn-oʻn besh yil kechikib uchrashibmiz!” degani esimga tushdi. Ammo keyingi oʻn besh yilning oʻzidagina Nosir ogʻa ikkimizning ham qalamimizni bir qadar charxlab bergani, qardosh qozoq adiblari bilan yana-da yaqinlashtirib ketgani koʻpchilikka maʼlum. Xuddi shunday men Jumaniyoz aka hayotining keyingi oʻn besh yilida unga eng yaqin inilaridan biri boʻlganim bilan faxrlanaman. Ustoz bilan kamida 6-7-marta Zomin seminariga bordik. U chogʻlardagi qahramon raisimiz Abdulla Oripov Oʻriklisoyga yetganimizdan soʻng qadrdon ogʻamiz Sirojiddin Sayyiddan:

- Qani, kim-kim bilan joylashadi? – deb soʻraganida:

- Boshqalarni bilmadimu Jumaniyoz bobo har galgidek Mahmud aka bilan Yangiboy ogʻani oʻz chodiriga oladi. Salimjon Ashurovni qoʻshsak, “velikolepnaya chetvyorka” boʻladi-qoʻyadi! – deb javob bergan edi. Tun yarmida uchovimiz uyquga ketganimizda Jumaniyoz aka hamon yon daftariga nimanidir yozib oʻtirardi. Tongda uygʻonsam, ustoz yoʻq. Chiqsam, soy boʻyidagi chorpoyada yuzlari yorishib oʻtiribdi.

- Sizning ismingiz Yangiboy. Shu bois yangi sheʼrimni birinchi boʻlib Sizga oʻqib bersam! – dedilar kamtarlik bilan.

- Bajonidil. Ammo ijozat bersangiz, ustoz, yangi sheʼringizni men Qoʻchqorov bilan birga singlim Qoʻchqorova ham eshitsa! – dedim ajriqzor orasidagi yolgʻizoyoq soʻqmoqdan kulimsirab kelayotgan Xurshidaga ishora qilib. Andijonlik kayvoni qiz kelgach, ustoz zavq-shavq bilan tandirdan yangi uzilgan sheʼrni oʻqiy ketdi:

Bul kecha Oʻrikli soy uxlatmadi,

Naq tepamda turdi Oy, uxlatmadi.

Bir havokim, jon huzuri, koʻz nuri,

Yarmi qaymoq, yarmi moy, uxlatmadi...

Birozdan keyin Qashqadaryo viloyatining u kezlardagi rahbari Nuriddin Zayniyev vohadan kelib Toshkentda ijod qilayotgan 18 ijodkorni Qarshiga chorlabdi. Safar tadorigi chogʻi Jumaniyoz bobo Abdulla akaga:

- Roʻyxatga yana 3 nafar “qashqadaryolik”ni qoʻshish kerak! – depti.

Abdulla aka:

- Mana, Sirojiddin, qoʻlida qalam va qogʻoz bilan huzuringizda turibdi, “Diktovka” qiling!

- Birinchisi “Oʻynatur soʻzlarni misli “Dilxiroj”, Chun aruz vaznida ham mohir Siroj”. Bir paytlar Surxon bilan Qashqadaryo bir viloyat boʻlgan. Ikkinchisi – Mahmudjon Toirov. Uchinchisi – Yangiboy Qoʻchqorov. Hammamiz birga boʻlsak, gap-soʻzga ham oʻrin qolmaydi...

Uch kun davomida viloyatning yettita tumanida boʻldik. Xoʻja Ilgʻorda Temur bobo mashq qilgan botmonday toshni bir polvon yigit azot koʻtardi. Tosh bilan koʻkragiga ura boshlagan edi, Jumaniyoz bobo avtobusga qarab yurdi. Borsam avtobusning oxirgi oʻrindigʻida oʻy oʻylab oʻtiribdi. Indamasdan beriroqqa choʻkdim. Hamma oʻz oʻrnini egallagach, Abdulla aka:

- Jumaniyoz bobo! Qoʻlingizni koʻtaring! – dedi. Jumaniyoz bobo esa avtobusning darchasiga barmoqlari bilan nenidir yozardi. Imlasam:

- Labbay, Abdullajon! – dedi.

