O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Obod va osoyishta yurtga bayramlar yarashadi

Obod va osoyishta yurtga bayramlar yarashadi

Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani singari Surxondaryo viloyatida ham erta tongdan umumxalq xayriya hashari koʻtarinki kayfiyat bilan boshlandi.

Mustaqilligimizning 28 yillik bayrami oldidan oʻtkazilayotgan ikki kunlik hashar davomida viloyatdagi mahalla va qishloqlarda yirik hajmdagi obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Shu maqsadda mahalla guzarlari, sport maydonchalari, taʼlim, tibbiyot muassasalari, koʻcha va xiyobonlar, maishiy-madaniy obyektlar, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar tozalanib, tartibga keltiriladi.

Hashar doirasida kam taʼminlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yoʻqotgan oilalarning uy-joylarini obodonlashtirishga, yangidan barpo etilayotgan yoki qayta tamirlanayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan inshootlardan qurilish chiqindilarini olib tashlashga ham alohida ahamiyat beriladi.

– Ulugʻ ayyomlar arafasida uy-joylar va koʻcha-kuyni tartibga keltirib, obodonlashtirish, yordamga muhtoj insonlarga koʻmak berish xalqimizga xos yaxshi fazilat, – deydi Denov tumani Hayrabod qoʻrgʻonida yashovchi mehnat faxriysi A.Eshonqulov. – Ulugʻ ajdodlarimiz qadimdan eʼzozlab kelgan bunday qadriyatlarimiz mustaqillik yillari yanada keng namoyon boʻlmoqda. Bugun erta tongdan biz, keksalar hasharning mazmun-mohiyatini yoshlarga chuqur tushuntirish barobarida tevarak-atrofni tartibga keltirishda faol ishtirok etmoqdamiz. Albatta, bayramni saranjom-sarishtali uyda, obod va osoyishta yurtda yorugʻ yuz bilan kutib olishning fayzi oʻzgacha, gashti boʻlakcha boʻladi.

Viloyatda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan bayramona ruhda davom etmoqda.

635
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA