O‘zA O`zbek

09.08.2018 16:23 Chop etish versiyasi

Ochiqlik odil sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi

Ochiqlik odil sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi
Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sud tizimi tubdan takomillashdi. Fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashning yangi bosqichi boshlandi.

Sud hokimiyatining yagona oliy organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. Uning tarkibida ma’muriy va iqtisodiy sudlar ish boshladi. Sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi. Shuningdek, ushbu sohadagi qonunchilik takomillashdi, jumladan, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar hamda yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘ldi.

Farmonda sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz ekani sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayotgani hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelayotgani qayd etib o‘tildi.

Sudyalarni moddiy ta’minlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obro‘siga, sudyalar mustaqilligi prinsiplariga muvofiq emasligi kasbiy o‘sishni yanada rag‘batlantirishga to‘sqinlik qilib, kadrlar qo‘nimsizligiga olib kelayotganiga e’tibor qaratildi.

Ushbu kamchiliklar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va ochiqligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, keng aholi orasida sudga bo‘lgan ishonchning yetarli darajada yuqori emasligiga sabab bo‘lmoqda. Odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida tizimda tegishli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Endilikda Oliy sud veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sudlarning qaror qabul qilishdagi mas’uliyati va e’tiborini oshirish, qarorlarning qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishini ta’minlashdir. Bunda, albatta, shaxsiy daxlsizlik va shaxsiy ma’lumotlarning oshkor etilmasligi to‘la kafolatlanadi. Xususan, e’lon qilinayotgan sud hujjatida fuqarolarning shaxsiga oid ma’lumotlar o‘zgartiriladi.

Tomonlar oshkor qilishga qarshi bo‘lishi mumkinligi hisobga olinib, ularning roziligini olish talab etiladi. Agar rozilik olinmasa, biroq sud e’lon qilishni zarur deb topsa, qaror sudning veb-saytida shaxsni ko‘rsatmay (protsess ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilmay) joylashtiriladi. Yopiq sud majlislarida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlarini har qanday holatda e’lon qilish taqiqlangan. Eng asosiysi, sud qarorlari markazlashtirilgan tarzda, ya’ni har bir sudning veb-saytida alohida emas, balki Oliy sud saytida e’lon qilinadi.

Qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyati sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishini amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Ma’lumki, sud majlisi yakunlangach, sudya tomonidan sud hujjati (hal qiluv qarori, hukm, qaror, ajrim va hokazo) qabul qilinadi. Uning mazmuni har doim ham taraflar uchun tushunarli bo‘lmay, aholi uchun murakkab bo‘lgan terminlar ishlatilishi mumkin. Shu sababli, sud nima uchun aynan shunday to‘xtamga kelganini, ushbu hujjat sud protsessi ishtirokchilari uchun qanday oqibatlarga olib kelishi, ularning huquq va majburiyatlariga qay darajada ta’sir etishi batafsil tushuntiriladi.

Bu qabul qilingan sud hujjati barcha uchun tushunarli bo‘lishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, sud hujjati mazmun-mohiyatini anglamasdan turib, qayta shikoyat qilinishi kabi holatlarning oldini olishga yordam beradi.

Sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularniig o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ma’lumki, ochiqlik va oshkoralik har qanday hokimiyatga bo‘lgan ishonchning asosiy kafolatidir. Shu sababli, sud hokimiyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, uning xalqqa hisobdorligini kafolatlash maqsadida o‘rta bo‘g‘in (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari, iqtisodiy va ma’muriy sudlar raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan ommaviy axborot vositalari ishtirokida choraklik hisobotni e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yuqori turuvchi sudlar tumanlararo, tuman va shahar sudlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni qayta ko‘ruvchi, agar mavjud bo‘lsa, undagi kamchilik va xatolarni tuzatuvchi tizim hisoblanadi. Shu sababli, yuqori turuvchi sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishlar yuzasidan umumlashtirilgan tahlillarning e’lon qilinishi yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tuzatish, kelgusida ularning oldini olish, amaliyotchi xodimlar uchun sud amaliyoti materiallaridan foydalanish imkonini yaratadi.

Kutilayotgan yana bir o‘zgarish – bu O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligiga ishonchni oshirish maksadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzish rejalashtirilmoqda. Ushbu komissiya keng jamoatchilik bilan faol ish olib borib, sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu kabi o‘zgarishlar sud organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Iroda Qurbonova,
Toshkent viloyati Zangiota tumanlararo
iqtisodiy sudi sudyasi

O‘zA
3 373