O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Odam savdosi – qullik evaziga kelayotgan boylik tufayli barham topmayotir

Odam savdosi – qullik evaziga kelayotgan boylik tufayli barham topmayotir

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha odam savdosidan olinayotgan yillik daromad aylanmasi 19 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan.

Bu jinoyatdan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir va ularning 600-800 ming nafari har yili aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, 127 mamlakatda odam savdosi bilan shug‘ullanilmoqda, 98 davlat tranzit vazifasini o‘tamoqda.

Bu raqamlar Toshkentda tashkil etilgan “Odam savdosiga qarshi kurashishda sudlarning o‘rni” mavzudagi xalqaro konferensiyada tilga olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Vengriya, Gruziya, Gresiya, Italiya, Ispaniya qirolligi, Qozog‘iston, Kipr, Qirg‘iziston, Tojikiston, Latviya, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Ukraina, Serbiya, Slovakiya, Sloveniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya kabi mamlakatlardan ekspertlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboeva xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutlash bilan birga O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish borasida qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan, ustuvor yo‘nalish hisoblangan odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatni tag-tomiri bilan yo‘qotish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shunday jinoyatlar qurboniga aylangan fuqarolarga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko‘rsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Bolalar mehnatiga barham berildi, qishloq xo‘jaligi ishlari, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish davrida kattalarning majburiy mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda odam savdosiga va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator salbiy omillar saqlanib qolayotir.

Shunga barham berish maqsadida joriy yil iyul oyida Prezidentimizning “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjatga muvofiq, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.

Milliy komissiya odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Keyingi vaqtda 250 dan ortiq shaxs ushbu masalada ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini belgilaydigan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlangan.

Anjumanda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va boshqalar insonni barcha huquqlaridan mahrum qilib, “zamonaviy qullik”ka mahkum etayotgan odam savdosining xavfli jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Bunday jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligi ta’minlanayotganiga qaramay bunday manfur qilmish hamon uchrab turibdi.

O‘zbekiston ushbu jinoyatga qarshi kurashish bilan birga shu yo‘nalishdagi xalqaro shartnomalarni ham bajarib kelmoqda.

YeXHTning odam savdosi bo‘yicha maxsus vakili va koordinatori Valiant Richi, ShHT bosh kotibi o‘rinbosari Ayzada Subaxojaeva, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor transmilliy xarakterga ega bu jinoyat turli jinoiy guruhlarning mislsiz foyda oladigan daromad manbaiga aylanib borayotgani uchun ham barham topmayotganini ta’kidladi. Shuning uchun bu borada davlatlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash juda muhim. Bu borada davlat ishtirokidagi yirik tuzilmalar imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. O‘z navbatida, har bir davlat iqtisodiy muammolariga e’tibor qaratishi, ishsizlikka barham berishga qaratilgan choralar amalga oshirilishi zarur.

Xalqaro ekspertlar zamonaviy axborot texnologiyalari ham zamonaviy qullik uchun zamin yaratayotgani, odamlarni yolg‘on va’dalar bilan avrash va “qarmoqqa ilintirish”da qo‘l kelayotganiga e’tibor qaratdi. Bunga qarshi, albatta, zarur targ‘ibotni kuchaytirish, odamlarni ogoh etish kerak bo‘ladi.

Konferensiyada odam savdosiga oid jinoyatlarni sudlarda ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ilg‘or tajribalar, qonuniylikni ta’minlashda yuqori sudlarning o‘rni, xalqaro sud hamkorligi kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglanib, muhokama qilindi.

572
N.ABDURAIMOVA, O‘zA