- Imomlikdan boʻshadingiz. Mixli aka! Fotihaga qoʻl oching!

Mingchinor tomondagi ulkan chinorni koʻzdan kechirayotganimizda u Abdulla akaga qarab:

- Gulday qudasi boʻlsam ham ayamadi-ya? – dedi shivirlab. Kulay desam kulolmayman. Oʻzbekiston KP MQ boʻlim mudiri Said Shermuhammedov oʻrinbosarlikka chaqirganda bormagan goʻdakdek begʻubor Jumaniyoz Jabborov edi bu. Ammo oʻrni kelganda har qanday muddaosini aniq ayta olar edi. Bir gal torgina doirada rahbarlarning korrupsiya botqogʻiga botayotgani aytilganida hech kim kutmagan keskin iborani aytgani hamon qulogʻim ostida jaranglaydi. Sheʼrlarida romantik va realistik xulosalar moʻl:

Tunning qora mushkin sochlaringga qoʻshib oʻray,

Oftobni eritib, yonogʻingga suray;

Koʻmir olmoqdamiz yerdan togʻu togʻ,

Temir olmoqdamiz undan ham koʻproq;

Goʻyoki qoplonga duch kelar ohu,

Odamni, aslida, odam oʻldirar;

Amu bilan Sirning dodin eshitmay,

Quritib qoʻyibmiz Orolni;

Ayol chor atrofga boqarkan karaxt,

Bu yurtning erlari oʻlganmi deyman;

Bank koʻp, jamgʻarma koʻp, oshxona toʻp-toʻp,

Faqat ne uchundir kam… kutubxona.

Shahrisabzdagi adabiy anjumanda iqtidorli adib Jabbor Xalilning uyushmaga oʻtishi mavhumlashib borayotgan edi. Shunda Jumaniyoz bobo shartta oʻrnidan turib:

- Men Jabbor otaning oʻgʻli, Xalil boboning nevarasiman. Shuni hisobga oling, Abdullajon. “Dadam”ni uyushmaga aʼzo qila qolaylik! – dedi.

- Bitta shart bilan qabul qilamiz. Ikkinchi marta adabiyot bilan kinoni “kasha” qilmasin!

Hammamiz qoʻl koʻtardik. Jabbor Xalil uyushma aʼzosi va uyushmaning Shahrisabz tumanlararo shoʻbasi rahbari qilib saylandi. Anjumandan chiqqanimizda Jumaniyoz aka: “Soʻrang-chi, Qayerda qovun tushirgan ekan?” dedi. Gap nima haqda ketayotganini anglagan Jabbor aka:

- Hazoraliklar sodda boʻladi. almanaxga kinorejissyor doʻstimning bir necha suratini bergan edim. Bir xursand qilay degandim-da. Lekin Abdullajon haq: bu kinoalmanax emas-da! – dedi. Yonimizda turgan qadrdon ogʻam, xalq shoiri Mahmud Toir jilmayib “Oqsoqol! Ijodni kuchaytiring endi!” dedi. Keyin bilsak, “Shahrisabz bayozi” degan almanax tadbirga kirayotganimizda hammamizga berilibdi-yu, Abdulla aka minbarga borayotib, tezgina varaqlagan ekan. Oʻn besh yillik “dastyor” chogʻimda Abdulla akaning bunday “yashin tezligi”dagi “aks sadolari”dan kamida ellik-oltmishtasini koʻrganman.

Avtobusda Jumaniyoz aka Abdulla Qahhor ishtirok etgan bir adabiy uchrashuvdan gap ochdi: “Qahri toshdek qattiq, mehri moydek yumshoq edi, ustodning. Kuchi boʻlmay kurak sindirganlarni xush koʻrmas edi. Mamarasul Boboyevning yubileyida oʻrtamiyona ijodkorlarga “Nega oyogʻingiz tagiga qayta-qayta gʻisht qoʻyaverasizlar. Baribir Mamarasul oʻz ijodi bilan sizlardan baland koʻrinaveradi!” dedi. Oybek domla teran tafakkurga, Gʻafur aka joʻshqin ehtirosga, Shayx domla oʻtkir idrokka, Qahhor domla metin nuqtayi nazarga ega edilar, Har qaysisi oʻziga xos bir olam desam yanglishmagan boʻlaman!”

