O‘zA O`zbek

10.08.2018 22:44 Chop etish versiyasi

Odam savdosiga qarshi kurashish – jamiyat oldidagi muhim vazifa

Odam savdosiga qarshi kurashish – jamiyat oldidagi muhim vazifa “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “Odam savdosiga qarshi kurashish – jamoatchilik nigohida” mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. So‘rovdan ko‘zlangan maqsad aholining odam savdosi muammosi to‘g‘risidagi xabardorlik darajasi, ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning samarasi to‘g‘risidagi fikrlarini aniqlashdan iborat.

So‘rov mamlakatimizning barcha hudularida o‘tkazildi. Unda shahar va qishloq joylarda istiqomat qiladigan turli yoshdagi respondentlar ishtirok etdi.

Odam savdosi – bu jahonning deyarli barcha mamlakatlaridagi millionlab insonlar hayotiga dahl qiluvchi global muammodir. U inson huquq va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzgan holda, erkak, ayol va bolalarni o‘z qurboni, ekspluatatsiya obyektiga aylantiradi, jismoniy va ruhiy jihatdan azob berib, hayotdan mahrum qiladi.

Ushbu global muammo to‘g‘risida aholining xabardorlik darajasini oshirish odam savdosiga qarshi kurashishning muhim vositasi hisoblanadi.Chet elda noqonuniy ishga joylashish va fuqarolarning odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar iskanjasiga tushishning sabablarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishining aniq omillari va salbiy oqibatlari to‘g‘risida aholini xabardor qilishda targ‘ibotning turli shakllaridan foydalangan holda keng kampaniya faoliyat yuritadi.

Ijtimoiy so‘rov fuqarolarning odam savdosi kabi jinoyatning bunday ko‘rinishi mavjudligi to‘g‘risida xabardorlik darajasi yuqoriligini ko‘rsatdi. So‘rov ishtirokchilarining aksariyati mazkur muammo haqida bilishini tasdiqladi.

Respondentlarning 93,2 foiziular uchun odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar to‘g‘risidagi asosiy axborot manbai televideniye hisoblanishini ta’kidladi. Fuqarolar ular bilan bog‘liq bunday holatlar va muammolar to‘g‘risida yanada to‘liq, chuqur, tezkor va kengroq axborotga ehtiyoj sezmoqda.

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston aholisi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida baholaydi. Mamlakatimizning barcha hududlaridagi fuqarolar, shahar va qishloq aholisi, erkak va ayollar yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi va ma’lumotidan qat’i nazar, shunday fikrda.

So‘rov doirasida hamyurtlarimizning odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar to‘riga ilinish holatlari to‘g‘risidagi axborot aholiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi. So‘rov ishtirokchilari “odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan g‘azab va nafrat”, “ularga adolatli jazo tayinlash istagi”ni his qilishini ta’kidladi. Odam savdosi qurbonlari esa respondentlarda “achinish va rahm-shafqat”, “yordam berish istagi”ni uyg‘otadi. Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 76,2 foizi bu baxtsizlikda insonlarning o‘zi aybdor deb hisoblaydi.

Qullik changaliga tushishning oldini olishda so‘rov ishtirokchilari oilaning muhim rolini qayd etdi. Oila bolalarning ta’lim olishi, kasb egallashi, ularda mustaqillik, o‘zini hurmat qilish tuyg‘usi, g‘ururi, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilinishiga chiday olmaslik kabi muayyan fazilatlarni tarbiyalashga mas’uldir.

So‘rov natijalariga ko‘ra, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar to‘riga tushish xavfiga kasbining tayini yo‘q, ma’lumoti va huquqiy bilimi past, yengil va tez pul topishga umid qiluvchi, tabiatan ishonuvchan, o‘ziga ishonchi bo‘lmagan, yot ta’sirlarga beriluvchan fuqarolar duchor bo‘ladi. Respondentlar vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun migrant jo‘nab ketayotgan mamlakat tilini bilmasligi odam savdosi qurboniga aylanish xavfini oshirishini alohida ta’kidladi.

So‘rov ishtirokchilari fuqarolar majburiy mehnatga jalb qilingan asosiy mehnat faoliyati sohalari sifatida qurilish va qishloq xo‘jaligi, uy hayvonlariga qarash va boshqalarni qayd etdi.

So‘rov davomida mamlakatimiz fuqarolari orasida erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq odam savdosi qurboniga aylangani aniqlandi. Fuqarolar jinoyatchilar to‘riga asosan notanish shaxsga xorijda ishga joylashish uchun yordam so‘rab murojaat qilgan vaqtda, noqonuniy mehnat migratsiyasini amalga oshirish uchun chiqish jarayonida ilingan.

Tadqiqot davomida so‘nggi yillarda o‘z oila a’zolarini qullikdan xalos etishga urinishlarni mustaqil ravishda amalga oshirgan respondentlar soni kamayganligi aniqlangan. Bu odam savdosi holatlari bilan bog‘liq jinoyatlarni ochish bo‘yicha davlat va huquqni muhofaza quluvchi organlar ishi hamda jabrlangan fuqarolarni Vatanga qaytarish Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya faoliyatining samaradorligi bilan tushuntirilmoqda. Bu ishning natijadorligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi institutlarining joriy qilinishi bilan oshdi.

So‘rov ishtirokchilarining ko‘pchiligi odam savdosiga qarshi kurash butun jamiyatning vazifasi hisoblanishi va fuqarolar ushbu hodisa bilan kurashishda davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam berishga tayyorliklariga ishonadi. Ushbu kurashning samaradorligiga fuqarolik institutlari va fuqarolarning uzviy hamkorligi va faol qo‘llab-quvvatlashi orqali erishiladi.

Respondentlar odam savdosi holatlarining profilaktikasida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari o‘tkazish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish,salohiyatli mehnat migrantlarini mavjud xavf-xatar haqida xabardor qilish muhim o‘rin tutishini ta’kidlagan. Ishtirokchilar mamlakat hududida yangi ish o‘rinlari yaratish va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish, shuningdek, boshqa davlatga ishlash uchun ketgan fuqarolar ustidan tegishli organlar tomonidan yanada qattiq nazoratni amalga oshirish odamlarning jinoyatchilar to‘riga tushish xavfini kamaytiradi, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan inson huquq va erkinliklarining amalga oshirilishini ta’minlovchi istiqbolli yo‘nalishlar odam savdosiga qarshi kurashishda muvaffaqiyatli islohotlarning kafolatiga aylanadi. So‘rov O‘zbekiston fuqarolari mazkur muammoning muhim va jiddiyligini anglashi hamda ushbu ijtimoiy yovuzlik barham topishi yo‘lida kurashda faol yordam ko‘rsatish bo‘yicha intilishlarini tasdiqlamoqda.

“Ijtimoiy fikr” ma’lumotlari asosida M.Anisimova tayyorladi, O‘zA
2 478