Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 14:43 Chop etish versiyasi

Ochiq muloqot amaliy natija bermoqda

Farg‘ona viloyatining tuman va shaharlarida oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhitni o‘rganish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tomonidan amaliy muloqotlar o‘tkazilmoqda. Har bir xonadonning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishib chiqilmoqda.

Oila – jamiyat butunligi va ahilligini kafolatlovchi qo‘rg‘on, inson hayotiga to‘kislik bag‘ishlovchi maskan, avlodlar davomiyligini ta’minlovchi muqaddas dargoh. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida oila mustahkamligiga, ehtiyojmand oilalar muammolarini hal etishga, ularning turmush farovonligini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhitni o‘rganish maqsadida qator tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bugungi kunda viloyatlarda faoliyat olib bormoqda.

– Aholi bilan muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolar yechimini topish asosiy vazifalarimizdan biridir, – deydi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Tojiyeva. – Shu kunlarda ishchi guruhi a’zolari oilalarga kirib, ularning ijtimoiy-maishiy sharoitlari bilan tanishmoqda, bir qator muammolar joyida hal etilayotir. Hozirga qadar 814 mahalladagi qariyb 76 ming 400 xonadonda suhbat o‘tkazilib, 4 mingdan ziyod muammo aniqlandi.

E’tiborli jihati shundaki, viloyatda tomorqachilik, milliy hunarmandlik, oilaviy biznesni yo‘lga qo‘yib, daromad ko‘rayotgan oilalar soni ko‘payib bormoqda. Bu oila mustahkamligi hamda farovonligiga xizmat qilmoqda.

Oilalar mustahkamligini ta’minlash, mustaqil fikrlaydigan, zamon talabiga javob beradigan avlodni tarbiyalashdek muhim vazifalarni hayotga tatbiq etish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining samarali faoliyatiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida jamiyat poydevori, xalq demokratiyasining o‘ziga xos shakli sifatida mahallalar faoliyatini har tomonlama takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Buning samarasida mahalla tom ma’noda jamiyatda demokratik islohotlarni rivojlantirish, inson manfaatlarini ta’minlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida, jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalash maskaniga aylandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3 fevraldagi "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ayni kunlarda viloyatdagi mingdan ziyod mahallada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Furqat tumani “Ardaxshon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ahror Qobilov chorvachilik bilan shug‘ullanish niyati borligini aytganida, unga “Agrobank” tuman filiali tomonidan shu maqsadda kredit olish tartibi bo‘yicha maslahat berildi. Quva tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.Naziraliyev va O.Mirzayevaning aholiga suyultirilgan gaz balonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi yuzasidan murojaati ijobiy hal qilindi.

Ishchi guruh faoliyati doirasida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, bandlik, ichki yo‘llarni tartibga keltirish masalalari o‘rganilayotgani, tibbiyot sohasini takomillashtirish yuzasidan tadbirlar belgilangani odamlarning dunyoqarashini, hayotga munosabatini o‘zgartirmoqda. Aholi bunday muloqotlardan minnatdor bo‘lmoqda.

Bularning barchasi Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi turmush farovonligini yuksaltirish, oilalar mustahkamligi va jamiyatimiz barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
724






Все о погоде - Pogoda.uz