Ustoz Shayxzodaning “Azizim Jumaniyoz!” deb boshlanadigan bebaho xatlari-chi? Darvoqe, Jumaniyoz akaning 1952-yili Oʻrta Osiyo (1959-yildan Toshkent) davlat universitetini (atoqli shoira Saida Zunnunova bilan birga), 1953-yili M.Gorkiy nomidagi Moskva adabiyot institutining bir yillik kursini (Sulton Akbariy va Poʻlat Moʻmin bilan birga) bitirgani va shu yili Mirmuhsin rahbar “Sharq yulduzi” oynomasiga ishga oʻtganini nazarda tutsak, u Gʻafur Gʻulom, Oybek, Shayxzoda, Abdulla Qahhordek ustodlardan oʻn-oʻn besh yillar davomida duo olgani, chorak asr Mirtemir domlaning oʻgitlariga quloq osgani ayon boʻladi.

Bir odam omochning boshini ushlasa yetti odam choʻmich koʻtarib kutar ekan. Holbuki yerga don sochilganidan to qozonda halim hil-hil boʻlguncha ne-ne tonglar otib, ne-ne kunlar botadi. Elliginchi yillarning boshida ham adabiyot saroyiga qalam va qogʻoz koʻtargan yuz nafardan ortiq shoir, yozuvchi, dramaturglar guras-guras kirib kelishgan. Ammo har janrda barmoq bilan sanarlik yaʼni nasrda Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Nosir Fozilov, Jonrid Abdullaxonov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Farhod Musajonov, Oʻlmas Umarbekov, nazmda Jumaniyoz Jabborov, Saida Zunnunova, Aziz Abdurazzoq, Husnitdin Sharipov, Hayritdin Saloh, Normurod Narzullayev, Oxunjon Hakim, Toʻra Sulaymon, dramaturgiyada Muhammadjon Xayrullayevdek professional adiblargina boʻy tiklay oldilar. Oʻnlab “kosiblar”ning yuzlab nomdagi “kitoblari” esa oʻqirmanlarga yetmasdan makulaturaga aylandi. Aynan oʻsha chogʻlari adabiyotimizga chaqmoqdek chaqnab Erkin Vohidov va Abdulla Oripov avlodi kirib keldi.

Jumaniyoz akaning 70 yoshi nishonlangan kun kechagidek esimda. Davrani hamyurt shogirdi, endigina xalq shoiri unvonini olgan Normurod Narzullayev “Yaʼni Nazriykim, chechandir gapga ham” olib borardi. Yubilyarni avval Ozod Obidovich Sharafiddinov qutladi. Keyin uch qahramon adib – Erkin Vohidov, Said Ahmad, Abdulla Oripovlar samimiy tabrik soʻzlari aytdilar.

Erkin VOHIDOV:

- Assalomu alaykum, Jumaniyoz aka! Said Ahmad akaga mikrofonni berib tabrikni boshlang, desam, avval sen gapir, keyin men davom ettiraman, deyaptilar. Bizning avlod adabiyotga Sizning etagingizdan tutib kirib kelganmiz. Buni hech qachon unutmaymiz. Biz hali boshlangʻich sinf oʻquvchilari boʻlganimizda, elliginchi yillarda “Alpinist” nomli sheʼr yozgan edingiz. Shu esingizda bormi? U paytlari faqat partiya, dohiy, SSSR degan sheʼrlar yozilardi, xolos. Muhabbat haqida yozish-ku, mutlaqo “zapret” qilingan edi. Siz oʻta jiddiy va oʻta quvnoq insonsiz. Esingizdami: bir ardoqli ustozimiz mashinada pinakka ketganida men rulda, Abdullajon yonimizda bir gʻazal boshladingiz va bizlar qoʻshildik:

Aqlu fahmingiz kalta-yu, boʻyni daroz oʻlmay keting,

Shogird oʻlmay biz oʻlaylik, Siz ustoz oʻlmay keting.

Koʻp ichishdan nusxangiz ham shishaga oʻxshab ketar,

Ham “zakuska”ngiz kabi achchiq piyoz oʻlmay keting.

