Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.10.2017 18:13 Chop etish versiyasi

Odam savdosiga qarshi kurashish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish borasida davra suhbati o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati Guliston shahar prokuraturasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi shahar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kasb-hunar kollejlari pedagoglari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda odam savdosining oldini olish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, noqonuniy mehnat migratsiyasiga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni va Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha taklifi jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Guliston shahar prokurori S.Bozorov. – Bugun dunyoda ro‘y berayotgan nizo va mojarolarning asosiy ishtirokchilari ham, sodir etilayotgan teraktlar ijrochisi ham, har xil ekstremistik guruhlarga qo‘shilib ketayotganlar, odam savdosi qurboni bo‘layotganlar ham asosan 19 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Afsuski, ular orasida bizning yoshlarimiz ham borligi kishini tashvishga soladi. Bunday holatlarning oldini olish uchun avvalo, ular ilm olishi, kasb-hunar egallashi zarur, buning uchun esa bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim.

Tadbirda odam savdosining oldini olish, noqonuniy mehnat migratsiyasiga qarshi kurashish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 639






Все о погоде - Pogoda.uz