O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Obodlik, ko‘rkamlik kasb etgan Mingbuloq

Obodlik, ko‘rkamlik kasb etgan Mingbuloq

Navoiy viloyatining eng olis manzili, to‘rtinchi sektor hududi Uchquduq tumanining “Mingbuloq” ovul fuqarolar yig‘inida “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida yangidan qurilgan, mukammal ta’mirlangan va obodonlashtirilgan 7 zamonaviy ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

Tantanali marosimda ovul aholisi, nuroniylar, uzoq-yaqin qo‘shni ovullar, tuman va viloyat markazidan mehmonlar ishtirok etdi.

Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari F.Soliev, Uchquduq tuman hokimi S.Hamroev ovul ahlini yangi, mutlaqo zamonaviy ko‘rinish kasb etgan bino va inshootlar bilan qutladi. So‘nggi yillarda viloyat va tumanda “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining samaralari va ahamiyatini yana bir bor qayd etdi.

Joriy yil aprel oyida boshlangan qurilish obodonlashtirish ishlari “Mingbuloq” ovulini chinakam bunyodkorlik maydoniga aylantirdi. Aholi uylarini mukammal ta’mirlash, yangi turar joy binolari, keng va ravon yo‘llar barpo etish, turli ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, aholiga xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlarini yaratish, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 4- “Qaldirg‘och” maktabgacha ta’lim tashkiloti, ovul fuqarolar yig‘ini binosi, qishloq vrachlik punkti, hammom singari o‘nlab ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Shuningdek, 5 kilometr masofadagi elektr tarmoqlarining 71 ta tayanch ustunlari yangisiga almashtirilib, 3 ta transformator punktlari o‘rnatildi. 5,7 kilometr ichimlik suvi tarmoqlariga yangidan quvurlar yotqizildi. Markaziy ko‘chalarga tungi chiroqlar, estetik zavq beruvchi turli xil yoritish vositalari o‘rnatildi.

“Xotira aziz, qadr abadiy” ezgu tamoyili asosida ramziy yodgorlik lavhasi tiklandi. Unda “Mingbuloq” ovulidan Ikkinchi jahon urushiga otlanib, qirg‘inbarot urush jangohlaridan qaytmagan yosh navqiron 22 nafar yigitning ismi sharifi bitilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholini turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Uchquduq tumani “Mingbuloq” ovuliga ko‘chib kelgan mutaxassislar uchun 3 ta xizmat uyi qurib berildi. Shu kuni pedagog va tibbiyot xodimlari o‘z oilalari bilan shahar markazidan kam bo‘lmagan shart-sharoitlarga ega xizmat uylariga ko‘chib o‘tdi. Bu maqsadlarga qariyb 9 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Bo‘lib o‘tgan tadbir bayramona shukuhi mingbuloqliklarga yanada ko‘tarinki kayfiyat, g‘urur-iftixor bag‘ishladi.

Rayhon QODIROVA,
Uchquduq tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.

527
O‘zA