Dunyoda hech bir azob yoʻq mast yetaklashdan boʻlak,

Erkinu Abdulla-yu ham Jumaniyoz oʻlmay keting.

Yana bir bora yubileyingiz muborak boʻlsin, doimo shundoq quvnoq boʻlib yuring!

Said AHMAD:

- Jumaniyoz 70 yoshga kiribdi. Bundoq oʻylab qarasam, munosabatlarimizga 45 yil boʻlibdi. 1955-yilda oʻsha “safarlar”dan kelganimdan boshlab hisoblasak, 45 yildan buyon har kuni desam, toʻgʻri boʻlmas, har haftada uchrashib kelayotganimiz aniq. Lekin shu 45 yil davomida Jumaniyozning biror marta biror odamga qattiq gapirganini, biror odamni behurmat qilganini koʻrgan ham, eshitgan ham emasman. Birovdan noliganini ham bilmayman. U Toshkentga kelib, birin-ketin bolalari koʻpaygach, kecha-yu kunduz “mihnat”, faqat “mihnat” bilan mashgʻul boʻldi. Chukotka boʻladimi, boshqa joymi, yaxshi yozuvchilarning asarlarini topib, yaʼni uygʻurchadanmi, qoraqalpoqchadanmi, tojikchadanmi, oʻrischadanmi, baquvvat tarjimalar qildi. Efirni egallagan qoʻshiqchi shoirlardan biri boʻlib turibsan. Sening qoʻshigʻingni aytmagan hofizning oʻzi yoʻq. Azizlar! Jumaniyoz xalq shoiri boʻldi. Ammo undan oldin Yaxshi inson degan ajoyib unvonni olgan edi. Dilbar ayolining uyni uy qilishdagi xizmatini aytmasam boʻlmaydi. Shundoq ayol bilan uzoq yashamaslik mumkinmi? Men Senga, oilangga, bolalaringga uzoq umr tilayman!

Abdulla ORIPOV:

- Men davrani ochib bergan ulugʻ ustozimiz Ozod Sharafiddinovning, mana, Said Ahmad akaning, safdoshingiz, ukangiz Erkin Vohidovning ulugʻ dovonni egallaganingiz haqidagi qutlovlariga qoʻshilaman. Birinchi navbatda Jumaniyoz aka unib-oʻsib, yashab, ijod qilayotgan mahallasi ahliga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mana, ulugʻ yoshda Malik domla Nabiyev oʻtiribdilar, oqsoqollarimizdan Ismoil Sulaymonov, Maqsud Qoriyev, Nazarmat bovolar oʻtirishibdi. Men ularning pir boʻlib davru davron surishlarini, mamlakatimizning katta-katta yigʻinlarida oqsoqollar sifatida toʻrda oʻtirishlarini istar edim. Men Sizga, qoʻni-qoʻshni, qavmu qarindoshga, viloyatlardan kelgan aziz birodarlarimizga, bu yerdagi barcha mehmonu mezbonlarga, shu jumladan, Said Ahmad bovoga uzoq umr tilayman!

Bir koʻngil imorati – ming makka ziyorati. Oʻriklisoy boʻyida ikkovlon gurunglashganimizda ustoz bir necha kitoblik rejalarini soʻzlab berdilar. Jumaniyoz akaga: “Hozir respublikamizda yuzta nashriyot bor!” desam ishongisi kelmadi. “Oʻsha jildlarni bir necha nashriyotga topshiring-da, qaymogʻini bittasiga bering!” dedim. U darhol papkalarini tita boshladi. Men katta yoʻl tomonga chiqib ketdim. Oromgoh darvozasi yonida qurut shimib tursam, militsiya libosidagi bir bezovta yigit keldi. U paytlari Oʻriklisoyda uyali telefonlar ishlamas edi. Mendan:

- Shoir Jumaniyoz Jabborov shu yerdami? – deb soʻradi.

- Shu yerda. Tinchlikmi?

- Oʻgʻli olamdan oʻtibdi! – deb shivirladi serjant.

