Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 16:22 Chop etish versiyasi

Obunachilar fikr bildirdi

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Partiya gazetasi – tadbirkorlar nigohida” mavzuidagi amaliy muloqot Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nashri – «XXI asr» ijtimoiy-siyosiy gazetasining faoliyatiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak» mavzuidagi ma’ruzasida partiyalar nashrlari haqida bildirgan tanqidiy-tahliliy fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, «XXI asr» ijtimoiy-siyosiy gazetasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, nashr auditoriyasini kengaytirish maqsadida uni yanada mazmunli va qiziqarli mavzulardagi axborotlar, tahliliy, publitsistik va boshqa yo‘nalishlardagi materiallar bilan boyitish bilan bog‘liq vazifalar muhokama etildi.

– Men O‘zLiDeP a’zosi sifatida partiyamizning ijtimoiy-siyosiy nashridan bugungi hayotimizning dolzarb masalalari haqidagi materiallarni kutaman, – deydi Toshkent shahridagi “Best Business Communications” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Humoyunxon Burhonxo‘jayev. – Ammo ushbu gazeta aksariyat hollarda rasmiy xabarlar berish bilan cheklanib qolmoqda. Fikrimcha, Prezidentimizning tadbirkorlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi yangi farmon va qarorlarining mazmun-mohiyatini kengroq ochib berishga qaratilgan hamda ishbilarmonlarni qiynayotgan muammolar haqidagi tahliliy maqolalar ko‘paysa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

– Tadbirda partiya nashrining mazmun-mohiyati tanqidiy-tahliliy ruhda qayta ko‘rib chiqilib, bu borada taklif va tavsiyalar bildirildi, – deydi gazetaning mas’ul kotibi Asliddin Alimardonov. – Muloqotda tadbirkorlarimiz tomonidan ilgari surilgan fikr va mulohazalar gazetamiz ish faoliyatida katta o‘zgarishlar yasaydi, deb hisoblaymiz. Bugun ular bir talay kamchiliklarimizni ro‘y-rost ko‘rsatib berdi.

Tadbirda gazeta ommabopligini ta’minlash, elektorat muammolarini bartaraf etishda matbuot orqali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ko‘maklashish, parlamentda partiyalararo raqobatni ifodalovchi, fraksiya qat’iy nuqtai nazarini aks ettiruvchi maqolalar chop etishga a’lohida e’tibor berish kerakligi ta’kidlandi. Nashrni yanada boyitish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 292






Все о погоде - Pogoda.uz