O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 13:06 Chop etish versiyasi

Obodonlashtirish sohasida qonuniylik taʼminlanishi zarur

Obodonlashtirish sohasida qonuniylik taʼminlanishi zarur

Xalqimiz saranjom-sarishtalikni, obodlikni doim qadrlagan. Shaharu qishloqlarimizda yangi uylar, ravon yoʻllar barpo etilayotgani yurtdoshlarimizning kayfiyatida, ularning ezgu maqsadlar sari intilishlari kuchayib borayotganida ham namoyon boʻlmoqda.

Obodonlashtirish ishlariga eʼtibor kuchaygani aholiga qulay ekologik muhit yaratilishiga sabab boʻlayotgani ham quvonarli. Chunki bu jarayonda xushmanzara landshaft dizayniga eʼtibor kuchaytirildi.

Barcha sohalarda boʻlganidek, obodonlashtirish tizimining ham qonuniy asoslari mavjud. Sohada qonun talablariga qanday rioya etilayotgani Adliya vazirligi tomonidan oʻrganildi.

Tahlil natijalari obodonlashtirish ishlarining yuqori samaradorligiga erishishda toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.

Aytib oʻtish kerakki, obodonlashtirish ishlari mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar, boshqacha aytganda, soliq toʻlovchilarning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda yer egalari va yerdan foydalanuvchilar tutash hududlarni obodonlashtirishda hech qanday majburiyatga ega emas.

Xorijiy davlatlar tajribasida esa yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga ularning koʻchmas mulklariga tutash hududlarni obodonlashtirish majburiyatini yuklash amaliyoti mavjud. Xususan, Nyu-Yorkda (AQSH) yuridik shaxslar oʻzlarining koʻchmas mulklariga tutash boʻlgan maydonlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishga majbur. Janubiy Koreyada esa qurilish kompaniyalari tomonidan bino, inshootlarni qurishga tegishli hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish sharti bilan ruxsat beriladi.

Obodonlashtirish sohasida moliyalashtirish manbalarining chegaralanganligi malakali mutaxassislarni jalb etishda toʻsqinlik qilmoqda.

Obodonlashtiriladigan hududlarning aniq maydoni belgilanmagani ham sohadagi muammolardan biri. Bu boradagi pasportlarning holati qoniqarsiz ahvolda. Tahlillar haqiqiy obodonlashtiriladigan maydonlar hajmi pasportda qayd qilingan maydonlardan bir necha marotaba katta ekanligini koʻrsatgan.

Ayrim maydonlar, xususan, aholi punktlarining markazlari (xiyobonlar, parklar, markaziy koʻchalar) qisman obodonlashtirish boshqarmalari, davlat organlari, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan obodonlashtirilayotgan boʻlsa, hududlarning qolgan qismi esa qarovsiz holda.

Tumanlar va shaharlarning aholi punktlarida, shuningdek, jamoat joylarida chiqindi qutilarining yetishmovchiligi muammosi mavjud. Chiqindi qutilar uchun talablar, ularni ishlab chiqish, bosqichma-bosqich joylashtirish grafiklari joriy etilmagan. Fuqarolarni tozalikni taʼminlashga chorlaydigan talablar mavjud emas.

Shuningdek, suv obyektlari hamda qirgʻoqboʻyi hududlari ham qoniqarsiz ahvolda. Bu ushbu muammoga koʻproq eʼtibor tortish zarurligini taqozo etadi.

Obodonlashtirish boshqarmalarining ish hajmi mavjud imkoniyatlardan 3-4 marta koʻpligi ish sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Respublika boʻyicha 201 obodonlashtirish boshqarmasi mavjud boʻlib, ularda jami 52 mingdan ziyod shtat birligi bor. Oʻrganish davomida qariyb 1,5 ming ish oʻrni boʻsh ekanligi maʼlum boʻldi.

Respublika obodonlashtirish boshqarmalari balansida jami 4 ming 522 texnika vositasi mavjud boʻlib, ulardan 20 foizi nosoz ahvolda. Qolgan texnika vositalarining koʻpi eskirgan.

Obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarining moddiy taʼminotini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni jamlash imkoniyatini beruvchi byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mavjud emas.

Innovatsion rivojlanish davrida zamonaviy texnika yordamida foydali ish koeffitsiyentini sezilarli darajada oshirib, resurslar iqtisod qilinayotgan bir paytda, obodonlashtirish ishlarining aksariyati hanuz qoʻl mehnati yordamida amalga oshirib kelinmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik elementlarining mavjud emasligi, qoʻshimcha samarali resurslarni jalb etish imkoniyatini cheklaydi. Mazkur sheriklikni alohida talablar asosida joriy etish xususiy sektorning moddiy-texnika va mehnat resurslarini jalb etishga imkon yaratadi. Bu borada tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik oʻrnatish ish sifati oshishiga yordam berishi shubhasiz.

Bu borada obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari xususiy sektorga topshirilgan Janubiy Koreya tajribasi diqqatga sazovor. Mazkur mamlakatda tabiat va bogʻdorchilikni muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan tadbirkorlik subyektlari tanlov asosida shahar landshafti boʻyicha ishlarni mahalliy byudjet mablagʻlaridan moliyalashtirilgan holda amalga oshirish huquqini qoʻlga kiritadi.

Sohada aholining ozodalik va tartibini taʼminlashda qiziqishini oshiradigan samarali jamoatchilik nazorati oʻrnatish muhim. Real vaqt rejimida aholi bilan faol oʻzaro hamkorlik qilishga imkon beruvchi elektron maydoncha yaratilishi bugungi kun talablaridan biridir.

Shahar, viloyat va tuman markazlari, ovul va qishloq aholi punktlarini obodonlashtirish boʻyicha ishlarning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Adliya vazirigi tomonidan “Aholi punktlarini obodonlashtirish boʻyicha ishlarning samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Bu obodonlashtirish sohasida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etishda zarur huquqiy asos boʻladi. Tizimda ishlar samaradorligi ortishi esa xalqimiz turmushi farovonligiga xizmat qiladi.

Matluba Mirzaabdullayeva,
huquqshunos

OʻzA