- Hech kimga indamang! – deb yuqoriga chopdim. Mahmud akani koʻrib vaziyatni tushuntirdim. U Abdulla akaga aytib, oʻzining “GAZ-31” rusumli xizmat mashinasini hozirladi. Bu 2005-yilning yozi edi. Toshkentga qaytsak, Jumaniyoz akaning qizi Qunduzxonning eri, Xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning oʻgʻli Baxtiyorjon olamdan oʻtgan ekan.

Erkin akam aytganidek, Jumaniyoz ustoz bilan koʻp yaxshi, koʻp qiyin kunlarda birga boʻldik.

Marvarid igna emas, doimo but qoladi. Shu munosabat bilan zabardast shoir shajarasiga bir shingil toʻxtab oʻtsak oʻrinli boʻlar. Bugun ulugʻ vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyni butun jahon biladi. Ammo uning beqiyos alloma boʻlib yetishishida ustozi Abu Nasr Iroqning xizmati kattadir. Bobokaloni Egamberdi novvoy, bobosi Xalil Kosondagi Poʻlati qishlogʻining iroqlik arablaridan. Shoirning otasi Jabbor Xalilov (1904-1990) Poʻlatida selpo, yaʼni qishloq matlubot jamiyati raisi boʻlgan. Onasi Rajabbibi. Aslida yosh Jumaniyoz qarindoshi Chinnixon ayaning va albatta Aziza aya Fayzulla qizining (1920-2003) qanoti ostida ulgʻaydi. Taqdirning shirin sharbati uni va oqila rafiqasi Shamsiyabibini Toshkent shahar, Shayxontohur tuman, Muhiddin Qoriyoqubov koʻchasi, 2-tor koʻcha, 30-uyga boshlab keldi.

Shu yerda, 1952-yilning 20-iyunida toʻngʻich farzand Hamidjon tugʻildi. U avval Toshkent davlat universitetining sharq, keyin M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetlarini bitirdi. Hindi va urdu tili bilimdoni sifatida Pokiston, Hindiston, Indoneziyada ishladi.

1954-yili tugʻilgan Anvar Jabborov Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tugatdi. Oʻz kuchi, saʼy-harakatlari bilan filologiya fanlari nomzodi boʻldi. U OʻzRFA Til va adabiyot institutining kichik ilmiy xodimligidan Vazirlar Mahkamasi departament mudiri, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Anvar aka bilan juda qadrdon edik. 2012-yilning may oyida bu ajoyib insonning umr yoʻli fojiali yakun topdi. Bu oʻrinda shu kungacha dilimning bir chekkasida qolib kelayotgan bir tafsilotni aytib oʻtmasam boʻlmas. Aynan oʻsha kunlari Urganchda ustozim Oshiq Erkin tavalludining 75, Nukusda yana bir ustozim Sharof Usnatdinov tavalludining 70 yilligi keng nishonlanayotgan edi. Men u tantanalarda ishtirok eta olmadim. Iloyim, ikkalasi ham yuzga kirsinu men oʻsha damlarda Toshkentda, rahmatlik Anvar Jabborovning maʼrakasida edim. Nainki aka-ukalar, balki qaynotasi, aziz ustozim, xalq shoiri Oxunjon Hakimning yonida turmasam boʻlmas edi. 26-mart kuni Oxunjon aka ham olamdan oʻtdi. U bir dunyo adabiy meros qoldirdi. Lekin yuragimda bir armon qoldi: ustoz uch yildan buyon biz bilan birga nashrga hozirlagan yangi “Toshyongʻoq” romanining chop etilganini koʻrolmay ketdilar.

