Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 16:01 Chop etish versiyasi

«Ochiqlik indeksi»: Davlat soliq qo‘mitasi peshqadam

Toshkentda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining navbatdagi «ochiqlik indeksi» e’lon qilindi. 2017-yilning 1-iyul holatigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan reytingda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 96 ball natija qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda qayd etildi.

Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Fan va texnologiyalar qo‘mitasi reytingning eng quyi pog‘onalaridan joy olgan.

Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan ochiqlik ko‘rsatkichlari tushib ketgan bo‘lsa, Toshkent va Navoiy viloyati hokimliklari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida eng katta o‘sish dinamikasi qayd etilgan.

Navbatdagi «ochiqlik indeksi» monitoring subyektlarining o‘rtacha ko‘rsatkichi 75,5 ballgacha oshganini ko‘rsatdi.

Monitoring doirasida 52 subyekt faoliyati baholangan. Jumladan, 15 vazirlik markaziy apparati, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, 13 davlat qo‘mitasi, 6 agentlik, 3 markaz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda Toshkent shahar hokimligining ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan institutsional faoliyatiga baho berilgan.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash ishlari muntazam amalga oshiriladi. Natijalar har yili ikki marotaba (1-yanvar va 1-iyul holatiga) e’lon qilib boriladi. Joriy yilning 1-yanvar holatigacha bo‘lgan dastlabki reyting natijalari shu yil 14-aprel kuni jamoatchilikka taqdim etilgandi.

Reyting davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tomonidan shakllantiriladi, natijalar www.ochiqlik.uz sayti hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati portaliga joylashtirib boriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga ularning qonuniy huquq va erkinliklariga daxldor axborotlarni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy etish 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Behzod Bozorov, O‘zA
805






Все о погоде - Pogoda.uz