1956-yil tugʻilgan Farhod Jabborov koʻp yillar “Toshkentgeologiya” birlashmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Universalbank”,, “Ipotekabank” tizimida, 1959-yili tugʻilgan Habibulla Jabborov uzoq yillar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasida masʼul vazifalarda faoliyat koʻrsatdilar. Habibullaning akademik Saidkarim Ziyodullayevga munosib shogird boʻlganini ilm ahli yaxshi biladi. Yulduzxon va Qunduzxon xalq taʼlimi, oliy taʼlim sohasida muallimalik qilishdi. Ustozning singillari, ukalaridan Mohira, Toʻymurod, Gulnora, Toʻlqin, Erkin, Uygʻun, Gulveralardan har birida bir etak farzandlar bor. Hammasini yigʻsangiz, bir toʻyxonaga siqqulik sulola toʻplanadi. Toʻy-hashamlarda, yurtning tantanalarida ustoz qalamiga mansub qoʻshiqlar – Oʻzbekiston xalq hofizi Faxriddin Umarov ijrosidagi “Doʻstlar”, Oʻzbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirov ijrosidagi “Koʻring”, Alijon Erkayev ijrosidagi “Goʻzalim”, Qobiljon Yusupov ijrosidagi “Bugun”, “Fayod” guruhi ijrosidagi “Nozlanajakdir”, atoqli bastakorlar – Anor Nazarov va Mustafo Bafoyev bilan hamkorlikda yaratilgan qoʻshiqlar hamisha yangrab turibdi. Shoir librettosi asosida yaratilgan “Fargʻoniy” operasini bir necha marta koʻrganmiz. Oʻnga yaqin pyesalar respublika va viloyat teatrlari sahnalarini bezadi. Ustozning koʻp adiblar, bastakorlar, rejissyorlar xonandalar bilan hamkorligi umrbod doʻstlikka aylanib ketgan. 2010-yilning 24-avgust kuni Toshkentda Jumaniyoz akaga “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovining 1-oʻrin diplomi topshirildi. Tomogʻi ogʻrigani uchun uning minnatdorchilik soʻzlarini Sirojiddin aka oʻqib berdi. 2-oʻrin va 3-oʻrin diplomlarini men olib, oʻzim va Urganchda xasta boʻlib yotgan Matnazar Abdulhakimning tashakkurini aytdim. Jumaniyoz aka bir parcha qogʻozga “Suratga tushaylik!” deb yozdi. U, men va aktrisa Dilnoza Kubayeva suratga tushdik. Oradan biroz oʻtgach, radio uyi yaqinidagi gʻishtin bino qiroat zalida ustoz ijodiga bagʻishlangan adabiy anjumanda qatnashdim. “Fargʻoniy” operasiga oʻzim chipta olib kirsam, qogʻozga “taklifnoma bergan baʼzi ogʻaynilarim kelmay, Siz kelibsiz!” deb yozdi. “Asosiysi xalq zalni toʻldirib oʻtiribdi!” dedim. Bir necha daqiqa bagʻriga bosib turdi. Oʻsha kuz biz uchun oʻta sovuq keldi. Sentyabrda Toʻlepbergen ogʻa va Matnazar akadan, dekabrda Jumaniyoz aka va Pirimqul akadan ayrilib qoldik.

- Agar mendan “Bola boʻlib qachon ishga yaragansiz?” deb soʻrasalar, “Mirtemir domlagan choy koʻtarib kirgan kunim!” deb javob bergan boʻlardim. – deydi Habibulla Jabborov. – “Qachon oʻspirin boʻlgansiz?” deb qoʻshimcha savol bersalar, tabiiyki, “Uyga kelgan atoqli adib Odil Yoqubovning “GAZ-21” rusumli mashinasini ijozatsiz haydab qochgan kunim” deb javob beraman. Haqiqatan ham otam Mirtemir domla, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Nosir Fozilov, va albatta muhtaram qudalari Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Oxunjon Hakimov, Abdulla Oripov, boshqa oʻnlab hamkasblari bilan qadrdon edilar. Esimni taniganimdan buyon qora qozonimiz tagidagi olov biror marta boʻlsin, oʻchganini bilmayman. Said Ahmad, Matyoqub Qoʻshchonov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Ibrohim Gʻafurovlar ham tez-tez kelib turishardi. Asqad aka bilan Erkin akaning tashriflari rejali boʻlardi. Eng koʻp keladigan hamkasbi Pirimqul Qodirov va uning rafiqasi Safiya aya edilar. Yanglishmasam, ikkovi Moskvada oʻqiganlarida oʻta qadrdon boʻlib qolishgan. Xudoyberdi aka Sanobar aya bilan, Oxunjon aka Dilbar qudagʻayimiz bilan, Abdulla aka Hanifa opamlar bilan ham kelishardi. Bastakor Anor Nazarov kirib kelsa darhol sosiska keltirish uchun doʻkonga chopardim. Otam bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev bilan ham samimiy munosabatda edi. Komil Yashin, Izzat Sulton, Zulfiya, Sharof Rashidov, Shuhrat, Hamid Gʻulom, Mirmuhsin, Turob Toʻla, Rahmat Fayziy, Shukrullo, Ramz Bobojon, Sarvar Azimov, Ozod Sharafiddinov, Maqsud Qoriyev, Oʻlmas Umarbekov, Shoislom Shomuhammedov, Ikrom Akbarov. Otamning ustozlari, safdoshlari, qadrdonlarini toʻliq roʻyxat qilsam, yuz kishidan oshib ketishi aniq. 2010-yilning 13-dekabrida otam olamdan oʻtganida koʻchamizga odam sigʻmay ketgan edi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev (u kezlari hukumat rahbari edilar) onamga va bizga taʼziya izhor qilayotib, “Jumaniyoz aka butun mazmunli umri, noyob ijodini xalqqa, Oʻzbekiston ravnaqiga baxsh etdi. Vatan esa oʻzining munosib farzandlarini hech qachon unutmaydi!” dedilar. Istiqlol bayramlari, navroʻz tantanalarining ochilishi va nihoyasida otam yozgan ajoyib sheʼrlar asosidagi taronalar yangrar ekan, oʻsha samimiy soʻzlar yodimga tushadi. Ardoqli uyimizda bizlar dunyolarga alishmaydigan bebaho xazina bor. Bu u kishining koʻz nuri, qalb qoʻri, oʻtkir tafakkuri bilan bitilgan kitoblari. Ular yuz yillardan keyin ham elga beminnat xizmat qilishiga ishonaman!

Habibulla ukamiz toʻla haq. Ustoz adibning oʻndan ortiq tillarda chop etilgan ellikdan ziyod kitoblari orasida barcha nashrlari kabi oʻziga aziz, ammo alohida ardoqqa ega bittasi bor. Bu – 2010-yilda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida bosilgan 524 betlik “Koʻnglim kitobi”. Jumaniyoz aka unga Zomin safari chogʻi tartib bera boshlaganini aytgan edik. Unga 150 ga yaqin sara sheʼrlari, 2 dostoni, Al-Maariy, Firdavsiy, Rumiy, Shirvoniy, Zokoniy, Hofiz, Xoʻjandiy, Mushfiqiy, Gʻolib, Bayron sheʼrlaridan tarjimalar, M.Lermontov dostoni oʻgirmasi, Oybek, Gʻ.Gʻulom, M.Shayxzoda, A.Qahhor, S.Abdulla kabi adabiyotimiz chinorlari haqidagi esselar, shoirning 17 hamkasbiga oʻrtoqlik hazillari kirgan. Ushbu kitobni varaqlar ekanman, Abay hazratlarining kamtarin bir tarjimoni sifatida quyidagi misra koʻz oldimda jilolandi:

— Oʻldi, desa boʻladimi? Aytinglar-chi,

Orqasida oʻlmaydigan soʻz qoldirgan?!

Shu satrlarni yozayotganimizda oynayi jahon orqali Anor Nazarovning tantanavor musiqasi yangrab, ekranda Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi, professor Muyassar Razzoqova koʻrindi va ustoz Jumaniyoz Jabborov qalamiga mansub ajoyib qoʻshiqni million-million yuraklarga ulasha boshladi:

Dunyoda Vatandan azizroq ne bor,

Ne mavjud Vatandan goʻzal, ulugʻvor,

Vatandir hayotning koʻrki, gultoji,

Yashamoq maʼnosi, umr rivoji,

Odamlar, avaylang bir-biringizni,

Asrangiz kelajak, taqdiringizni.

Yurakdan yurakka nur yogʻsin faqat

Vatanga baxshida mehru muhabbat!

Keling, aziz Vatandosh, shu daʼvatga “Labbay!” deb javob berib, bir-birimizni, kelajagimizni, Vatanimizni asraylik, bu oʻtkinchi sinovdan mardonavor oʻtib, bir oʻzi oʻttiz toʻrt million jonni oʻylayotgan davlatimiz rahbari tevaragida jipslashaylik!

Yangiboy QOʻCHQOROV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,
Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

4 232
OʻzA